"Xizmatlar narxi goʻsht qiymatida belgilansin"

Dollar narxi kun sayin oshmoqda Image copyright cisnews.net

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soʻm narxining kun sayin qadrsizlanishiga shunday munosabat bildirishmoqda. 14 mart kuni 1 dollar 7850 soʻmga chiqqan. Oʻzbekistonda xizmat va aksar tovarlar dollar narxida baholanishi ortidan aholi aziyat chekayotgani aytilmoqda. Ayrimlar soʻmdan butunlay voz kechib iqtisodni dollarda yuritish taklifini ham bergan.

Oʻzbek soʻmi qadrsizlanishda davom etmoqda. Dollar oshishi bilan narx-navolar ham koʻtarilmoqda. Ayrim tovarlarga baholarning soat sayin koʻtarilayotganini kuzatish mumkin.

"Tushgacha 300 soʻm deyilgan narsa, tushdan soʻng 350 ming soʻm turibdi", - deb yozgan Toshkentda istiqomat qiluvchi fuqaro.

"Oziq-ovqatning koʻp turlari chet-eldan olib kiriladi. Mana shularning narxi koʻtariladi. Qozogʻistondan keltirilayotgan unning narxi 3,000 dan 3,800 soʻmga koʻtarilishini bunga misol qilib koʻrsatsa boʻladi".

Dollar narxining bir hafta mobaynida tinmasdan oshishi va 7 mingdan 8000 lik dovonga shiddat bilan yaqinlashishi oʻzbekistonliklarni umidsizlikka tushirgan. Ayrimlar shu bugungacha dollarning qaytib 7000 soʻm boʻlishiga umid qilib turganini, endi esa ishonch yoʻqolganini yozgan.

Dollar narxining koʻtarilishidan kichik tadbirkorlar boshqalarga qaraganda koʻproq zarar koʻrayotganini va bu bizneslarning tugatilishiga olib borishi mumkinligi aytilgan.

"Oʻz bizneslarini shu oʻlgurni ustiga qurganlar, bardam boʻlinglar!!! Nimadir qilish kerak, aralashmasa umuman ilojisi yoʻq. Kichik biznes qulayapdi", - deya yuzlanadi Twitter foydalanuvchilardan biri.

Soʻmning qadrsizlanishi kundalik hayotga qanday taʼsir qilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda misollar bilan kelgan. Ayniqsa, bu borada Toshkent shahrida ijara haqqini dollarda toʻlayotgan fuqarolar qiyin ahvolga tushib qolgan. Muammodan chiqish uchun har kim oʻz bilganicha harakat qilmoqda.

"Studentlar bitta kvartirada 12 kishi turibdi. Dollar oshganiga yana bitta odam olamiz deyishmoqda".

Twitter foydalanuvchisi soʻmning qadrsizlanishiga chora sifatida xizmatlar va tovarlar narxini goʻsht qiymatiga qarab belgilashni taklif qiladi.

"Bu kabi ijara borasida biz dollarni emas qoʻy goʻshtini etalon qilib olishimiz kerak. 30 kg qoʻy goʻshti bir xonali uyning ijara haqi".

Ushbu fikrga izoh qoldirgan boshqa foydalanuvchilar viloyatlarda bu tajriba allaqachon yoʻlga qoʻyilganini aytishgan. Bir qoraqolpogʻistonlikning aytishicha, toʻyonalar goʻshtga hisoblanib beriladi.

"Bizda toʻyonalar goʻshtga xisoblab beriladi, toʻyona yozilgan daftarga real vaqtdagi goʻshtning narxini yozib qoʻyasan. Masalan: qoʻshnining toʻyiga 2 kg goʻshtni puli qarindoshnikiga 3 kgni puli va xakazo. Hammasining oʻz stavkasi bor", - deydi u.

"Soʻmdan voz kechaylik"

Blogger Sanjar Said mutasaddilar oʻzbek soʻmi qadrini ushlab turishni eplay olishmasa kuchliroq valyutaga oʻtish taklifini berib blogpost yozgan.

U dollar narxining oshib borishi munosabati bilan Oʻzbekistonda rasmiylarning chiqib tushuntirish bermayotganini savol ostiga olgan.

"Biror mard iqtisodchi chiqib nima uchun dunyoda dollar narxi pastlayotgan paytda Oʻzbekistonda uning qimmatlab borayotgani, buning ortida kimning yoki kimlarning manfaati yotganiyu yaqin va uzoq istiqbolda bizni nimalar kutayotgani, qora xalq yana nimalarga tayyor turishi kerakligi, lozim boʻlsa dollar narxining koʻtarilishi biz uchun yaxshi boʻlishi haqida umid beradigan biror soʻz aytmayapti. Rasmiylar esa har doimgidek beparvo, goʻyoki bizda qora bozor yoʻqdek", - deydi Sanjar Said.

Blogger Oʻzbekistonda dollar bilan hisob-kitob qilinuvchi tovar va xizmatlar narxiga cheklovlar joriy etilmasligi haqida soʻragan.

"Axir oddiy xalq soʻmda daromad koʻrsa, oylik-maoshlar dollarga oʻxshab har kuni yoki har hafta oshayotgani yoʻq-ku", - deydi u.

Sanjar Said agar vaziyat oʻzgarmasa, hamma narsa dollarga qarab baholanaversa soʻm nima uchun kerakligini aytadi.

"Agar mutaxassislarimiz valyutani epaqaga keltirishni eplay olmayotgan boʻlsa yaxshisi boshqa biror kuchliroq xorij valyutasiga oʻtib qoʻyaqolaylik", - deya taklif beradi u.

Bloggerning fikrini ijtimoiy tarmoqdagi iqtisodchilar maʼqullashgan. Ulardan birining aytishicha, Oʻzbekiston iqtisodi shu darajada dollarlashganki, bu borada oʻylab koʻrish kerak.

"Voz kechish masalasida fikrida asos yoʻq emas, ekonomikamiz shu darajada dollarlashganki bu haqda oʻylab koʻrish kerak Zimbabve, masalan, milliy valyutasidan voz kechib, ichki toʻlovlarda toʻliq dollarga oʻtibgina vaziyatni barqarorlashtira oldi. Yana qaytaraman, chuqur, erkin qulash darajasida tashlash kerak yakorni. Boshqa chora endi befoyda", - deydi u.

Konvertatsiyani erkinlashtirish sari ogʻir qadamlar

Oʻzbekiston hukumati 2016 yilning yilning noyabr oyida valyuta sohasini erkinlashtirish toʻgʻrisida qonun loyihasini muhokamaga qoʻydi. 14 dekabrgacha takliflar uchun ochiq boʻlgan qonun loyihasidan Oʻzbekistonda valyuta ayirboshlashni erkinlashtirish roʻy berishini anglash mumkin.

Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish harakatlar strategiyasida ham valyuta borasida alohida toʻxtalib oʻtilgan va erkin konvertatsiya haqida yozilgan.

"Erkin konvertatsiyani taʼminlovchi valyutaga oid munosabatlarni tartibga solish, milliy valyuta kursini shakllantirishda zamonaviy bozor mexanizmlarni joriy etish", - deyiladi farmon loyihasida.

Ayni paytda Oʻzbekiston Ishlab chiqaruvchilar va Tadbirkorlar Palatasi rahbari Alisher Shayxov mamlakatda valyuta islohotiga tayyorgarliklar ketayotganini aytgan.

Uning Sputnik agentligi muxbiriga aytishicha, hozirda bozor kursiga "qanday oʻtish masalasi" muhokama qilinmoqda.

"Albatta, bu maʼlum vaqtni talab qiladi, barcha risklarni hisobga olish kerak", - degan mulozim.

Mutaxassislar Oʻzbekistonda konvertatsiyani erkinlashtirish ogʻriqli boʻlishi mumkinligini aytib kelishadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq