#100kun: Mirziyoyevning xorijiy matbuotga ilk intervyusi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Akorda.kz
Image caption Mirziyoyev Qozogʻiston va Oʻzbekiston butun mintaqa uchun masʼulliklarini taʼkidlagan

Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil dekabrida Prezident etib saylanganidan buyon birinchi marta xorijiy matbuotga intervyu bergan. Hokimiyatga kelishidan oldin Mirziyoyev "matbuotdan oʻzini olib qochadigan" odam sifatida taʼriflangan.

22-23 mart kunlari Qozogʻistonga boʻladigan tashrifi arafasida Qozogʻistonning davlat xabar agentligi-Kazinform Mirziyoyev bilan suhbatni chop etdi.

Unda Oʻzbekiston rahbari Qozogʻiston va boshqa qoʻshnilar bilan qanday aloqalar oʻrnatmoqchi ekani borasidagi savollarga javob bergan.

"Qozogʻiston Prezidenti bilan uchrashuv chogʻida biz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni jadallashtirish va albattaki, mintaqadagi vaziyatni ham muhokama qilamiz", - deb aytgan Mirziyoyev.

Mintaqa uchun masʼul

Mirziyoyevning soʻzlariga koʻra, koʻpgina mintaqaviy va xalqaro masalalarda ikki qoʻshni davlatning mavqeʼlari bir.

U Oʻzbekiston va Qozogʻiston yirik Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat uchun masʼul ekanliklarini yaxshi anglashini taʼkidlagan.

Oʻzbekiston rahbariga koʻra, bironta ham davlat butun mintaqani tashvishga solayotgan muammoni yakka oʻzi hal qilolmaydi.

"Markaziy Osiyo hamma vaqt suv zahiralariga qaram boʻlgan. Hozirgi global iqlim isishi va suvga talab kuchayayotgan bir paytda muammo tobora mushkullashmoqda", - degan u.

Mirziyoyev suv muammosini birgalikda yechishga chaqirgan.

Oʻtmishda marhum prezident Islom Karimov suv masalasida anchayin murosasiz mavqeʼni egallagan va qoʻshnilarni "sur urushi"dan ogohlantirgandi.

Bu haqdagi maxsus lavhamiz:Markaziy Osiyo suv uchun urushadimi?

Mirziyoyevning aytishicha, oldinga qarab yurishning yagona yoʻli mintaqaviy hamkorlik va "maʼnilik murosa"dir.

"Bizning mamlakatimiz oʻz energiya zahiralarini qoʻshnilarni chetlab oʻtgan holda jahon bozoriga yetkaza olmaydi. Shuning uchun transport yoʻllarini tartibga soladigan va yangi naqliyot yoʻlaklarini ishga tushiradigan hammamiz uchun manfaatli yagona integratsiyalashgan tizim yaratishimiz kerak", - deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.

Faqat kuch bilanmas

Qozoq matbuotiga intervyusida Mirziyoyev mintaqaviy xavfsizlik va terrorchilikka qarshi kurash borasida ham oʻzining oʻtmishdoshidan farqli yondoshuvni bayon qilgan.

Uning aytishicha, xavfsizlik choralari iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash uchun muhim.

Ammo ayni paytda faqat kuch bilangina barqarorlik oʻrnatib boʻlmaydi.

"Terrorchilik va radikallashuvga qarshi kurash faqat xavfsizlik choralarinigina emas, balki barqaror iqtisodiy rivojlanish, tadbirkorlik va odamlarning ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ham oʻz ichiga olishi zarur", - deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.

U qoʻshni Afgʻonistonda tinchlikka erishish uchun avvalo iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash zarurligini taʼkidlagan va butun mintaqa davlatlarini ayni jarayonda ishtirok etishga daʼvat qilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq