Palovdan keyin navbat otlargami?

Prezidentlar Image copyright turkmenistan.gov.tm

Rasmiy xabarlarga koʻra, qoʻshni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov oʻzining zotdorligi bilan butun dunyoda nom taratgan Axaltekin otlarini "jahon nomoddiy madaniy merosi" roʻyxatiga kiritishi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining UNESCO jamgʻarmasiga ariza bermoqchi.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang, qiziq.

Turkmaniston rahbarining bu taklifi "Turkmen atlary" davlat birlashmasining yaqinda boʻlib oʻtgan yigʻini chogʻida yangragan.

Unda mamlakat yilqichilik sanoati va ot sporti sohasining rahbarlari va yetakchi mutaxassislari ishtirok etishgan.

Turkmanistonda yilqichilikni yanada rivojlantirish barobarida, Axaltekin otlarini jahon nomoddiy merosining noyob koʻrinishi sifatida saqlab qolish masalasini muhokama etishgan.

Chetda Axaltekin otlari bilan mashhur Turkmaniston oʻzini xalqaro ot sanoati bilan uygʻunlikda koʻrishni istaydi.

Ayni maqsadda aynan Axaltekin otlarini nazarda tutib asos solingan va bosh qarorgohi poytaxt Ashxobodda joylashgan xalqaro uyushma ham bir necha yildan buyon faoliyatda.

Prezident Berdimuhammedov keyinchalik xalqaro miqyosda qayddan oʻtkazish uchun yigʻin chogʻida Axaltekin zotiga mansub otlarning maxsus katalogini tuzishga ham buyruq bergan.

Ayni oʻrinda eslatib oʻtish joiz, Turkmanistonda eng zotdor Axaltekin otlarini asrab qolishga qaratilgan ishlar, yillarki, shaxsan mamlakat prezidenti boshchiligi ostida olib borib kelinadi.

Turkmanistondagi Axaltekin otlarining soni uch mingdan ortadi va bu otlar oʻzining zotdorligi, goʻzalligi, qanchalar kelishganligi bilan ajralib turadi.

Bundan tashqari, aprel oyining soʻnggi yakshanbasi Turkmanistonda "Axaltekin otlari" kuni sifatida nishonlanadi.

Har yili shu kuni mamlakatda otlar orasida turli xil musobaqalar, poygalar va tanlovlar uyushtiriladi.

Goʻzallik tanlovi gʻoyasi ham marhum turkmanboshi Saparmurot Niyozovning oʻlimi ortidan asta-sekinlik bilan mamlakatining imijini oʻzgartirishga harakat qilayotgan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov tomonidan bundan olti yilcha burun oʻrtaga tashlangandi.

Turkman rahbarining oʻzi ham otning ashaddiy ishqibozi ekani, boʻsh vaqtlarida otda yurib, hordik chiqarishni yaxshi koʻrishi aytiladi.

Image copyright COURTESY

Axaltekin otlari Turkmanistonda oʻziga xos iftixor ramziga aylangan, davlat ramzining markazidan oʻrin olgan va qator xorijiy davlat rahbarlariga eng oliy hadya sifatida tortiq etilgan.

Yaqinda Turkmanistonga ilk xorijiy davlat tashrifini amalga oshirgan Oʻzbekiston yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ana shunday davlat rahbarlaridan biriga aylangandi.

Bundan tashqari, Axaltekin otlari aksi bu yilgi yopiq inshootlarda boʻlib oʻtuvchi V Osiyo Oʻyinlari ramzida ham oʻz ifodasini topgan. Oʻyinlarga esa, poytaxt Ashxobod mezbonlik qiladi.

Marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning 2004 yilda atayin Axaltekin otlariga atab naq 20 million AQSh dollariga hordiq markazini qurdirishi koʻpchilikni hayronu lol qoldirgandi.

Hordiq markazining yana choʻmilish havzasi, tibbiyot maskanlariga ega ekani va havo sovutgichlar bilan shamollatib turilishi ham aytilgandi.

Turkmanistondan olingan soʻnggi yangilik UNESCO tomonidan oʻzbekcha va tojikcha palovning "jahon nomoddiy madaniy merosi" roʻyxatiga kiritilishidan sanoqli oylar oʻtib oʻrtaga chiqmoqda.

Oʻtgan oʻn yil ichida, yana shuningdek, Navroʻz bayrami, Shashmaqom, Katta ashula, Askiya sanʼati va Boysun madaniy muhiti ham bu roʻyxatdan joy olgan.

Asrab qolish uchun UNESCOning bu roʻyxatiga butun insoniyat uchun qadr-qimmatga molik boʻlgan madaniy va tabiiy qadriyatlar kiritiladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring