"Gollandiya xalqi populizmga yoʻq dedi"

Ryuttening aytishicha, golland xalqi "zararli populizmga yoʻq dedi Image copyright Reuters

Chorshanba kungi saylovlarda gʻalaba qozongan amaldagi partiya rahbari, Bosh vazir Mark Ryuttening aytishicha, golland xalqi "zararli populizmga yoʻq dedi". Demokratiya va erkinlik uchun xalq partiyasi (VVD) saylovlarda unga raqiblik qilgan Gert Vildersning Erkinlik partiyasi (PVV)ni ishonchli tarzda ortda qoldirgan.

Ovroʻpo liderlari Gollandiya saylovlari natijalarini olqishlagan.

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland Mark Ryutteni "ekstremizm ustidan gʻalaba qozongani bilan iliq" tabriklagan.

Olmoniya kantsleri Angela Merkel maʼmuriyati rahbari Peter Altmayyer Twitterda "Niderlandiya! Niderlandiya! Siz chempionsiz!... Saylov natijalarining ajoyib yakuni bilan tabriklayman", deb yozgan.

95 foizlik ovozlar hisoblab boʻlingandan soʻng, VVD parlamentdagi 150 oʻrindan 33 tasini egallagani maʼlum boʻlgan. Bu oʻtgan safargi saylovga qaraganda 8 oʻrin kamdir.

Gert Vildersning oʻta oʻngchilar partiyasi bu saylovlarda oʻtgan safargilar bilan solishtirganda oʻsishga erishgan. Partiya ikkinchi oʻrinni egallagan va oʻtgan safargidan 5 oʻrin koʻp - 20 deputatlik oʻrniga ega chiqqan.

Ushbu parlament saylovlari oldingilaridan saylovchilarning koʻp ishtirok etgani bilan ajralgan. Soʻnggi 30 yilda ilk marta ovoz berganlar soni 80 foizdan koʻpni tashkil qilgan.

Gert Vilders saylov natijalaridan biroz hafsalasi pir boʻlganini bildirgan. Biroq partiya natijalaridan koʻngli toʻlganini aytgan.

"Biz 19, balki 20 oʻrin oldik. Bu men umid qilgan 30 oʻrin emas. Men bizda 30, Ryuttening partiyasida 20 oʻrin boʻlishini taxmin qilgandim. Lekin biz gʻoliblar orasidamiz. 4 oʻrin koʻp oldik va sizni ishontiramanki - vatanparvarlar bahori boshlanmoqda", - degan u.

Saylov oldidan Vilders Gollandiyani Yevropa Ittifoqidan olib chiqishga, mamlakatdagi barcha masjidlarni yopishga va Qurʼoni Karimga taqiq qoʻyishga vaʼda bergan edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring