100 kun: 'Mirziyoyev Karimovdan koʻproq Nazarboyevga oʻxshaydi'

Image copyright ICG

Bryusselda joylashgan Xalqaro inqiroz guruhining aytishicha, 100 kun Karimovning oʻlimidan saylovlargacha oʻtgan vaqt oraligʻida paydo boʻlgan barcha muhim savollarga javob topish uchun yetarli emas.

Yaʼni Mirziyoyevning vaʼdalari shunchaki saylov kampaniyasidagi taktikamidi yoki mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini yechishga qaratilgan samimiy yondoshuvmi?

Guruh chiqargan hisobotda aytilishicha, Mirziyoyevning muvaqqat prezident sifatidagi dastlabki qadamlari hukumatdagi oʻzgarishlar orqali oʻz hokimiyatini mustahkamlashga qaratildi.

2002-2012 yillarda bosh vazir oʻrinbosari lavozimida ishlagan Abdulla Aripov 14 sentyabr kuni ayni lavozimga qaytarildi.

Qasamyod marosimidan soʻng esa Mirziyoyev parlamentning har ikki palatasi maʼqullashi bilan Aripovni bosh vazirlikka tayinladi.

Oʻz vaqtida ehtimoliy raqib sifatida koʻrilgan Rustam Azimov esa (Xalqaro inqiroz guruhi Azimovning Oksforda tahsil koʻrganini aytgan-tahr) makroiqtisodiy rivojlanish va xorijiy sarmoyalar boʻyicha bosh vazir oʻrinbosari lavozimini saqlab qoldi, ammo Moliya vazirligini sobiq iqtisodiyot vaziri (2006-2009) Botir Xoʻjayevga oldirib qoʻydi.

Shu tariqa Mirziyoyev Azimovga kim xoʻjayin ekanini koʻrsatib qoʻydi.

Prezident shuningdek, 16 yanvar kuni oʻtgan hukumat majlisida Azimov 11 yil davomida boshqarib kelgan Moliya vazirligi apparatini keskin tanqid qildi va uni oʻz-oʻziga tanqid bilani yondashish haqida ogohlantirdi.

Inoyatov bilan munosabatlar

Hisobot mualliflarining ishonishicha, Rustam Azimovning chetlatishi MXXning qudratli rahbari Rustam Inoyatovning maʼqullashi bilan amalga oshgan.

Ularga koʻra, Mirziyoyevning Inoyatov bilan yaqindan ishlayotgani uning oʻziga ishonchidan darak beradi.

72 yoshli Inoyatovning sogʻligi yomon ekani aytiladi.

Uning muovini Shuhrat Gʻulomov esa quyiroq lavozimga, MXX Surxondaryo viloyat boshqarmasiga oʻtkazilgan.

Xalqaro inqiroz guruhiga koʻra, MXX dagi muhim odamlar va alal-oqibat, Inoyatovning oʻzini ham oʻz odamlari bilan almashtirish Mirziyoyevga tom maʼnoda oʻzining mutlaq hokimiyatini oʻrnatish imkonini beradi.

Ammo xabarlarga koʻra, Inoyatov istasa, hali ham Mirziyoyevga muamo chiqarish qudratiga ega.

Koʻpgina iqtisodiy islohotlar, xususan, oʻzbek amaldorlarini qora bozordagi daromadlardan mahrum qiluvchi valyuta siyosatini erkinlashtirish choralarining qarshilikka uchrayotgani sababi shunda deb taxmin qilinadi.

Jinoiy olam

Hisobotda aytilishicha, mintaqaviy rahbarlar va MXX generallaridan keyin Mirziyoyev qoʻlga olishi yoki neytrallashtirishi zarur boʻlgan soha jinoiy olamdir.

Hisobot mualliflariga koʻra, mamlakatdagi fohishabozlik, giyohvand moddalar, pul yuvish va iddao qilinishicha, hukumatdagi lavozimlarni sotish bilan shugʻullanadigan oʻzbek jinoiy guruhlari Rossiya yoki Ukrainadagi oʻzlariga oʻxshagan guruhlar bilan chambarchas bogʻliq.

Mirziyoyev oʻzining 13 yillik boshqaruvi davridan hammani va narsani biladi.

Uning oʻzi Prezident sifatida hukumat aʼzolariga "Mening fojiam shundaki, men hammangizni bilaman", deb aytdi.

Mirziyoyevning oʻzi ham bu "fojia"ga hammuallifligini eslatgan Xalqaro inqiroz guruhiga koʻra, uning ushbu bayonoti oʻz hokimiyatini oʻrnatishi barobarida eski hamkasblaridan uzoqlashayotganini anglatadi.

Mashhurlik

Hisobot mualliflarining ishonishlaricha, odamlarning dardlariga quloq solishi va amaldorlarni ochiqcha tanqid qilishi xalq orasida Mirziyoyevni mashhur qildi.

"Mirziyoyev Oʻzbekistondagi haqiqiy ahvolni biladigan odam, u sharoitni yaxshilashga qodir", deya 55 yashar oʻqituvchining soʻzlaridan iqtibos keltirgan Xalqaro inqiroz guruhi.

Oʻzbekistondan qaytgan gʻarblik jurnalist esa "Mirziyoyev Karimovdan koʻproq Nazarboyevga oʻxshaydi" deb aytgan.

Ammo Oʻzbekistonda korruptsiyaga qarshi gapirish hanuz xavfli.

Buni tadbirkor Olim Sulaymonovning taqdiri yaqqol koʻrsatgan.

YouTube orqali Prezidentga arz qilgan tadbirkorning murojaati butun ishbilarmonlarning arzu dodini oʻzida ifodalagandi.

Ammo Sulaymonovning 15 fevralь kuni firibgarlik va tuhmat ayblari bilan hibsga olinishi hukumat oʻziga qarshi tanqidlarga qanchalik chidamli ekani borasida savollarni paydo qilgan.

Karimovning ayanchli merosi

Keng tarqalgan poraxoʻrlik va davlat mulkini talon-taroj qilish yirik shaharlarda bu yil ham gaz va elektr taqchilligini keltirib chiqarishda davom etdi.

Karimov tugʻilgan Samarqand shahri yanvar oyida zulmat ichida qoldi.

Markaziy Osiyoning boshqa hududlarida boʻlgani kabi, infratuzilma vayron boʻlgan va tiklanishi hamda zamonaviylashtirilishi kerak.

Xalqaro inqiroz guruhi Mirziyoyevning Oʻzbekistonning hamma ikir-chikiridan xabardorligi, moliyaviy islohotlardan tortib sogʻliqni saqlash va taʼlimgacha, qurilishdan tortib korruptsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashga qadar barcha sohalarda faolligini eʼtirof etgan.

Oʻzbekistonning barcha darajadagi davlat xizmatchilari hozir Prezident qoʻyayotgan talablardan bosim ostida.

Guruh hisobotida aytilishicha, vazirlik va qoʻmitalar bilan ishlayotgan gʻarblik rasmiylar ularning odatdagidan anchayin asabiy ekanliklari sezilishini aytganlar.

Xalqaro inqiroz guruhi chop etgan hisobotning qisqa mundarijasi "Mirziyoyevning 100 kuni" turkumidan lavhalarimizni boshlab beradi.

Sizningcha, Prezident 100 kunda nimalarga erishdi?

Fikr va mulohazalaringizni ijtimoiy tarmoqlarda biz bilan baham koʻrishingiz mumkin.

Elektron manzilimiz: uzbek@bbc.co.uk

Hafta davomida ayni mavzuga bagʻishlangan dasturlarimizni kuzatib boring va ularda ishtirok eting.