Mirziyoyev portali "sehrli chiroq" boʻlolmadi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Sputnik

Prezident Karimov vafotidan soʻng hokimiyatni saylovgacha boshqarib turgan Mirziyoyev xalq mehrini qozonish uchun virtual qabulxona ochdi. Koʻp yillar davomida shikoyati tashlab qoʻyilgan odamlarda portal umid chirogʻini yoqdi. Ammo vaqt oʻtgan sari virtual qabulxona hammaning ham hojatini chiqara oladigan "sehrli chiroq" emasligi oydinlashmoqda.

Portal ish boshlab ayrim natijalari koʻrina boshlaganidan soʻng, odamlar orasida uni barcha tilaklarni bajaruvchi "jin" sifatida qabul qilganlar ham boʻldi.

Kimdir turmushga chiqish uchun oʻziga kelishgan barno yigit topish berishni soʻrab murojaat qilgan boʻlsa, yana kimdir boy boʻlish uchun mahallasidagi boshqalarning biznesni unga tortib olib berishni soʻrardi.

Ozmi koʻpmi odamlarning murojaatlari qoniqtirildi. Bugungi kunga qadar portalga 583 mingdan ortiq murojaat boʻldi. Prezident virtual qabulxonasi saytidan maʼlum boʻlishicha, murojaatlarning 88 foizi koʻrib chiqilgan.

Portalda hal etilgan murojaatlardan misollar deya 28 ta misol keltirilgan. 4 oylik davr hisobotiga qarasangiz murojaatlarga asosiy masʼul idora Ichki ishlar vazirligi ekanligini koʻrishingiz mumkin. Bu ushbu idora faoliyatidan shikoyatlar koʻpligini anglatadi.

Biroq portalning biror joyida necha foiz murojaat ijobiy hal qilingani borasida statistikaga koʻzingiz tushmaydi.

Toshkentdan inson huquqlari faoli Surʼat Ikromovning BBCga aytishicha, portal ishga tushgan vaqti ayrim maishiy masalalar ijobiy hal qilingan.

"Oʻzimiz mahalla koʻchasida yoritish uchun chiroq yoʻqligi borasida murojaatning ijobiy hal qilinganiga guvoh boʻldik. Ammo sal koʻproq harajat talab qiladigan mahalla koʻchasini taʼmirlar borasidagi murojaat hal qilinmadi", - deydi u.

Surʼat Ikromovning aytishicha, huquqiy masalada yordam soʻrab murojaat qilgan odamlarning ishlarida hech qanday oʻzgarish boʻlmagan.

"Portal haqida eʼlon qilishganda huquq himoyachisi sifatida ishimiz biroz yengil boʻlsa kerak degan oʻy yoʻq emas edi. Ammo murojaatlar hal qilinmagandan soʻng umidlar puchga chiqdi. Inson huquqlarining buzilishi borasida bizga murojaat qiluvchilar koʻpaymoqda", - deydi Surʼat Ikromov.

Ana shulardan biri toshkentlik 67 yoshli Gulchash Sodiqova. Gulchash opaning oʻgʻli 2001 yili diniy ekstremizmda ayblanib 12 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Oʻsha vaqti 23 yashar boʻlgan oʻgʻli Baxtiyor mahkama tomonidan belgilangan jazo muddatini oʻtab boʻlgan boʻlsa-da hanuz ozodlikka chiqqani yoʻq.

2013 yili ichki tartibni buzgan degan vaj bilan qamoq jazosi yana 3 yilga uzaytirilgan. 16 yil umrini qamoqda oʻtkazayotgan Baxtiyor 2017 yili fevralda yana bir ichki tartibni buzganlikda ayblanmoqda.

Sodiqovaning kuyinib aytishicha, qamoqxona ichida ichki tergov ketayapti va bu ketishda bolasiga yana muddat qoʻshib berilishi mumkin.

"Portal ochilib, Prezidentimiz xalq dardini eshitaman deganda rosa suyunib ketgandim. Men ham oʻgʻlimning ishiga eʼtibor berishlarini va yana muddat qoʻshib bermasdan ozodlikka chiqishida yordam berishini soʻrab murojaat qildim. Lekin yozgan xatimni bolamga 2013 yili muddat qoʻshib bergan Qashqadaryo viloyat Koson tuman prokuraturasiga yuborishibdi. Prokuratura esa oʻsha vaqti bolangizga haqli jazo berilgan deb maktub yozishdi. Ularning hozirgi ishga nima aloqasi bor tushunmadim", - deydi Gulchash Sodiqova.

Gulchash Sodiqova farzandining qamoqxona tartibini buzganiga ishonmaydi. Oʻgʻli bilan gaplashganda ham u ham bezorilik qilmaganini, dindor boʻlgani uchungina unga yana muddat qoʻshib berishayotgan boʻlishi mumkinligini aytgan.

Inson huquqlari faollari qamoq jazosi muddatini oʻtab boʻlgan dindorlar va siyosiy ayblar bilan qamalgan mahbuslarga biror ayb bilan jazo muddatini uzaytirish Oʻzbekistonda keng tarqalganini aytishadi.

Kelayotgan xabarlarga ishonilsa bu boradagi amaliyot Oʻzbekistonda Prezident almashganidan soʻng ham tugatilgani yoʻq.

"Portalga boshqa murojaat qilmayman"

Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilganlar orasida jurnalist Bobomurod Abdullayev ham bor. Jurnalist oʻzbek futbolida islohotlar qilishni va tanqidiy koʻrsatuvlari uchun "Sport" kanalidan ishdan olingani aytiladigan ikki jurnalist Imomxoʻjayevlarni ortga qaytarishni soʻragan.

"Murojaatimdan soʻng meni oʻsha vaqtdagi Sport va Madaniyat vaziri oʻrinbosari Murod Aliyev qabul qildi. Arizangizda yozgan masalalar boʻyicha yangi yildan keyin oʻzgarishlar boʻladi. Aytgan jurnalistlaringizni ham qaytarishga harakat qilamiz dedi. Lekin arizamda yozilgan birorta soʻrovim amalga oshmadi", deydi Bobomurod Abdulla.

Jurnalistning aytishicha, portalga qilinayotgan ayrim murojaatlar oʻz yechimini topmoqda. Ammo bunday soʻrovlarning aksariyati maishiy masalalarda va bir kishiining manfaati uchun yozilgan.

Kimningdir tomi yopib berilyapti, qayergadir asfalt yotqizilayapti. Biroq islohot qilinishi toʻgʻrisidagi murojaatlar shundayligicha qolib ketmoqda. Unga koʻra, jamiyatda biror narsa oʻzgarishi uchun avvalo odamlarning oʻzi bu narsani koʻproq istashi kerak.

Jurnalist endi portalga murojaat qilmasligini aytadi.

U portalga yozishdan oldin murojaati oʻrganib chiqilib amaliy ishlarga qoʻl urilishini, futbol sohasida keng miqyosli islohotlar boʻlishini kutgan. Biroq vazir oʻrinbosari bilan suhbatda koʻp narsa oʻzgarmasligi ayon boʻlgan.

Vazir oʻrinbosari Murod Aliyev jurnalist bilan uchrashuv davomida Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi boshligʻi Mirabaror Usmonov katta odam ekanligini, unga biror gap gapirishga ojiz ekanligini aytgan.

"Aliyev Mirabror Usmonovga qarshi gapira olmaydi. Mirabror aka kuchli, unga bir nima deb boʻlmaydi, dedi menga. U kishining yoshi katta, oʻsha sohada koʻp ish qilgan, undan yosh boʻlib nima deya olaman, degan gapni qildi", - deydi Bobomurod Abdulla.

Virtual qabulxonaga qilinayotgan murojaatlar orasida futbol sohasida islohotlar soʻrab qilinganlari salmoqli raqamni tashkil qilishi aytiladi. Biroq ushbu murojaatlarning aksari isloh qilinishga muhtoj boʻlgan Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasining oʻziga yuboriladi.

Portalga yozsang qamalasanmi?

Inson huquqlari faollarining aytishicha, Prezident virtual qabulxonasiga yozilgan koʻplab murojaatlar mahalliy organlarga, koʻp hollarda ariza qilingan tashkilotga yuborilmoqda.

Mahalliy hokimiyatlar masalalarni imkon darajasida yechishga harakat qilayapti, ammo ularning ham imkoniyati va mablagʻi tejalgani bois va boshqa sabablar bilan shikoyat qiluvchilardan tushuntirish xati olish bilan cheklanmoqda.

Ayrim holatlarda ushbu tushuntirish xatlari bosim va qoʻrqitish bilan yozib olinayotgani aytiladi.

Surxondaryolik suhbatdoshimizning aytishicha, noqonuniy, korruptsiya aralashuvi bilan olib qoʻyilgan yer muammosi haqida portalga yozilgan. Virtual qabulxona muammoni hal qilish uchun mahalliy hokimiyatga yuborgan. Mahalliy mulozimlar ariza yozuvchilarga "yolgʻon maʼlumot tarqatish" aybini qoʻyib pullik jarimaga tortgan.

Virtual qabulxonaga murojaat qilib ogʻzi kuyganlarning ichida toshkentlik tadbirkor Olim Sulaymonov ancha mashhur.

Image copyright YouTube
Image caption Tadbirkor Sulaymonov Mirziyoyevga video murojaati bilan tanilgandi

Sulaymonov vaqtinchalik Prezidentning xalq dardini eshitish kompaniyasi endi boshlangan vaqti, Mirziyoyevga video murojaat bilan chiqdi.

Ijtimoiy tarmoqlarning yulduziga aylanib ketgan tadbirkorni "Oʻzbekiston" televideniyesi koʻrsatuvda ishtirok etish uchun chaqirdi.

Shikoyat qiluvchi tadbirkorning markaziy telekanallarga oʻz dardini aytish uchun chaqirilishi Karimov davrida tasavvur qilib boʻlinmas holat edi.

Sulaymonov ishiga markaziy TVning eʼtibor qaratishi, odamlarda islohotlar oʻtkazilishiga va ijobiy oʻzgarishlar vaqti yaqin ekanligi borasida umidlar uygʻotgandi.

Biroq oradan koʻp oʻtmasdan tadbirkor firibgarlik, tuhmat qilganlik va uydirma gaplarni ommaviy axborot vositalariga tarqatishda ayblanib hibsga olindi.

Kuzatuvchilar Mirziyoyev boshlagan xalq dardini eshitish va uni yechish tashabbusi siyosiy islohotlar boʻlmagani sabab toʻliq ishlamayotganini aytishadi.

Mirziyoyev xalqni himoya qilish haqida gapirarkan, uning qoʻl ostidagi mulozimlar eski davrdagidek shikoyat qiluvchi bilan shugʻullanishda davom etmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq