Rossiya: Usmonov beshta boydan bittasi

Alisher Usmonov Image copyright RIA Novosti

Bu kabi xulosaga Amerikaning nufuzli "Forbes" jurnali kelgan.

Jurnal oʻzining yangi reytingida asli oʻzbekistonlik milliarderni bugun Rossiyaning eng boy beshta odamidan bittasi, deb topgan.

Jahonning eng boyvachcha milliarderlari orasida Alisher Usmonov bu gal 66-oʻrinni egallagan.

"Forbes" oʻzbek milliarderi bugungi boyligi umumiy qiymatini $15 milliard AQSh dollaridan sal ortiqroqqa baholagan.

Jurnal yangi reytingida "Novateka" va "Sibur" shirkatlari hamsohibi Leonid Mixelson Rossiyada boylarning boyi boʻlib chiqqan.

"Forbes"ning hisob-kitobida bu milliarderning bugungi boyligi jaʼmi miqdori 18.4 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.

Aleksey Mordashov ($17.5 mlrd) va Vladimir Lisin ($16.1 mlrd)lar esa, qanchalik boy ekanliklari bobida yuqori uchlikni toʻldirgan qolgan rossiyalik ikki milliarder boʻlishgan.

Janob Usmonov, yillarki, turli xalqaro nufuzli nashrlar tasnifida Rossiya, Britaniya va dunyodagi eng boy odamlardan biri sanalib kelinadi.

Milliarder mobil aloqa, media va internet sohasidan tashqari Angliyaning yetakchi futbol jamoalaridan biri - "Arsenal"ning ham anchagina foiz hissalariga egalik qiladi.

Alisher Usmonov soʻnggi yillarda Rossiyaning eng boy odamlari roʻyxatida birinchilikni egallab kelayotgandi.

Ammo milliarder "Forbes" tasnifida birinchilikni bundan ikki yil burun "Interros" shirkati rahbari Vladimir Potaninga boy bergandi.

Jurnal 2015 yilning boshida Alisher Usmonovning umumiy boyligi qiymatini 14.4 milliard dollarga baholagandi.

Usmonov, Oʻzbekiston va dunyo boylari

Oʻtgan yil oktyabrida Alisher Usmonov Rossiya soliq rezidentligidan chiqqan.

Bunga milliarderning bir yil davomida mamlakatda 183 kundan kam boʻlgani rasman sabab qilib keltirilgan.

Britaniyaning ham eng badavlat shasxlaridan boʻlgan Usmonov oʻtgan yil birinchi marta Shveytsariyaning oʻnta eng boy odamlar roʻyxatiga kiritilgan.

Shveytsariyaning 'Bilan' jurnali Usmonovning boyligini 12-13 milliard shveytsar franki yoki 11,8-12,8 milliard dollar deb baholagandi.

Oʻtgan yil oxirida Alisher Usmonov Oʻzbekistonga qaytishni "istashi" va "rejalayotgani"ni aytgan.

Alisher Usmonov Oʻzbekiston va uning rahbariyatiga yordam berishga har doim tayyorligini izhor qilgan.

"Forbes" ning yangi reytingida dunyoning shuncha boylari orasidan ilgʻorlikni yana amerikalik tadbirkor, "Microsoft" shirkatining asoschilaridan biri Bill Geyts ilib ketgan.

Jurnal bu milliarderning jaʼmi boyligini bu yil $86.8 milliard dollarga baholagan.

Bugungi dunyo boylarining yuqori uchligiga $77.1 milliard dollar sarmoyasi bilan ispaniyalik milliarder Amansio Ortega va $74.1 milliard puli bilan amerikalik boshqa bir tadbirkor Uorren Baffet kirishga muvaffaq boʻlishgan.

Ammo rossiyalik biror bir milliarder yangi roʻyxatda yuqori oʻnlikdan joy topa olmagan.

Dunyoning oʻnta eng boy odami aksariyatining amerikalik ekani maʼlum boʻlgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring