Rossiya pasportini olish osonlashishi mumkin

Rossiya pasporti Image copyright AFP

Xabarlarga koʻra, agar, yangi qonun loyihasi maʼqullansa, bundan buyogʻiga Rossiya pasportini nafaqat qon va qarindoshlik, balki-da, "zaminiy" asosda ham olish mumkin boʻladi.

Rossiya pasportini berishda rus tilida bemalol soʻzlasha olishingizdan tashqari, siz va yaqinlaringizning sobiq Shoʻrolar Ittifoqi va Chor Rossiyasi hududiga aloqadorligingiz ham alohida inobatga olinadi.

Bu haqda Rossiyaning "Sputnik" nashri Davlat Dumasi Millatlar ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi muovini Ruslan Balbekka tayanib, xabar bergan.

Bu xususdagi yangi qonun loyihasi shu yil fevral oyida Dumada qayddan oʻtgan.

Millatlar ishlari boʻyicha qoʻmita ham allaqachon unga oʻzining ijobiy bahosini bergan.

Yangi qonun loyihasi mualliflari esa, Rossiya Davlat Dumasi deputatlari Konstantin Zatulin va Natalьya Poklonskayalar sanalishadi.

"Zaminiy huquq" - yuridik termin boʻlib, irqiy, milliy va zaboniy mansubligidan qatʼinazar, insonlarning oʻzlari hududida tugʻilgan davlat fuqaroligini olish huquqini koʻzda tutadi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oʻtgan yil oxirida ushbu masalaga yana bir bor eʼtibor qaratgan, Rossiya fuqaroligini olish, ayniqsa, sobiq Shoʻro davlatlari fuqarolari uchun imkon qadar qogʻozbozlikdan xoli boʻlishi kerakligini taʼkidlagandi.

Prezident Putin oʻz chiqishida hukumatning diqqatini ayni jarayonga bir emas, necha qayta qaratganini aytgan.

Ammo bunga erishish oson emasligi, eng asosiysi, bu masalada xavfsizlik oʻta muhim rol oʻynashini unutmaslik kerakligini bayon qilgandi.

Rossiya fuqaroligi va migrantlar

Taxminiy raqamlarda Rossiyada mehnat qilayotgan markaziy osiyolik muhojirlarning soni 4.5 milliondan 6 milliongacha ekani va ulardan aksariyatining oʻzbekistonliklar ekani aytiladi.

Soʻnggi xabar manzarasida Moskvadan faol Bahrom Hamroyevning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, ularning orasida ham Rossiya fuqaroligini olish istagida boʻlganlarini oz, deb boʻlmaydi.

Unga koʻra, Rossiyada mehnat qilayotgan jaʼmi mehnat muhojirlari bilan qiyoslanganda, oʻzbekistonliklar eng koʻp maʼmuriy-qogʻozbozlik hollariga toʻqnash kelishadi.

Agar, suhbatdoshimizning kuzatuvlariga tayanilsa, xuddi shu bois ham, yaʼni oʻzlari Rossiyada toʻqnash kelib turgan bu kabi muammolarni yengillatish uchun bugun har oʻn oʻzbekistonlik mehnat muhojiridan kamida 2-3 nafari aniq ularning pasportini olish istagida.

Yaʼni, ular fuqaroligini olib, butunlay Rossiyada qolishni istashadi.

"Yana toʻrt-besh nafari esa, oʻzlarini ijtimoiy jihatdan himoya qilish, ish topish, huquq-tartibot xodimlarining bosimlaridan yiroqroq turish uchun muayyan muddatga boʻlsa-da, Rossiya pasportini olishga hozir". Yaʼni fuqaroligini olmoqchi boʻlishsa-da, umrbod Rossiyada yashash istagida emas.

Bundan tashqari, Rossiya fuqaroligini olishlari migrantlar toʻqnash kelib turgan eng asosiy muammo - tibbiy sugʻurta masalasining ham osonlik bilan yechim topishiga koʻmak beradi, deydi Bahrom Hamroyev.

Ammo, faol suhbatdoshimizga koʻra, hatto, shunda ham, oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarini yangi qonun loyihasi borasida juda xushbin, deb boʻlmaydi.

Bahrom Hamroyevga koʻra, ular migrantlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan va yillarki amalda boʻlgan mavjud qonunlarning amalda qanchalik ish berayotganiga qarab, yangisi haqida ham allaqachon xulosa chiqarishgan-qoʻyishgan.

"Rossiya fuqaroligini olishni osonlashtirishi" mumkinligi aytilayotgan esa-da, ijrosiga kelganda, jarayon "eski tos, eski hammom"dan deyarli farq qilmaydi, degan bir toʻxtamga kelib boʻlishgan.

Rossiya va qoʻshfuqarolik

Agar, imkonli boʻlgan maʼlumotlarga tayanilsa, Rossiyada qoʻshfuqarolik tan olinadi.

Ammo buning uchun siz fuqarosi boʻlgan davlat bilan Rossiya oʻrtasida bu xususdagi kelishuvning amalda boʻlishi shart koʻriladi.

Ayon boʻlishicha, joriy paytda Rossiya faqat Turkmaniston va Tojikiston bilan bu kabi bitimga ega.

Agar, bundan boshqa davlat fuqarosi boʻlsangiz, pasportini olgach, Rossiya sizni faqat oʻz vatandoshi sifatidagina tan oladi, xolos.

Yaqinda turli internet nashrlarida paydo boʻlgan xabarlarga tayanib xulosa qilinadigan boʻlsa, joriy paytda aynan "tibbiy sugʻurta" muammosi sabab, 60 foizga yaqin tojikistonlik mehnat muhojiri Rossiya fuqaroligini olishni istashadi.

Xuddi shu omil bois, Rossiya pasportiga koʻz tikayotgan qirgʻizistonlik migrantlar sonining ham oz emasligi aytiladi.

Oʻzbekiston va qoʻshfuqarolik

Oʻtgan yil oxirida "Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida"gi 1992 yilda qabul qilingan qonunga 23 sentyabrda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.

Oʻsha paytda Oʻzbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev imzolagan oʻzgartirishlarga koʻra, "agar shaxs chet davlatning fuqaroligini olgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotishi mumkin" deb yozilgan.

"Chet davlatning fuqaroligini qabul qilgan shaxs ushbu fakt haqida oʻttiz kun ichida Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlar idoralariga yoki chet eldagi konsullik muassasalariga xabar berishi shart", degan jumla ham kiritilgan.

Bu qonunga doir yangi oʻzgartirishlar eʼlon etilishi bilan turli talqin, faraz va xavotirlarga turtki bergan.

Hozirda oʻz vataniga aynan fuqarolik, OVIR va pasport masalalari bilan vataniga qaytolmagan millionlab oʻzbekistonliklar borligi taxmin qilinadi.

Ammo ayni shu xabar manzarasida oʻzbekistonlik ayrim diplomatlar Gʻarb nashrlari bilan suhbatda, "biror bir xorijiy davlatnikini olish - Oʻzbekiston fuqaroligidan avtomatik ravishda mahrum boʻlishni anglatmasligi"ga oid fikrlarni ham izhor etishgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring