"Har uchta nemisdan ikkitasi Oʻzbekiston haqida eshitgan"

Samarqand Image copyright COURTESY

Germaniyadan oʻzbekistonlik suhbatdoshimizning bu soʻzlari har ikki davlat oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga chorak asr toʻlgan bir manzarada yangradi.

"Bu 15 yillar muqaddam juda kamdan-kam uchraydigan holat edi. Mana, shu hozir hayron qoldiradigan narsa - qayerda bir suhbatga bosh suqib qolmang, shu uchta suhbatdoshingizdan ikkitasi Oʻzbekiston haqida eshitgan, qiziqqan boʻladi", - deydi Hulkar Norqobilova.

Uning aytishicha, mahalliy aholi qolib, arab boʻladimi yoki italьyan, Germaniyada oʻzi tanigan-bilgan xorijliklarning ham Oʻzbekistonga qiziqishlari kuchli.

Qadimiy shaharlari, siyosati, serquyosh ob-havosi, joʻgʻrofiy joylashuvi, taomlari haqida juda qiziqishadi, deydi oʻz taassurotlari va kuzatuvlariga tayanib bu suhbatdoshimiz.

"Somsa va palov hozir Germaniyada judayam bir ommalashib ketayapti. Kim yesa, kimni mehmon qilsak, albatta, nihoyatda hayratda qolishgan. Baʼzi bir koʻrgazmalar chogʻida oʻzbekistonlik talabalar somsa pishirib, tarqatishgandi, hammaga maʼqul keldi", - deya oʻz soʻzlarida davom etadi u.

Suhbatdoshimizning aytishicha, farzandi tahsil oladigan maktabda uyushtirilgan xayriya tadbirida ham ota-onalar tomonidan tayyorlab kelingan barcha taomdan eng avval qoʻlma-qoʻl boʻlib ketgani - oʻzi pishirib borgan oʻzbekcha somsa boʻlgan.

"Hamma tadbir ishtirokchilariga yoqqan, hamma maqtagan taom shu - somsamiz boʻldi".

Soʻnggi yillarga kelib Berlin, Gamburg doxil Germaniyaning qator yirik shaharlarida oʻzbek restoranlari ham ochila boshlangan.

Image copyright stalic.livejournal

Hulkarning soʻzlaridan ayon boʻlishicha, shu paytgacha asosan oʻrta yoshlilar va qariyalarning Oʻzbekistonga qiziqishlari kuchli boʻlsa, hozir nemis yoshlari orasida ham bu kabi kayfiyatni kuzatish mumkin. Aholining asosan oʻqimishli, ziyoli qatlami, deydi u.

Ammo, suhbatdoshimizga koʻra, oxirgi paytlarda Euronews televizion kanali orqali Oʻzbekistonning sayyohlik potentsiali haqida ustma-ust olib uzatilayotgan reklamalarning ham taʼsiri katta boʻlgani seziladi, bugun Germaniyadagi oddiy bir ishchi bilan gaplashsangiz ham, Oʻzbekiston haqida eshitgan boʻladi, deydi Hulkar.

"Shu beshta suhbatdoshingizdan ikkitasi, albatta, vaqti kelib, Oʻzbekistonga borish istagida...".

"Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Toshkent - Toshkent ham hozir mana shu qatorga kirgan poytaxt sifatida, ularni koʻproq qiziqtiradi".

Xuddi shu oʻrinda oʻzbekistonlik suhbatdoshimizning aytishicha, Oʻzbekistonning (30 kundan ziyod boʻlmagan muddatga sayyohlik maqsadida) Germaniya doxil 15 mamlakat sayyohlari hamda 12 mamlakatning 55 yoshdan oshgan sayyohlari uchun viza tartibini bekor qilish rejasida ekaniga oid xabarlar ham nemis xalqini befarq qoldirmagan.

Oʻz navbatida, hozir Germaniyaning oʻzbekistonliklar kirib bormagan biror bir shahri qolmagan va ulardan aksariyati tahsil olish maqsadida kelgan yoshlardan iborat, - deydi u.

Hulkarning oʻz kuzatuvlariga tayanib aytishicha, ularning sonlari judayam koʻp va asosan informatika, iqtisod, til, zamonaviy texnologiyalar yoʻnalishida tahsil olishadi.

Tahsillarini tugatgach esa, ish topib, oʻz karьeralarini yoʻlga qoʻyib olishlari uchun yana qoʻshimcha bir yilga Germaniyada qolishlariga ham izn beriladi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Germaniyada tahsil olish uchun juda katta shart-sharoit bor va deyarli har bir shaharu shaharchasida kamida bitta oliy oʻquv yurti bor.

Shu kunlarda Oʻzbekistonning sayyohlik potentsiali Berlinda boʻlib oʻtgan "ITB Berlin - 2017" xalqaro turizm koʻrgazmasida namoyish etilgan.

"ITB Berlin - 2017" - dunyodagi eng yirik xalqaro sayyohlik koʻrgazmalaridan biri sanaladi.

Image copyright COURTESY

Agar, xabarlarga tayanilsa, bu yilgi koʻrgazmaga tashrif buyurganlarning soni 200 ming kishidan ortgan

Oʻzbekiston hayʼati oʻzining milliy kuy-qoʻshiqlari, rang-barang raqslari, sarxil mevalari va oʻzbekona taomlari bilan ishtirokchilar diqqatini oʻziga tortgan.

Suhbatdoshimiz esa, oʻz oʻrnida, nemis tanish-bilishlariga qanchalik yoqqanidan kelib chiqib, Oʻzbekistonning hoʻl va quruq mevalari ham, vaqti kelib, Germaniya bozoridan oʻz oʻrnini topishi mumkinligiga ishonishini aytadi.

Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 25 yilligi munosabati bilan har ikki davlat rahbarlari tomonidan yoʻllangan tabrik maktublari esa, "oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish"ga oid tilaklar bilan yakunlangan.

Olmon shirkatlari Oʻzbekiston bilan bir necha yillardan beri savdo aloqalarini davom etdirib keladi.

2015 yil boshida Oʻzbek va Olmon shirkatlari Berlindagi uchrashuvlar chogʻida 2,8 milliard dollarga teng sarmoya, qarz va oʻzaro savdoga doir shartnoma imzolaganiga oid xabarlar olingan.

Oʻzbekiston bilan Germaniyaning yaqinlashishi 2001 yil AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning Afgʻonistonga nisbatan harbiy amaliyotlar boshlagan paytga toʻgʻri keladi.

Germaniya aynan Afgʻonistondagi aksilterror amaliyotlari bois foydalanib kelgan Termiz aeroportidagi Olmon harbiylarini dastaklash markazi faqat 2015 yilga kelib yopilgan.

Inson huquqlari faollari, qator halqaro tashkilotlar esa, 2005 yil Andijon voqealaridan keyin Ovroʻpo Ittifoqining Oʻzbekistonga jazo choralari kiritganini pisand qilmadi, deya Berlinni orada bir necha bor tanqid ham qilishgan edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring