"Millat farovonligi – eng katta baxt, deb oʻylardim"

Oʻzbeklar Image copyright COURTESY

Toshkentdan muxolifat va inson huquqlari faoli Dilorom Ishoqova Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida "eng baxtlisi", deb topilgan yangi xalqaro hisobotga xuddi ana shunday munosabat bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti buyurtmasi asosida tayyorlangan "World Happiness Report" kecha - dushanba kuni eʼlon qilingan.

Yangi hisobotda dunyoning 155 davlatidagi baxtlilik va yoki baxtiyorlik darajasiga baho berib chiqilgan.

Oʻzbekiston unda 47-oʻrin bilan Rossiya doxil qolgan barcha sobiq Shoʻro davlatlarini ortda qoldirib ketgan, jahondagi eng baxtli 50 ta mamlakatdan bittasi sifatida eʼtirof etilgandi.

Ayon boʻlishicha, har bir ishtirokchi davlatdagi baxtlilik darajasi ular aholisi vakillarining individual baholariga tayanib keladi.

Tadqiqot jarayonida har yil qariyb mingtadan kishining bu xususdagi fikrlari oʻrganiladi.

Bundan tashqari, yakuniy xulosaga kelishdan avval:

Yalpi Ichki Mahsulot va aholi jon boshiga oʻrtacha daromadi;

Sogʻlom umr koʻrish muddati;

Ijtimoiy muhofaza darajasi;

Insonlarning shaxsiy qaror berish erkinliklari;

Saxovatpeshalik;

Hukumat tizimlari va biznes sohasidagi korruptsiya darajasi kabi oltita asosiy omilga eʼtibor qaratilgan.

Butunjahon Baxtiyorlik kunida eʼlon qilingan bu hisobot aksariyat mahalliy va mintaqaviy internet nashrlarining eʼtiboridan chetda qolmagan.

"Hammadan baxtli"

Image copyright rustam shagaev

Yangi hisobot bu internet nashrlarida umumiyatla: "Oʻzbekistonliklar SNG da hammadan baxtli" sarlavhasi ostida oʻz ifodasini topgan.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston oʻtgan yilgi hisobotda ham Markaziy Osiyo va MDH davlatlari orasida "eng baxtlisi", deya tan olingan, ammo oʻshanda roʻyxatda 49-oʻrinni egallagandi.

Agar, yangi hisobot tafsilotlariga tayanilsa, bu yil Oʻzbekiston roʻyxatda ikki pogʻona yuqorilab, "baxtiyorlik" reytingida oʻzining koʻrsatkichlarini yanada yaxshilab olgan.

"Dunyo dunyo boʻlibdiki, baxt va baxtiyorlik haqidagi fikr, bahs va munozaralar hech toʻxtamaydi. Shu qadar katta munozaraga sabab savol boʻladi bu. Agar, shu savol mendan 10 yilcha burun soʻralganda, albatta, unga javobim boshqacha boʻlardi", - deydi Toshkentdan faol suhbatdoshimiz Dilorom Ishoqova.

"Baʼzan baxt shu qadar ulkan bir tushunchaki, uni bitta odam oʻzi hazm qilolmaydi, bu faqat bitta insonga tegishli narsa boʻlishi mumkin emas, hamma: yaʼni, oʻzimiz, yaqinlarim, xalq va albatta, mana shu millatning farovonligi eng katta baxt, deb oʻylardim. Chunki oʻsha millat ichida men borman, oilam bor, deb oʻylardim", - derkan, u kishi bugun tamom boshqacha fikrda ekanligini taʼkidlaydi.

"Chunki bugun bu millatga men va men kabilar oʻy-fikrlarining hech keragi yoʻq. Bu xalqqa bizning mutlaqo keragimiz yoʻq. Bu keyingi yillarda men shuni tushundim. Chunki hamma hozir baxtni oʻzicha tushunadi", - deydi faol.

"Bugun bir inson uy qurdim, unga bolalarim bilan koʻchib kirdim, deb baxtli. Boshqasi mashina oldim, deb baxtiyor. Yana biri pora berib, zoʻr ishga joylashib oldim, deb xursand...".

"Shuning uchun ham men hamisha shu savolga javob berishga qiynalganman. Aslida ham shunday boʻlsa kerak. Shu dunyoda necha million odam boʻlsa, ularning baxt haqidagi tushunchasi hamisha har xil boʻlsa kerak", - deya oʻz soʻzlarida davom etadi u.

Savollar...

Image copyright COURTESY

Faol suhbatdoshimiz, oʻz oʻrnida, korruptsiya darajasi boʻladimi va yoki sogʻlom umr koʻrish muddati, Oʻzbekistonning turli xalqaro tashkilotlar tasnifida qayd etib kelayotgan koʻrsatkichlarini nazarda tutib, baxtiyorlikka oid yangi hisobotni tayyorlash jarayonida tadqiqotchilar inobatga olgan omillar boʻyicha natijalarini ham shubha ostiga oladi.

Oʻzbekiston esa, dunyo boʻylab korruptsiya darajasini baholab boruvchi "Transparency International" xalqaro tashkilotining shu yil boshida eʼlon qilingan yangi hisobotida 176 ishtirokchi mamlakat orasidan quyi yigirmalikdan joy olgan yagona sobiq Shoʻro davlati boʻlgan.

"Transparency International" tashkilotining oʻtgan yilgi hisobotida Oʻzbekiston 168 mamlakat orasida 153-oʻrinni egallagan boʻlsa, bu yilgi roʻyxatda uch pogʻona pastlagan.

Xalqaro tashkilotning xulosasi davlat sektoridagi korruptsiya darajasi borasida ekspertlar va biznesmenlar tomonidan berilgan baholarga asoslangan.

Agar, mazkur xalqaro tashkilotning yangi roʻyxatiga tayanilsa, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasidan eng korruptsiyaga botgani boʻlib chiqqan.

Ammo shu oy boshida Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida"gi qonunga imzo chekkan.

Shu tariqa Mirziyoyev davridagi qonunchilikning eng muhim namunalaridan biri sifatida koʻrilgan korruptsiyaga qarshi kurash haqidagi qonun Oʻzbekistonda rasman kuchga kirgan.

"Men juda hayronman, bu qaysi faktlarga tayanib, shunday bir xulosaga kelingan", - deydi Toshkentdan faol suhbatdoshimiz Dilorom Ishoqova.

"Keyin yana aholining turmush darajasi...Mening Qozogʻistonda qarindoshlarim bor. Solishtirish imkonim bor. Uzoqqa bormaylik, mana, Qozogʻiston SNG davlatlaridan biri. Ularning turmush darajasi solishtirib boʻlmaydigan darajada bizlardan yuqori. Qanaqa turmush darajasi haqida gapirish mumkin?..."

"Haqiqiy baxtiyorlik"

Image copyright COURTESY

Suhbatdoshimiz nazdida, Oʻzbekistonda rostmana baxtiyorlik darajasiga yetish uchun eng avvalo korruptsiya hollariga butkul barham berilishi kerak. "Aslida "baliq boshidan boʻlganidan keyin" dumidan tozalanmasligi kerak. Oʻshandagina hukumatga ishonadi xalq".

Oʻzbekistonning yangi prezidenti "Shavkat Mirziyoyevning chiqishlaridan, gaplaridan juda katta umid bor hozir odamlarda bir narsalar oʻzgaradi", degan.

"Mana shu metroning maʼlum soatlarda nafaqaxoʻrlar uchun bepul qilinishi ham hatto!..Endi, bizning qay darajaga tushib qolganimizni tasavvur qilingki, shu metro tekin boʻlganiga xursandmiz...Oʻsha 1500 soʻm uchun xursandmiz...Pensioner har kuni qayerga borardi, ishga borarmidi?!.", - deydi u kishi.

"Bundan tashqari, albatta, birinchi navbatda aytilishi, qilinishi kerak boʻlgan ishlar - oʻsha inson huquqlari...".

"Agar, hukumat inson huquqlariga rioya qilmasa, bu qonun ustivorligini taʼminlamasa, yana "eski hammom, eski tos boʻladi". Oʻsha qonunlarni ishlatishimiz kerak".

"Qonunlarimiz, konstitutsiyamizda ham chala joylari bor. Demokratiya taqchilligi bor. Mana shularning hammasini asta-sekinlik bilan toʻgʻrilab, oʻsha holida ham ularga rioya qilish kerak".

"Oʻsha qonun ustivorligi boʻlsa, inson huquqlariga rioya qilinsa, sekin-sekin jamiyatni bu botqoqdan olib chiqish mumkin. Hozir bu hamma tomondan boʻhron, hamma tomondan biz botib ketganmiz. Bu botqoqdan, bu chuqurlikdan chiqish yoʻllarining eng asosiysi, baribir, ana shu ikkita omil, deb bilaman", - deydi Toshkentdan muxolifat va inson haqlari faoli Dilorom Ishoqova.

Qolgan "baxtlilar"

Image copyright COURTESY

"Baxtlilik va yoki baxtiyorlik" boʻyicha yangi xalqaro hisobotda Oʻzbekistondan keyin eng yaxshi ikkinchi natija koʻrsatgan sobiq Shoʻro davlati Rossiya boʻlgan.

Rossiya yangi roʻyxatda Oʻzbekistondan ikki pogʻona quyida kelib, 49-oʻrindan joy olgan.

Litva(52-oʻrin), Latviya(54-oʻrin) va Moldova(55-oʻrin)lar esa, MDH boʻyicha yuqori beshlikni toʻldirgan qolgan uch sobiq Shoʻro Respublikasi boʻlishgan.

Markaziy Osiyoda esa, 98-oʻrin bilan qirgʻizistonliklar "eng baxtsizi" boʻlib chiqishgan.

Mintaqada oʻzlarining qanchalik baxtiyorliklari bobida Oʻzbekistondan keyingi oʻrinlarni Turkmaniston(59-oʻrin), Qozogʻiston(60-oʻrin) va Tojikiston(98-oʻrin)lar egallashgan.

Qoʻshni Afgʻoniston esa, yangi roʻyxatda 141-oʻrin bilan dunyoning 15 ta baxtsiz davlatidan bittasi, deb topilgan.

Daniya, Norvegiya va Islandiya jahonning eng baxtiyor davlatlari yuqori uchligini toʻldirishgan bir manzarada, Suriya, Tanzaniya, Burundi va Markaziy Afrika Respublikasi oʻta baxtsizlarining quyi toʻrtligidan joy olishgan.

Yaqinda nufuzli "Global Finance Magazine" tomonidan olib borilgan va dunyoning 198 davlatini qamrab olgan tadqiqotda Markaziy Afrika Respublikasi dunyoning eng nochor davlati, deb ham topilgan.

Oʻzbekiston esa, Qozogʻiston va Turkmanistondan keyin Markaziy Osiyo mintaqasining uchinchi boy davlati boʻlib chiqqandi.

Mahalliy kuzatuvchilarga koʻra, oʻzbek xalqida ham aksariyat aholisi musulmon boʻlgan qolgan mintaqa davlatlarida kuzatilgani kabi "shukr qilish" hissi kuchli.

Bundan tashqari, ularning nazdlarida, koʻpchilik oʻzbekistonliklarda atrofdagi muammolarga befarqlik bilan qarash kayfiyati ustun, bundan tashqari, ular haqiqiy fikrlarini aytishdan tortinishadi va yoki qoʻrqishadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring