Turkiya "ishga kirishdi"

Prezident Erdoʻgʻan Image copyright AFP

Turkiya Gollandiya hukumatiga "javob berdi": golland elchisining poytaxt Anqaraga qaytishini maʼn etdi, Gollandiya bilan oliy darajadagi siyosiy muzokaralarini toʻxtatib qoʻydi.

Bundan sal avval Gollandiya hukumati turk vazirini ortga qaytarib yuborgan, uning kelasi oyga rejalangan referendum arafasida oʻz mamlakati hududida kampaniya olib borishiga izn bermagandi.

Turkiyada 16 aprel kuniga rejalangan referendum prezident vakolatini kengaytirishni koʻzda tutadi.

Ovroʻpoda katta sondagi turklar istiqomat qilishadi, Turkiya hukumati esa, oʻz vazirlari ishtirokidagi mitinglar bilan ularning yoqlovchi ovozlarini qoʻlga kiritmoqchi.

Rasmiy Anqaraning bu rejasi kecha dushanba kuni Ovroʻpo Ittifoqining qator yuqori martabali mulozimlari tomonidan tanqidga tutilgan.

Bungacha turk hukumatining rejasi Germaniya, Avstriya va Shveytsariyada ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Buning ortidan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻan Gollandiya va Germaniyani "natsizm"da ayblab chiqqan.

Ham Turkiya va ham Gollandiya Natoga aʼzo davlatlar sanalishadi.

Image copyright Reuters

Voqealarning soʻnggi rivoji manzarasida bu ikki davlat oʻrtasida misli koʻrilmagan "diplomatik inqiroz" vujudga kelgan.

Germaniya kantsleri Angela Merkel esa, Gollandiya bilan "birdam" ekanliklarini aytib chiqqan. Ularni "toʻliq qoʻllab-quvvatlashlari"ni bildirgan.

Dushanba kuni Gollandiya Tashqi ishlar vazirligi yangi "diplomatik tanglik"ni nazarda tutib, yangi ogohlik bilan chiqqan.

Turkiya fuqarolarini Gollandiyaga safar qilarkan, ehtiyot boʻlishga chaqirgan.

Gollandiyaliklarning oʻzlari esa, chorshanba kuni parlament saylovlarida ovoz berishadi.

Saylovlar Gollandiyada muhojirlik va islomiy radikalizm bilan bogʻliq xavotirlar kuchayib borayotgan bir manzarada boʻlib oʻtadi.

Golland Bosh vazirining bayon qilishicha, parlament saylovlari arafasida xavfsizlik bilan bogʻliq xavotirlari ozmuncha emas.

Unga koʻra, shu bois ham, Turkiya hukumatining Gollandiyada oʻtkazmoqchi boʻlgan mitinglariga izn berishmagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring