Mirziyoyev Prezident hukmronligini kamaytirmoqdami?

Prezident devoni joylashgan Oqsaroy muzeyga aylantirilishi aytilgan Image copyright Sputnik
Image caption Prezident devoni joylashgan Oqsaroy muzeyga aylantirilishi aytilgan

Mutaxassislarga koʻra, Prezident devoni faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi farmon fundamental oʻzgarishlarga yoʻnaltirilmagan. Biroq amalda Prezident masʼuliyatini kamaytirish va vakolatlarni imkon qadar keng boʻlib berish yoʻlida sezilarli ishlar qilinayotganini koʻrish mumkin.

Mirziyoyev 1 mart kuni Prezident devoni faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida farmonga imzo chekdi. Bir necha kun oʻtib internet tarmoqlaridagi qonun hujjatlari bazasini yurituvchi lex.uz saytida paydo boʻldi.

Farmonda Prezident devoni tuzilmasidagi xizmatlar nomma-nom keltirilgan.

Prezident devoni tuzilmasi toʻgʻrisida Oʻzbekistonda 2011 yilga kelib farmon qabul qilingan. Biroq ushbu hujjat internet orqali jamotchilikka oshkor qilinmagan.

Oʻzbekistondagi eng qudratli idora

Maʼlum muddat Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov matbuot xizmatini boshqargan Sharof Ubaydullayev Prezident devoni Markaziy Qoʻmitaning davomchisi boʻlgan qudratli tashkilot boʻlganligini aytadi. Ushbu xizmat tuzilmalari va faoliyati xalqqa koʻp ham ochiqlanavermagan.

"Ilgari Prezident devoni oʻsha eski Markaziy komitetning deyarli davomchisi edi. Markaziy komitet ham barcha ishlab chiqarish va rahbarlikning hamma qirrasi bilan shugʻullanardi".

Frantsiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga koʻra, Prezident devoni Karimov davrida ham hozir ham Oʻzbekistondagi eng qudratli organ sifatida faoliyat yuritadi.

"Oʻzbekiston konstitutsiyaga koʻra, Oʻzbekistondagi eng qudratli davlat organi - bu prezidentlik instituti. Prezidentlik instituti - uchga taqsimlangan hokimiyatni muvofiqlashtiruvchi va ijroiya hokimiyatni toʻgʻridan toʻgʻri boshqaruvchi qudratli davlat organi. Prezidentlik institutini na sud tizimi va na qonunchilik palatasi impichment orqali tiyib turish imkoniyatiga ega emas. Oʻzbekistonda prezidentlik instituti qudratini ifoda etuvchi birinchi davlat organi Prezident devoni hisoblanadi", - deydi Rabbimov.

Karimov matbuot xizmatini boshqargan Sharof Ubaydullayevga koʻra, 1 mart kuni qabul qilingan farmonning tagida Prezident devonini mazmunan qayta qurish yotibdi.

"Prezident devonining ham Qishloq xoʻjalik boʻlimiga oʻxshagan, iqtisodiyot boʻlimi bor edi. Ishlab chiqarishga bevosita bogʻliq boʻlgan boʻlimlari bor edi. Ishlab chiqarishni nazorat qilib turishni kanda qilmagan edi. Yangi farmonda ishlab chiqarish, iqtisodiy masalalarga oldingidek aralashish masalalari chetlab oʻtilgan", - deydi Ubaydullayev.

Jurnalistga koʻra, devon Vazirlar mahkamasini takrorlar edi. Vazirlar mahkamasidagi hamma boʻlimlar Prezident devoni nazoratida turardi, parallel boshqaruvning bir koʻrinishi boʻlgan.

Shavkat Mirziyoyev uzoq yillar Vazirlar mahkamasini boshqargani va bu parallel boshqaruvdan aziyat chekib kelgani uchun, Prezident devonida bu masalalarga barham berishga qaror qilgan boʻlishi mumkinligi aytiladi.

Biroq ushbu fikrga boshqa mutaxassislar qoʻshilishmaydi. Ularga koʻra, yangi farmonda Prezident devoni vakolatlarini kamaytirish borasida soʻz borayotgani yoʻq. Shunchaki uning ichida qayta taqsimlanish holati bor.

"Yangi farmonda Prezident devoni vakolatlari kamayishi haqida gap soʻz boʻlayotgani yoʻq. Faqatgina uning ichidagi sektor, boʻlimlarning vakolatlari qayta taqsimlanayapti, xolos. Baʼzi sektor kuchayyapti, baʼzi yoʻnalish va xizmatlarning vakolati ikkiga boʻlinyapti. Fundamental jiddiy oʻzgarish boʻlayotgani yoʻq", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Prezident devoni xalqqa ochila boshladi

Oʻzbekistonda hokimiyat almashganidan soʻng yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz siyosatini xalq bilan muloqot ustida shakllantirishini eʼlon qildi.

Bu narsa yillar davomida muammolar girdobida qolib, dardini kimga aytishini bilmayotgan odamlar uchun umid chiroqlarini yoqdi. Muammolar yechilishi borasida sezilarli oʻzgarishlar koʻrinmayotgan boʻlsa-da, hukumatning xalqni eshitishga qilayotgan sayʼi-harakatlari ijobiy baholanmoqda.

Bu oʻzgarishlar nuqsi qudratli organ boʻlmish Prezident devoniga ham urayotgani aytiladi.

"Odatda katta oʻzgarishlar bir lahzada boʻlmaydi. Ikkinchidan Prezident devonining uslubi Prezident dunyoqarashi bilan uzviy bogʻliq boʻladi. Karimov davrida Prezident devoni juda ham kuchli bir qoʻrgʻon, qalʼa edi va oʻylaymanki, Shavkat Mirziyoyev kelishi bilan Prezident devonining xalqqa, jamiyatga ochiqlik darajasi ancha oshdi. Har bir vazirlik va har bir davlat maslahatchisiga toʻgʻridan toʻgʻri jamiyat bilan ishlash va oʻzining vakolati doirasida muammolarni hal qilish masʼuliyati vazifasi yuklandi", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Kuzatuvchilar, Mirziyoyevning boshqaruv uslubida vakolatlarni bir shaxs zimmasida emas, balki barcha rahbarlar masʼuliyati sifatida boʻlib tashlash harakati yaqqol sezilayotganini aytishadi.

Oʻzbekiston markaziy telekanallarida xalq aksini koʻrmagan va ovozini eshitmagan vazirlar intervьyu bera boshladi. Turli vazirlardan tortib viloyat hokimlarigacha chet el safarlariga chiqib, mustaqil ravishda kelishuvlar va uchrashuvlar oʻtkaza boshladi.

Bunga Rossiyaga safar qilgan Toshkent va Samarqand viloyat hokimlarini misol tariqasida keltirish mumkin.

Image copyright Tatarstan.ru
Image caption Samarqand viloyat hokimi Tataristonga oʻz mulozimlarini ham olib borgan

Samarqand viloyati hokimi hatto Tatariston Prezidenti Rustam Minnixonov bilan uchrashgan. Kuzatuvchilar bunday holatlar Prezident Karimov davrida uchramaganini aytishadi. Hattoki oʻsha vaqti Bosh vazir boʻlgan Shavkat Mirziyoyev aksi ham televideniye orqali alohida koʻrsatilmaslikka harakat qilingan.

"Mirziyoyevning ishga yondashuvidagi, oʻzining obroʻyini saqlash, manfaatini himoya qilishdagi asosiy nuqta - vakolatlarni, vazifalarni imkon qadar kengroq boʻlib berish va bu sohaning maʼsuliyati imkon qadar Prezidenga tushmasdan soha rahbarlariga zimmasiga yuklayapti. Karimov davrida amaldorlar koʻrinmasdi. Ammo Mirziyoyev har bir rahbar oʻz aravasini oʻzi tortsin degan tushunchani singdirishga harakat qilayapti", - deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Biroq kuzatuvchilar koʻra, Prezident devoni toʻgʻrisidagi farmonda ommaviy axborot vositalari bilan shugʻullanuvchi xizmatning saqlab qolingani ushbu oʻzgarishlar qiyin va uzoq vaqt davom etishidan darak beradi.

"Ommaviy axborot vositalari bilan shugʻullanuvchi konkret boʻlim mavjudligi - bu eski markazqoʻmning, eski partiyaviy yoʻlning davomi boʻlib namoyon boʻlayapti. Bu mutlaqo toʻgʻri emas. Ommaviy axborot vositalari va uning kadrlari, faoliyati, yoʻnalishi va mundarijasi bilan ham Prezident apparatidagi amaldorlar shugʻullanmasligi kerak. Mulozimlarning ishi emas bu. Ommaviy axborot vositalari xalqniki, xalqqa xizmat qiladi. Matbuot mustaqil boʻlishi kerak. Uning faoliyatini birinchi navbatda xalq nazorat qilishi kerak", - deydi Sharof Ubaydullayev.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq