YeTTB sarmoyalari oʻzbek soʻmini qutqara oladimi?

Suma Chakrabarti Image copyright EBRD
Image caption Suma Chakrabarti Prezident Mirziyoyev bilan muzokaralar olib borishi kutiladi

Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) (European Bank for Reconstruction and Development (EBRD) Prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi hayʼat 15-17 mart kunlari Oʻzbekistonda boʻladi.

Bu YeTTB (EBRD) Prezidentining oxirgi qariyb 14 yilda Oʻzbekistonga ilk safaridir.

Tashrif chogʻida oʻzbek rasmiylari bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama etilishi kutilmoqda.

Qarorgohi Londonda joylashgan bank Oʻzbekistondagi sarmoyalari, jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalari hajmini kengaytirish va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash niyatida ekanini aytgan.

Shu oy boshida YeTTB Oʻzbekistondagi amaliyotlarini qayta boshlashini maʼlum qilgandi.

Reyter agentligi bankning Oʻzbekistonga qaytishini "islohotchi" Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun "gʻalaba" deb atagan.

YeTTB Oʻzbekistonda 1993 yildan buyon faoliyat olib boradi, ammo 2010 yilda oʻz amaliyotlarini toʻxtatgandi.

Hozirga qadar YeTTB Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 894 million yevro miqdorida sarmoya kiritgan.

YeTTB Prezidentining tashrifi oʻzbek soʻmining keskin qadrsizlanishi manzarasida yuz bermoqda.

Joriy yilning ilk ikki oyida soʻm rasman 5.1 foiz qiymatini yoʼqotgan, qora bozorda esa shu oyning oʻzida 10 foizga qadrsizlangan.

Tahlilchilar Oʻzbekiston iqtisodi tuzilmaviy islohotlarga muhtoj ekanini aytib keladilar.

Oʻzbekistondan kelayotgan soʻnggi xabarlarga koʻra, Toshkent shahrida valyuta oldi-berdisi bilan shugʻullanuvchilarga nisbatan reydlar boshlangan. Guvohlar taniqli sarroflarning qoʻliga kishan solib olib ketilganini koʻrishgan.

Karimovni izza qilgan bank

2003 yil may oyida Yevropada Tiklanish va Taraqqiyot banki Toshkentda oʻzining yillik yigʻinini oʻtkazgan edi.

BMT Oʻzbekistonda qiynoq qoʻllash holatlari keng va sistematik ravishda roʻy berishi haqida hisobotini eʼlon qilar ekan, Prezident Karimov xalqaro bosim ostida qolgan.

Yevropa Bankining Toshkentda oʻz yillik yigʻinini oʻtkazish qarori ham xalqaro hamjamiyat tanqidlariga sabab boʻlgandi.

Ammo yigʻin arafasida Toshkentdagi diplomatik davralar va xalqaro jurnalistlar orasida goʻyo Karimovning qiynoqlar va inson huquqlarini poymol qilish holatlari haqida ochiq nutq soʻzlashiga doir xabarlar tarqaldi.

"Jurnalistlar va ayrim Gʻarb diplomatlari Karimov qiynoq qoʻllanishini qoralashini kutishgandi. Bunday boʻlmadi. Ammo Buyuk Britaniyadan kelgan vazir Kler Short Karimovga qattiq gapirdi. Qiynoqlarni jiddiy qabul qiling, BMT maslahatlarini hayotga tatbiq eting, dedi. Islom Karimovga bu yoqmaganidan qizarib ketgani yodimda", - deb xotirlaydi 2003 yilda Toshkentda kechgan Yevropa banki yigʻinida qatnashgan jurnalist.

Britaniyada chiqadigan Guardian gazetasi Karimovning YeTTBning bosimlariga turib berganini bankni noqulay ahvolga solib qoʻygani haqida yozgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring