Oʻzbek erkaklari oʻz soʻzlarini aytishdi

Yoshlar Image copyright rustam shagaev

Yangi tadqiqot natijalaridan maʼlum boʻlishicha, bugun oʻzbek erkaklarining 77 foizi oilada farzandlar sonini rejalashtirish kerak, degan fikrda.

Tadqiqot mualliflariga tayanilsa, aksariyat ishtirokchi erkaklar oilani rejalashtirishning qanchalik muhim ekanini anglab yetishadi.

"Gazeta.uz" nashrining xabar berishicha, yangi tadqiqotga Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti bosh-qosh boʻlgan.

Soʻrov oʻtgan yil oxirida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik fondining texnik koʻmagi bilan oʻtkazilgan.

Ayon boʻlishicha, yangi ijtimoiy tadqiqot erkaklarning reproduktiv salomatlikni mustahkamlashdagi roliga bagʻishlangan.

Tadqiqot jarayonida 400 nafar erkakning ayni mavzu bilan aloqador fikrlari oʻrganilgan.

Agar, soʻrov natijalariga tayanilsa, oilada farzandlar sonini rejalashtirish haqida soʻz ketganda, shahar va qishloq misolida erkaklarning qarashlarida jiddiygina farq kuzatilgan.

Deylik, shahar joylarida 13 foiz erkak buning hech bir hojati yoʻq, degan fikrda boʻlsa, qishloq hududlarida bu kabi xulosada boʻlganlarining soni qariyb 19 foizni tashkil etgan.

Image copyright Getty Images

Ishtirokchi erkaklarning ayol kishi necha yoshda farzand koʻrgani maʼqulligi borasidagi fikrlari ham oʻziga xos boʻlib chiqqan.

Aksariyat oʻzbek erkaklari (77 foiz) nazdlarida buning uchun eng optimal yosh 21 dan boshlanib, 31 da tugarkan.

Xuddi shu oʻrinda tadqiqotchilarning alohida taʼkidlashlaricha, ularning bu qarashlari olimlarning zamonaviy izlanishlari natijalariga mos tushadi.

Ayollar 17 yoshdan 20 yoshgacha boʻlgan vaqt oraligʻida farzandli boʻlganlari maʼqul, deguvchi oʻzbek erkaklarining soni esa, bugungi kunda 15.5 foizni tashkil etarkan.

Tadqiqot jarayonida erkaklarning oilani rejalashtirish masalasida tutgan oʻrinlari va yoki taʼsirlarini ham nazarda tutib, ulardan ham ona va ham bola salomatligi nazarda tutilganda, farzandlar oʻrtasidagi farq necha yil boʻlgani maʼqul, degan savol ham soʻralgan.

Soʻrov ishtirokchilari yarmidan koʻprogʻi nazdida, bu farqning 3 yil boʻlgani tuzuk.

16 foizdan sal ortiqrogʻi fikricha, toʻrt yil yoki undan ortiqroq tanaffus qilgan maʼqul.

Farzandni har ikki yilda koʻrgan yaxshi, deguvchilarining soni esa, 20 foizdan biroz koʻproq boʻlib chiqqan.

Ikkinchi bolani bir yildan keyin koʻrgan tuzuk, degan qarashda boʻlganlarining miqdori esa, besh foizga yetib-etmagan.

Ammo maʼlumoti qancha yuqori boʻlsa, farzandlar oʻrtasidagi farq kattaroq boʻlgani maʼqul, degan fikrda boʻlgan erkaklarning soni koʻp boʻlgan.

Xabarlarga koʻra, yangi tadqiqot natijalarini tahlil etib boʻlish ortidan, mutaxassislar yoshlarni reproduktiv salomatlik asoslaridan ogoh etishga qaratilgan axborot kampaniyalarini ishlab chiqishni tavsiya etishgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring