Oʻzbekistonda qiynoq taqiqlangan qonun kuchga kirdi

O'zbekiston militsiyasi xodimlari Image copyright Getty Images

Oʻzbekistonda "Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida"gi qonun kuchga kirdi.

Mamlakatdagi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi xodimlar faoliyatini tartibga soladigan qonun 2017 yil 17 martidan amal qila boshlagan.

Qonunda Ichki ishlar organlari zimmasiga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, yuridik hamda jismoniy shaxslarning mol-mulkini himoya qilish vazifalari yuklatilgan.

"Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida"gi qonunda ushbu tizim xodimlariga qiynoqlarni qoʻllash taqiqlangan.

Har qanday sabab bilan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va qonunlarga zid keladigan amallarga qoʻl urish maʼn etilgan.

"Ichki ishlar idoralari xodimlari oʻz faoliyati davomida Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, "Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida" qonun va boshqa qonunchilik aktlariga rioya etishlari shart. Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarishda oʻzlarining noqonuniy harakatlarini oqlash uchun xizmat manfaatlarini roʻkach qilishi, iqtisodiy manfaat koʻrishi, noqonuniy talab qoʻyishi, mansabdor shaxslarning qonunga xilof buyruq va koʻrsatmalarini bajarishlari mumkin emas", deyiladi unda.

Qonun shuningdek, inson shaʼni va gʻururini poymol qiluvchi har qanday zoʻravonlik, tajovuz va boshqa turli harakat va usullarni qoʻllashni ichki ishlar xodimiga taqiqlaydi. Koʻrsatilishicha, Ichki ishlar vazirligi bevosita Prezidentga, ayrim masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi. Ichki ishlar vaziri bosh vazir tavsiyasiga binoan Prezident tomonidan tasdiqlanadi va Prezident tomonidan vazifasidan ozod etiladi.

Qonunda militsiya nomi oʻzgarishsiz qoldirilgan. Ilgari militsiyani politsiyaga oʻzgartirish borasida farazlar bildirilgandi.

Shu tariqa Oʻzbekiston sobiq shoʻro davlatlari orasida militsiya haqidagi qonunni qabul qilgan eng soʻnggi davlat boʻlgan.

Bunga qadar Oʻzbekiston militsiyasi 1990 yilda qabul qilingan Nizom asosida ishlab kelayotgandi.

Huquq himoyachilari mamlakatda inson haqlari eng koʻp militsiya tomonidan poymol etilishini aytib, yillar davomida ularning vakolat va majburiyatlarini aniq belgilab beruvchi maxsus qonunni qabul qilishga chaqirib kelganlar.

Faollarga koʻra, ichki ishlar organlari haqidagi qonunning yoʻqligi xizmat vakolatlarini suisteʼmol qilgan va qiynoq qoʻllagan xodimlarni mahkamaga tortishni qiyinlashtirib kelgan.

Qonun Oʻzbekiston parlamenti quyi palatasi tomonidan 2016 yil 12 avgustida qabul qilingan, 24 avgust kuni yuqori palata - Senat tomonidan tasdiыlangan edi.

2016 yil 16 sentyabr kuni esa oʻsha vaqtda Oʻzbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangandi.

Qonun 17 sentyabr kuni "Xalq soʻzi" va "Narodnoye slovo" roʻznomalarida eʼlon qilingan va matbuotda eʼlon qilinganidan olti oy oʻtib kuchga kirishi koʻzda tutilgan edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring