Maktab oʻquvchilari qabriston tozalashadi

maktab oʻquvchilari Image copyright qalampir.uz

Oʻzbekistonda "Kamolot" tashabbusi bilan maktab oʻquvchilari va talabalar bir oy davomida qabriston va ziyoratgohlarni tozalaydi. Tadbir "Ekologik madaniyat oyligi" doirasida oʻtkaziladigan bir necha loyihalardan biri va unga barcha maktab, kollej hamda oliygohlar jalb qilinishi aytilmoqda.

Bu haqda "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati matbuot anjumanida maʼlum qilingan. Bir oy davomida maktab oʻquvchilari va oliy taʼlim muassasasi talabalari oʻquv yurti hududi, ziyoratgoh va qabristonlarni tozalash va koʻchat ekish, daraxt oqlash ishlariga jalb qilinadi.

"Yoshlarda ekologik madaniyatni, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish koʻnikmasini shakllantirish, ularning ekologik bilimlarini yanada boyitish muhim ahamiyatga ega", - deyiladi OʻzA agentligi xabarida.

Qabristonlarni tozalash ishlari "Ajdodlar xotirasi muqaddas" loyihasi doirasida oʻtkazilayotgani aytilgan.

Majburiy mehnat

Xalqaro tashkilotlar Oʻzbekiston hukumatini majburiy mehnatdan foydalanishda ayblab keladi. Tanqidlar natijasida bir necha yildan beri paxta terish ishlarida maktab oʻquvchilarini jalb qilish toʻxtatilgan.

Oʻzbekistonda tekshiruvlar oʻtkazgan Xalqaro mehnat tashkiloti ularning oʻrniga maktab oʻqituvchilari, shifokor va boshqa davlat byudjeti tashkilotlari bilan kollej hamda oliygoh talabalari jalb qilinganini aytgan.

Biroq Oʻzbekistondagi inson huquqlari tashkilotlariga koʻra, Oʻzbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish hamon davom etmoqda.

"Ezgulik" inson huquqlari guruhi BMTning Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Jahon Bankining "Oʻzbekistonga keladigan ikkiyuzlamachi delegatsiyalari" bilan har qanday muloqot va uchrashuvlardan voz kechishini aytgan edi.

Ayni tashkilotlar Oʻzbekistondagi ahvol borasida notoʻgʻri xabarlarni tarqatganlar, deyilgan tashkilot chiqargan bayonotlarda.

"Ezgulik" jamiyati Oʻzbekistonda bolalar mehnati mavjud emas, degan soxta xulosalarni jahon hamjamiyatiga havola etgan Jahon Banki va BMTning Xalqaro Mehnat Tashkilotiga boykot eʼlon qiladi" - deydi jamiyat oʻz bayonotida.

Unga koʻra, Oʻzbekistondagi ahvolni oʻrganishga kelgan mazkur xalqaro tashkilotlarning vakillari mamlakatdagi vaziyatni yaqindan kuzatib keladigan "Ezgulik" bilan uchrashmasdan, aksincha, "Oʻzbekiston hukumatining nogʻorasiga oʻynab, mamlakatda bola mehnati ekspluatatsiyasi hollariga koʻz yumdi".

"Mamlakatimizning Andijon, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida bolalar mehnatidan foydalanish, ularni paxta yigʻim-terimiga jalb etish hollari uchradi" - deya keltiradi "Ezgulik" oʻz kuzatuvlariga asoslanib.

XMT (Xalqaro Mehnat Tashkiloti) vakillari Oʻzbekistonda boʻlib, mamlakatda bola mehnatidan deyarli foydalanilmayotganini aytib, oʻz oʻrnida, "kattalarning majburiy mehnatga jalb qilinayotganidan" tashvish bildirishgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq