Nazarboyev: Voris haqida gapirishga hali erta

  • 20 Mart 2017
Nazarboyev Image copyright Reuters

Qozogʻistonda hokimiyat almashishi borasida gap-soʻzlar urchirkan, Prezident Nursulton Nazarboyev hali-beri qudratdan voz kechish niyati yoʻqligiga ishora berdi. Sobiq Shoʻro davlatlari ichidagi eng qari Prezident bu haqda mahalliy matbuotga bergan suhbatida gapirgan.

Konstitutsiyaga kiritilgan soʻnggi oʻzgarishlarga koʻra, Prezidentning ayrim vakolatlari hukumat va parlamentga beriladi. Hukumatda qilingan soʻnggi tayinlashlar matbuotda mamlakatni 1989 yildan beri boshqarayotgan 76 yoshli davlat rahbarining voris tayinlash rejasining bir qismi oʻlaroq talqin qilindi.

Vorisga hozircha ehtiyoj yoʻq

Biroq Elboshi Prezidentlik muddati 2020 yilda tugashi bois voris haqida gapirishga hali vaqt borligini maʼlum qildi.

"Albatta, ish juda ham ogʻir. Bu mamlakat uchun yana nima qilishim mumkin, deb oʻylab, mushohada qilib har doim bosim ostida boʻlasan. Lekin men kerakligimni his qilaman. Oʻz vazifamni yaxshi uddalayapman va ishlayapman. Yana bir marta esingizga solmoqchiman, men 2020 yilgacha xizmat qilish uchun saylanganman. Bu borada oʻylab koʻrishga hali vaqt bor", - degan Nazarboyev mahalliy jurnalistlar bilan suhbatda.

Elboshi ushbu gaplarni prezidentlik qilib charchamadingizmi, mamlakat u tanlagan strategiyani davom ettirishi kerakmi, degan savolga javob oʻlaroq aytgan. Mamlakat rahbari Qozogʻistonning rivoshlanish strategiyasi u boshqaruvdan ketgandan soʻng ham oʻzgarmasligini bildirgan.

Sogʻlom Elboshi

Yoshi oʻtib borayotgan Prezident davlat rahbarining sogʻligʻi muhim ekanligini ham aytib oʻtgan.

"Avvalam bor, hamma narsa xalq ishonchiga bogʻliq. Keyin mamlakatni boshqarayotgan odamning sogʻligʻi va kuchiga bogʻliq. Prezidentlik shundayki, sen 100 foiz kuching, tajribang, quvvating va aytish mumkkinki, hayotingni berishga toʻgʻri keladigan vazifa. Agar sening holating shunday ishlashga yoʻl qoʻymasa, bu yerda qiladigan ishing yoʻq. Shuning uchun hamma narsa vaqtga bogʻliq", - degan u.

Oʻtgan yilning oktyabrida Nazarboyevning maʼmuriyati Prezident sogʻligʻi borasida kam uchraydigan bayonot bilan chiqdi. Oqoʻrda Nazarboyevni "shamollab qolganini" aytdi. Bu xabar 76 yoshli Elboshining jiddiy xasta ekanligi borasida mish-mishlarning urchishiga sabab boʻldi va voris tayinlash mavzusini har doimgidan ham dolzarb darajaga chiqardi.

Biroq keyinchalik mahalliy matbuot Prezidentning yaxshilashganini va ishga qaytgani borasida xabar berdi.

Oʻlim yoki inqilob

Sovet Ittifoqidan ajralib chiqqanidan buyon Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari oʻz oʻrnini ikki sabab bilan tark etishgan: oʻlim yoki inqilob.

Masalan, oʻtgan yilning sentyabr oyida vafot etgan, Oʻzbekistonning sobiq Prezidenti Islom Karimov ham uning vorisi kim boʻlishi mumkinligi haqida mish-mishlarga qaramasdan hokimiyat tepasida qolishiga ishora bergan edi.

Karimov hokimiyat tepasida koʻp oʻtirgani uchun baʼzan tanqidlarga tutilishini aytgandi.

"Meni tanqid qilishadi, lekin men hali ishlamoqchiman. Buning nimasi yomon?", - degan edi u toʻrtinchi muddatga saylanishdan oldin.

Qirgʻizistonda 2005 va 2010 yillarda ikki Prezidentni agʻdarib tashlashgan.

Biroq Nazarboyev mamlakatda kuchli prezidentlik boshqaruvchi saqlanib qolayotganini qayta-qayta takrorlarkan, Qozogʻistonda inqilob yoki kuch bilan hokimiyatni egallash sodir boʻlmaydigan koʻrinadi.

"Odamlarning yaxshi yashashiga sharoit yaratib bergan boshqaruv tizimi eng yaxshisidir. Muvafaqqiyatlarimiz va dasturlarimizning amalga oshayotgani uchun ularni bajarilishiga majbur qilayotgan qattiqqoʻl vertikal hokimiyatdan minnatdor boʻlishimiz kerak", - degan Nazarboyev.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq