Oʻzbekistonning sobiq rahbari Usmonxoʻjayev vafot etdi

Inomjon Buzrukovich Usmonxoʻjayev
Image caption Usmonxoʻjayev 1983 yildan 1988 yilgacha Oʻzbekistonning birinchi rahbari lavozimida ishlagan

Oʻzbekistonning shoʻro davridagi soʻnggi rahbarlaridan Inomjon Buzrukovich Usmonxoʻjayev 87 yoshida Fargʻonadagi uyida olamdan oʻtgan.

Bu haqda fargʻonalik inson haqlari faoli Abdusalom Ergashev Facebookdagi sahifasida maʼlum qildi.

Oʻtgan yil noyabrida Oʻzbekiston Oliy Sudi Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasining sobiq birinchi kotibini reabilitatsiya qilish toʻgʻrisida qaror chiqargan.

Buni Usmonxoʻjayevning oʻzi BBC bilan suhbatda tasdiqlagandi.

Inomjon Usmonxoʻjayev bilan suhbatni Youtube kanalimizda tomosha qiling.

Qarorda aytilishicha, SSSR Oliy Sudi jinoyat ishlar boʻyicha sudlov kollegiyasining 1989 yil 27 dekabrda chiqargan Inomxon Buzrukxoʻjayevich Usmonxoʻjayevga oid hukmi bekor qilinib, jinoyat ishi Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 83 -moddasi 1-bandiga asosan tugatilgan.

Inomjon Usmonxoʻjayevning Fargʻonadagi manziliga yoʻllangan rasmiy maktubga 2016 yil 18 noyabr sanasi qoʻyilgan.

Usmonxoʻjayev 1983 yildan 1988 yilgacha Oʻzbekistonning birinchi rahbari lavozimida ishlagan.

U "paxta ishi"da ayblanib, 1988 yil 12 yanvarida Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimidan boʻshatilgan va 1989 yil 27 dekabrida 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

1990 yilda qamoqdan ozod etilgan.

86 yoshli Inomjon Usmonxoʻjayev BBC bilan qisqa muloqotida 25 yil muqaddam sogʻligi tufayli qamoqdan ozod etilgani, ammo hozirga qadar oqlanmaganini aytgan.

Oʻzining soʻzlariga koʻra, u oxirgi 25 yilda Fargʻonadagi ota uyida qarilik nafaqasiga yashab kelgan.

Maʼlum boʻlishicha, Inomjon Usmonxoʻjayev marhum prezident Islom Karimov davrida oʻzining oqlanishini soʻrab, koʻp bor murojaat etgan, ammo uning arizalari javobsiz qoldirilgan.

U soʻnggi bor 2016 yil sentyabrida Prezident apparatiga murojaat qilgan va Oliy Suddan oqlangani haqida javob olgan.

BBC bilan suhbatda u Prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorligini aytgandi.

Inomjon Usmonxoʻjayevning janozasi juma kuni Fargʻonadagi Yormozor hududidagi masjidda oʻqilib, shu yerda dafn etilishi aytilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring