Haydovchilar kameralarni iliq kutib oldi

Image copyright Anhor.uz

Toshkent shahrida 15 martdan boshlab yo'ldagi qoidabuzarliklarni qayd qiluvchi kameralar ish boshladi. Poytaxtlik haydovchilar video kameralar yo'llarni tartibga sola boshlayotganini iliq qarshi olgan.

Mas'ullarning aytishicha, 36 soat davomida 10 mingdan ortiq qoidabuzarlik qayd qilingan.Haydovchilarga jarima yozilgan kvitantsiyalar kela boshlagan. Umuman kameralar ishga tushgani Toshkent yo'llarida yaqqol sezilgan.

"Odamlar qizilda o'tib ketib qolmaylik, belgilangan chiziq ustiga chiqib qolmaylik deb svetofor oldida o'ta ehtiyotkorlik bilan haydashayapti. Natijada yo'llarda biroz tirbandlik yuzaga kelgan. Lekin hech kim bir-birini shoshiltirmayapti", - deydi Bi-bi-si bilan suhbatda toshkentlik haydovchi.

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilar o'rtasida 3 kundan beri berilayotgan va muhokama qilinayotgan savol - bu ishga tushgan video kameralar haqida bo'lmoqda.

Murojaatlarning aksariyati "qoida buzganliklarini qaerdan bilsa bo'ladi", mavzusi atrofida.

"Qoida buzganimni kamera yozib olganini qanday qilsam bo'ladi, iltimos tezda javob yozing", - deydi Facebook ishtirokchilaridan biri.

Kimdir mashinasi qayd qilingan manzilda yashamasligi sabab jarima kvitantsiyasi boshqa joyga ketishini va qoida buzganlarning umumiy bazasi bor, yo'qligini so'raydi.

Qoidabuzzarlik qayd etilgan kvitantsiyalar uch kunning ichida pochta orqali mashina qayd qilingan manzilga etib boradi.

Toshkentning 115 ta chorrahasiga o'rnatilgan kameralar birinchi bosqichda ikki turdagi qoidabuzarlikni qayd etishi ma'lum qilingan. Svetoforning qizil chirog'idan o'tib ketish va ruxsat berilgan tezlikni oshirish.

Yo'l harakati xavfsizligi mas'ullarining aytishicha, qoidabuzarlikni qayd qilish va jarima yuborish ishlarining hammasi kompьyuterlashgan holda amalga oshiriladi va unda inson omili rolь o'ynamaydi

"Kvitantsiyalar avtomobillar haydovchilariga avtomatlashtirilgan tartibda pochta orqali yuboriladi. Inson omili, ya'ni tuzatishlar, qo'shimchalar bo'lmaydi", - degan Toshkent shahar Yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi «Kompьyuter markazi» bo'limi boshlig'i podpolkovnik Shuhrat Muratov brifing chog'ida.

Mas'ulga ko'ra, chorrahalarni kameralar bilan qamrab olish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Loyihaning sinov bosqichi uch-to'rt oy davom etadi, keyin esa ikkinchi bosqich boshlanadi. Unda mobilь telefonidan foydalanish, xavfsizlik kamarini taqmaslik kabi qoidabuzarliklar ham qayd etiladi. Bu narsalar xodimlar tomonidan qayd etiladi.

Kameralar ishga tushishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda bu holatni kulgu ostiga oluvchi videorolik va rasmlar chiqqan.

Ko'p hollarda xorij kinolariga havaskorlarning ovoz berganini ko'rish mumkin. Ulardan birida kameralar ishga tushgani bilan yo'llarning sifatsizligi va belgi chiziqlarning ko'rinmasligi hajv ostiga olingan.

"Kameralar ishga tushdi. Endi barcha turdagi soliqlarni bekor qilsak ham qolgan pulga yo'llarimiz tilladan bo'ladi", - deydi Twitter foydalanuvchisi.

Yana bir foydalanuvchi kameralar ishga tushishini haydovchilar ijobiy qarshi olganini yozgan.

"Odamni hursand qilayotgan jihat - aholi yo'ldagi kameralar ishga tushishini ijobiy qabul qildi. Hech kim hech kimni so'kmadi, birov biror nimadan norozi bo'lmadi. Umumiy saviya, haydovchilik madaniyati, o'zaro hurmat sal bo'lsada oshgan, degan umid uyg'ondi", - deydi u.