Rossiya oʻz pasporti bilan imperiyani tiklamoqchimi?

Suratda: Vladimir Putin va Gollivud aktyori Stiven Sigal Image copyright vesti.ru
Image caption Putinning Rossiya pasporti taqdimotlariga siyosiy tus berilgan (Suratda: Vladimir Putin va Gollivud aktyori Stiven Sigal)

Rossiya parlamentiga SSSRda tugʻilgan har qanday shaxsga irqi, millati va tilidan qatʼinazar Rossiya fuqaroligini berish boʻyicha qonun loyihasining kiritilgani koʻplab oʻzbekistonliklar orasida qiziqish uygʻotdi.

Xabarlarda aytilishicha, "zamin huquqi"ga koʻra, "sobiq SSSR va Rossiya imperiyasi" hududida tugʻilgan shaxslar uchun Rossiya fuqaroligini olish osonlashtiriladi. Yaʼni bu bilan sobiq SSSR tarkibidagi barcha respublikalar, xususan Oʻzbekiston fuqarolari ham koʻzda tutilgan.

Ammo, qonun loyihasini oʻrgangan Markaziy Osiyo boʻyicha moskvalik mutaxassis Sergey Abashinning BBCga aytishicha, loyihani matbuot notoʻgʻri talqin qilgan va gap aslida faqat ajdodlari Rossiya Federatsiyasi hududida tugʻilgan shasxlar haqida ketyapti.

"Bu qonun loyihasidan Markaziy Osiyo, Qofqoz, Boltiqboʻyi, Moldova va boshqa respublikalar istisno qilinadi, chunki ularning fuqarolari ota-bobolari Rossiya hududida istiqomat qilmaganlar. Bu yerda tushunmovchilik yuz bergan", - deydi u.

"Ishoning, Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarga boʻlgan munosabatni koʻrib turibsiz, hech kim Markaziy Osiyo yo qofqozlik muhojirlarga bunday chorani taklif qilmaydi", - deya qoʻshimcha qiladi u.

Moskvada faoliyat yurituvchi oʻzbekistonlik huquqshunos Bahrom Ismoilovning BBCga aytishicha, yangi qonun loyihasi Rossiya pasportini olish yoʻlida mavjud boʻlgan qonunni osonlashtirishga intilyapti, xolos.

"Qonun agar qabul qilinsa, Rossiya fuqaroligini olishni istagan, masalan, Oʻzbekiston fuqarolari endilikda Oʻzbekiston fuqaroligidan chiqqanligini isbotlashi kerak boʻlmaydi. Rus tili boʻyicha imtihon topshirgan shaxslarga baʼzi hollarda turli sabablarga koʻra Oʻzbekiston fuqaroligidan chiqa olmasligi yoki Oʻzbekiston fuqaroligidan chiqarilganligi haqida spravka berilmasdi. Koʻp MDH, xususan Oʻzbekiston fuqarolarining Rossiya pasportini olish harakatlari ana shu bosqichda toʻxtab qolardi, chunki Rossiya tarafi bu spravkani talab qilib kelgan. Endi esa Rossiya fuqaroligini olish uchun uchinchi bir davlatning roziligi talab qilinmaydi", - deydi Ismoilov.

Imperialistik siyosat

Qonun loyihasida "imperiya" soʻzining qoʻllanishi ham baʼzi tahlilchilarni taajjubda qoldirdi.

Aslida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2014 yil mayida kuchga kirgan farmonida bu terminni allaqachon qoʻllagan. Undan avvalroq ham, siyosiy tortishuvlar manzarasida Rossiya qoʻshni Gruziya tarkibidagi boʻlginchi respublikalarning minglab fuqarolarini pasport bilan taʼminlagan.

Ayni qadam Rossiya tanqidchilari tomonidan eski imperialistik hukmronlikni qayta tiklash rejasining bir qismi deya baholangandi.

"Istagan odam uni (pasportni) olishi mumkin, va bu qadam Rossiya imperiyasini qayta tiklash yoʻlida qilingan. Bu formulaga binoan, bir kunning oʻzida hamma Rossiya fuqarolari boʻlib qolishi mumkin, va na Sovet Ittifoqi yo boshqa narsaga hojat qoladi", - deb aytgandi siyosatshunos va Qofqoz masalalari boʻyicha ekspert Mamuka Areshidze.

Putin maʼmuriyatining Gruziya va Ukraina bilan urushi, Qrimning qoʻshib olinishi va boshqa sobiq sovet oʻlkalaridagi milliy manfaatlari tobora koʻp tilga olinayotgan davrda, imperialistik hissiyotlarning junbushga keltirilishi xavotirlimi?

Bahrom Ismoilov bu faqat Rossiyaga xos siyosat emasligini aytadi.

"Masalan, Buyuk Britaniyani oladigan boʻlsangiz, men Londonda boʻla turib sobiq mustamlaka mamlakatlari, xususan kelib chiqishi Hindiston va Bangladeshdan boʻlgan koʻplab Britaniya fuqarolarini koʻrganman. Ular Britaniya imperiyasining mustamlakalari boʻlgan. Ularga britan pasportini berishni imperialistik harakat deb baholab boʻladimi?"

BBC: Ular migratsiya asosida Britaniyaga kelib joylashganlar va muayyan muddat yashagach pasport olishga muvaffaq boʻlishgan.

"Unda Folklend orollaridagi odamlarga nega britan pasportlari berilgan?"

BBC: Chunki u orollar qonunan Britaniyaga tegishli. Va, albatta, siyosiy sabablar ham bor, chunki Argentina bilan mojaro mavjud.

"Bu ham balki shunga oʻxshash vaziyatdir. Bu sayyoramizda aftidan boshqa yangi narsa yoʻq, balki bu yerda ham shunga oʻxshash qarashlardan kelib chiqilgan", - deydi huquqshunos.

Sergey Abashin esa qonun loyihasidagi Rossiya imperiyasi degan iboraning mafkuraviy qiymatini kamaytirishga urinadi. Uning fikrida, bu yerda oddiy amaliy usul qoʻllangan.

"Rossiya imperiyasining koʻpgina yashovchilari, jumladan zodagonlar, inqilob vaqtida yo inqilobdan keyin Yevropa va boshqa joylarga koʻchib ketganlar. Ana oʻsha odamlar Rossiya fuqaroligini ola olishlari uchun "Rossiya imperiyasi" iborasi qoʻllangan. 1917 yildan keyin yuz minglab, millionlab odamlar Avstraliya, Amerika va Yevropaga bosh olib ketganlar. Rossiya imperiyasi ularning avlodlari uchun eslatilyapti", - deydi Abashin.

Ikki fuqarolik

Ayni damda yangi qonun loyihasi ikki fuqarolik kabi mujmal masalani qanchalar osonlashtirishini vaqt koʻrsatadi, chunki hozirgi qonunchilikka koʻra, agar oʻzaro ikki-tomonlama kelishuv boʻlmasa, Rossiya fuqaroligini olgan shaxs boshqa davlat fuqaroligidan voz kechishi kerak.

Oʻzbekiston ikki fuqarolikni tan olmaydi, lekin tan olmasligi ikkinchi fuqarolik man qilinganini anglatmaydi.

Oʻzga davlat fuqaroligini olgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish Oʻzbekiston qonunchiligida koʻrsatilmagan, faqatgina Oʻzbekiston fuqaroligidan chiqish tartibini bajarmaganlik uchun javobgarlik koʻzda tutilgan.

Ismoilovga koʻra, Oʻzbekistonda bu tartibni erkinlashtirish rejalangan, chunki koʻplab oʻzbekistonliklar Yevropa, Rossiya, AQShda fuqarolik olib yashashadi va ularning "Oʻzbekistonga oʻz yaqinlarini koʻrish uchun safar qilishlarini osonlashtirish kerak".

Ammo, Abashin ikki fuqarolik har qanday shaxs uchun koʻplab muammolarni keltirishini aytadi.

"Ikki fuqarolik koʻplab murakkab vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, kimdir Ozarbayjon va Rossiya fuqaroligiga ega deylik. Ozarbayjon fuqarosi armiyada xizmat qilishi kerak. Rossiya fuqarosi ham armiyada xizmat qilishi kerak. Demak, ikki fuqarolikka ega shaxs u yoqda ham, bu yoqda ham xizmat qilishi kerakmi? U qayerda soliq toʻlaydi? Qayerda sudga tortiladi? Bu masalalar ikki-tomonlama kelishuvlar bilan aniqlashtirilishi lozim", - deydi Abashin.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring