Prezident Mirziyoyev oʻziga matbuot kotibi tayinladi

Asad Xoʻjayev Image copyright Gazeta.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻziga matbuot kotibi tayinlagan.

Asad Xodjayevning ushbu lavozimga tayinlangani haqida Oʻzbekistondagi qator nashrlar hukumatdagi manbaʼlariga tayanib xabar bermoqda.

Biroq ushbu xabarni chop etgan kun.uz, daryo.uz va nuz.uz saytlari uni oʻz sahifalaridan olib tashlagan. Gazeta.uz da xabar turibdi.

Bu haqdagi Prezident farmoni hozircha hech qayerda eʼlon qilinmagan.

BBC manbaʼlari Xodjayevning matbuot kotibi etib tayinlanganini tasdiqladi.

U marhum prezident Islom Karimovning soʻnggi matbuot kotibi Avaz Hojimetovning oʻrnini egallaydi.

Asli kasbi diplomat boʻlgan Hojimetovning qaysi lavozimga oʻtkazilgani maʼlum emas.

Xabar qilinishicha, Xodjayev bundan avval Prezident huzuridagi Milliy Xavfsizlik Kengashida masʼul lavozimda ishlagan.

U shuningdek, Intellektual mulkni himoya qilish agentligi hamda "Oʻzbekiston pochtasi" bosh direktorining oʻrinbosari vazifalarini bajargan.

Asli kasbi aloqa muhandisi.

Oʻzbekistonda Prezidentning matbuot kotibi davlat rahbari nomidan bayonotlar qilishi odatga aylanmagan.

Mamlakat tarixida faqat bir marta, 2005 yilda marhum Alisher Azizxoʻjayev matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan payt bu haqdagi Prezident farmoni matbuotda eʼlon qilingandi.

Prezident Mirziyoyevning davlat idoralarini jamoatchilik va xalqqa ochish siyosatiga qaramay, hozircha matbuot xizmatlari jurnalistlar uchun yopiqligicha qolmoqda.

Oʻzbekistondagi hokimiyat oʻzgarishidan buyon na Prezident va na Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatlari biron muhim bayonot bermagan.

Mamlakat ichkarisidagi mustaqil jurnalistlar Xodjayevning tayinlanishi bilan bu vaziyatning oʻzgarishiga shubha bilan qarashmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring