Ozarbayjonda Navroʻz evrilishlari

Shoʻrolar davri Ozarbayjonida Navroʻzga hech qachon mutlaq taqiq boʻlmagan.

Oilalar ichkarisida doim bu bayram nishonlangan: shirinliklar tayyorlangan, shamlar yoqilgan, bugʻdoy undirilgan, tuxumlarga buyoq surtilgan va hatto olovdan sakraganlar.

Ular har doim ushbu anʼanani oʻzlariniki deya hisoblaganlar.

Image caption Ozari bolakay Navroʻz shirinligi va ranglarga boʻyalgan tuxumni benihoya sevadi

70 yillik Shoʻro imperiyasi davrida Qofqoz va Markaziy Osiyoda ushbu qadimiy anʼanani ehtiyotkorlik bilan nishonlagan odamlar har doim boʻlgan.

Yaqin yillarda Navroʻz dabdaba bilan kutib olinayotgan esa-da, uning tarixi Ozarbayjonda yaxshi taqiq qilinmagan.

Image copyright Ehtiram Jabi
Image caption Otashparastlikdan qolgan odat - olovdan sakrash.

Kommunistlar va Navroʻz

Ayrim daʼvolarga zid ravishda Ozarbayjonda Navroʻz 1920 yil Qizil armiya bostirib kirishi bilan taqiqlanmagan.

1921 yil Ozarbayjondagi "Kommunist" gazetasi: "Navroʻz bayramida maktab bolalariga Yangi Yil sovgʻalari ulashildi", deya xabar bergan.

Oʻsha yili bahor kelishiga bagʻishlangan kontsertlar va sahnali chiqishlar mahalliy klublar va teatrlarda namoyish etilgan.

1925 yil Ozarbayjondagi Shoʻrolar hukumati Navroʻzni 6 milliy bayramidan biri sifatida qayd etgandi.

Ammo koʻp oʻtmay, Moskvadagi qattiqqoʻl siyosatchilar bu borada oʻz qarashlarini bildirishadi.

Ular butun mamlakat boʻylab "faqat inqilobga oid bayramlar" oʻtkazishga chaqirishgan.

Image copyright Getty Images
Image caption 1920 yil, Bakuda toʻplangan Sharq Xalqlari Kongressi vakillari

Sovet Ittifoqi boʻylab Yangi Yil yanvarning birinchisidan belgilangan. Bu anʼana bugunga qadar ham saqlanib qolgan.

Etnik ruslar ittifoq tarkibida boʻlgan boshqa etnik guruhlar qatori oʻz milliy va diniy bayramlaridan voz kechishga majburlangan.

Kalendarda 1 may va 7 noyabr kabi inqilobiy bayramlar muhrlangan.

Nihoyat, 1929 yil Navroʻz milliy bayramlar roʻyxatidan olib tashlangan.

Image copyright British Library
Image caption Shoʻrolar davriga oyid yangi inqilobiy anʼanalarni targʻib qiluvchi plakat

Ozarbayjonda "Xudosizlar siyosiy uyushmasi" aʼzolari tashkil qilingan va uning aʼzolari koʻchama-koʻcha yurib Navroʻzni bayram qilayotganlarni topib, jazolashlari mumkin boʻlgan.

Koʻpda odamlar omma oldida izza qilingan.

1937 yil Sovet Ittifoqi konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan diniy va milliy bayramlar butkul taqiqlandi. Ortidan yillar davom etgan qatagʻonlar boshlandi.

Taqiq 20 yil kuchda qoldi. 1953 yil Stalin vafoti ortidan barcha milliy bayramlarni qayta tiklash uchun norasmiy izn berildi. Ammo oila ichida nishonlashgagina ruxsat etilgandi.

Image copyright Azerbaijan State Cinema Archive
Image caption Otliq ayollar 1969 yilgi bayram tantanalariga yetakchilik qilishmoqda

Nihoyat, 1966 yil Moskva Navroʻz nomini aytmaslik sharti bilan bayram qilishga izn berdi.

Sovet matbuoti uni "Bahor bayrami" deb atadi.

Bakuga qaytgan Navroʻz

Ammo qator sabablar bilan Navroʻz 1967 yilgacha umumxalq miqyosida bayram qilinmadi.

Bu davr Ozarbayjonda qator fitna nazariyalari bilan eslanadi.

Ozarbayjon bilan bir qatorda Oʻzbekiston ham Moskvaga murojaat qilib, Navroʻzni ommaviy nishonlashga ruxsat soʻragan.

Ozarbayjon va Oʻzbekistondagi kommunist partiyalar bayramni qayta tiklash saʼy-harakatlariga bosh boʻlishgan.

Bakuda Navroʻz 1928 yildan beri ilk bor 1967 yil nishonlangandi.

Image copyright Azerbaijan State Cinema Archive
Image caption "Spring maiden" procession during spring festival in Baku, 1967

Bayram marosimlari 20 mart kunidan boshlangan. Ot mingan "Bahor qizi" marosimda ishtirok etgan.

Avval nomaʼlum boʻlgan ushbu "qahramon" Rossiya xalq ogʻzaki ijodidagi "Qor qizi"dan ilhomlanib yaratilgandi.

Ozarbayjondagi kommunist partiya bayramga izn bergani uchun Moskvaga minnatdorchiligini shu yoʻl bilan koʻrsatishni istagani haqida gap-soʻzlar ham yuradi.

Navroʻz va siyosat

Baʼzi kuzatuvchilar 1967 yil Navroʻz bayramiga rasman ruxsat berilishi Moskva tashqi siyosati bilan bogʻliqligini aytishadi.

Image copyright Azerbaijan State Cinema Archive
Image caption 1968 yil, Baku. Bahor bayramini nishonlayotgan odamlar

Bu vaqtda Sovet Ittifoqi Eron bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyishga urinayotgan boʻlgan.

1966 yil Eron shohi Sovet hukumati bilan qator madaniy va savdo shartnomalarini imzolagandi.

Buning ortidan Ozarbayjon va Eron oʻrtasida madaniy aloqalar rivojlanishi Shoʻro rahbarlari tarafidan ijobiy qarshilangan.

Shuningdek, ayni holat NATOga aʼzo Turkiyaning turkiyzabon Ozarbayjon va Markaziy Osiyoga taʼsiriga qarshi deb ham koʻrilgan.

Image copyright Google
Image caption Shoʻro davri Ozarbayjonida Navroʻz tantanasi aks etgan pochta markasi

Kommunist rahbarlar eski udumlarning tiklanishi millatchilik kayfiyatlarini uygʻotib yuborishidan qoʻrqishgan.

Va qisqa vaqtdan oʻtib, Navroʻz tantanalari yana toʻxtatilgan.

MDH dagi eng uzun Navroʻz taʼtili

Vaziyat Mixail Gorbachyov qudratga kelganidan keyin yana oʻzgardi.

Uning oshkoralik va qayta qurish siyosati Ozarbayjon va Markaziy Osiyoda Navroʻzni ommaviy bayram qilishga yoʻl ochdi.

Image copyright *Guler*
Image caption Bakuda mustaqillikdan keyin Navroʻz tantanalari

1985 yildan odamlar "Bahor bayrami" degan atamani tilga olmay qoʻydilar va ochiqchasiga Navroʻz deyishni boshlashdi.

Navroʻz Oʻzbekiston mahallalarida ham bayram qilina boshlandi.

1991 yil Sovet Ittifoqi parchalanganidan soʻng Ozarbayjon Navroʻzni milliy bayram deya eʼlon qildi.

Markaziy Osiyodagi Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston ham Navroʻzni Mustaqillik kunidan keyingi ikkinchi katta bayram sifatida tan oluvchi qaror chiqardi.

Image caption Baku markazida qad koʻtaradigan yashil minora

Hozirda Navroʻz munosabati bilan Ozarbayjonda 5 kun taʼtil beriladi.

Bu MDH davlatlarida eng uzun Navroʻz bayramidir. Tantanalar esa 10 kungacha davom etadi.

Mahalliy kuzatuvchilarga koʻra, Navroʻz mazmun-mohiyati ortiqcha tijoratlashuvdan aziyat chekmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring