Mirziyoyevning 100 kuni: "Tovuq iqtisodi" Oʻzbekistonni qayerga olib boradi?"

Samarqandda tovuq sotib oʻtirgan ayollar Image copyright AlEX ULKO

Prezident Shavkat Mirziyoyevning toʻlaqonli qudratdagi 100 kunlik faoliyati ham Oʻzbekiston ichkarisida va ham tashqarida umidlarni uygʻotdi.

Umidki, Prezident Karimovning boshqaruvi yillarida koʻp aytib kelingan erkin demokratik jamiyat, bozor iqtisodiyotini barpo etish yoʻlidagi harakatlar mana endi boshlanadi degan umid.

Ammo mustaqil Oʻzbekiston tarixida bir necha marta yillar inson manfaatlari deb nomlangani, katta-katta minbarlardan gapirilgani bilan 25 yil mobaynida davlat oʻz fuqarolariga gʻamxoʻr davlat boʻlib kelgani yoʻq, bu davlatga xizmat qilib kelgan tizimni 100 kunda oʻzgartirish ham oson ish emasligi ayonlashdi.

Xursand qiladigan jihati - iqtisodning yildan-yilga oʻsib borayotgani, oddiy oʻzbekistonliklarning hayot darajasi yuqorilab borayotgani haqidagi soxta statistik raqamlardan voz kechishga qaror qilindi va Prezident Shavkat Mirziyoyev yordamga muhtoj bir insonga na tuman, viloyat hokimligi, na vazirlik, na bank va boshqa idora taʼmasiz yordam beradigan tartib Oʻzbekistonda shakllanib ulgurganini tan oldi.

Oʻzbekiston va oʻzbekistonliklarni yaxshi biladigan koʻp insonlar bir gapni mudom aytishadi: "Oʻzbek xalqi mehnatkash, qaqragan choʻlni soya-salqin bogʻu-rogʻga aylantirishdek uzoq yillik mashaqqatdan qochmaydigan, ishning koʻzini biladigan, tadbirkor xalq. Bu xalqqa yordam bermasangiz bermang, ammo ishiga toʻsiq qoʻyib xalaqit bermasangiz, oʻzini ham boqadi, davlatni ham".

Toshkentdagi bir tuman hokimligidan bosh vazirlikkacha boʻlgan boshqaruv yoʻlini bosib oʻtgan Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqiqatni juda yaxshi biladi va dehqon yerda ishlab bola-chaqasini boqolmaydigan, shahar yashovchisi esa savdo yoki biznes bilan shugʻullanib 3-4 soʻm orttirolmaydigan boʻlib qolganidan, shu boisdan ham millionlab oʻzbekistonlik Rossiya, Qozogʻiston, Koreya, Yevropa yoki Amerikaga ish izlab ketishga majbur boʻlganidan yaxshi xabardor.

Shuning uchun ham hokimiyatga kelganidan keyin Prezident Mirziyoyev davlat oddiy odamning muammolarini hal etishga koʻmaklashmogʻi lozim, degan yondashuvni tanlagan va chiqarayotgan farmon va qarorlari ana shu maqsadga qaratilgani koʻrinadi.

10-20 yil davomida aksar oʻzbekistonliklar "bank eshigiga yaqinlashib boʻlmaydi" degan qarashda edilar, oxirgi oylarda esa bank xodimlari uyma-uy yurib bank kreditlarini taklif qila boshladilar.

Oddiy insonlarda "men ham kredit olib, mol boqishim, limonariy qurishim mumkin" degan umid paydo boʻldi.

"Har bir xonadon 100 tadan tovuq boqishga majbur"

Image copyright AP

21 yanvar kuni Qoraqalpogʻistonga safari payti Prezident Mirziyoyev kam taʼminlangan oilalarning turmush sharoitini yaxshilash yoʻlida parrandachilik bilan shugʻullanishni tavsiya etdi.

"Respublika boʻyicha, ayniqsa, Qoraqalpogʻistonda qishloqda yashovchi har bir xonadon 100 tadan tovuq boqishga majbur. 100 ta tovuq eng kamida kuniga 50 ta tuxum beradi. 10 tasini oʻzi yeb, har kuni 40 tadan tuxum sotsa, kam taʼminlangan oila boʻlmaydi. Bu ertangi iqtisodiyotimizning barqarorligi", deb aytdi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan soʻng qator viloyatlarda oilalarga joʻjalar tarqatildi.

Bu amallarda Shoʻrolar zamonidagidek maʼmuriy-boshqaruv usulini koʻrganlar ham boʻldi.

Ammo Prezident Mirziyoyevning tovuqboqarlik tashabbusi odamlarni qashshoqlikdan qutqara oladimi, degan savol oʻrtaga chiqdi.

Oʻzbekiston sharoitida tovuq boqish, tuxum savdosi bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlarning soʻzlariga koʻra, katagida 100 tovugʻi bor odam har kuni ham 50 ta tuxum olishi oson emas ekan.

Mahalliy mulozimlar oilalarga kredit evaziga 30-40 joʻja yoki tovuq tarqatmoqdalar, hali bu kreditlarni qaytarish ham kerak.

Tovuqlarni boqish uchun don topish ham oson emas, issiq kunda tovuqlar kasallikka chalinmasligi chorasini koʻrmoq lozim.

Bir kunda tovuqli boʻlib qolgan insonlarning hammasi ham tovuqboqarlikning bu "nozik jihat"laridan yaxshi xabardorlar deb boʻlmaydi.

Shuningdek, Mirziyoyev tashabbusini SSSR rahbari Xrushchevning makkajoʻxori siyosatiga qiyoslayotganlar ham bor.

"Tovuq boqinglar, degani kichik biznesni rivojlantiringlar, degani"

Image copyright PA

"Bu prezidentning(Mirziyoyevning Tahr) tovuq toʻgʻrisida aytganiga bir tomonlama baho berish", deb hisoblaydi iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayev.

"Agar umumiy baho berish kerak boʻlsa, prezidentning 2017-2021 yilga qabul qilgan strategik tadbirlarini qarab koʻrish kerak. Shu tadbirlarda ilm-fandan boshlab bugungi kundagi jahon talablariga toʻgʻri keladigan ishlab chiqarishni ham rivojlantirish, pul-kredit, bank tizimini ham rivojlantirish, ishlab chiqarishda yangi-yangi texnologiyalarni koʻtarish, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish koʻzda tutilgan. Shularning hammasini birga qoʻyib chiqadigan boʻlsak, tovuq boqish - kichik biznesni rivojlantirishning bir koʻrinishi", deydi Saparboy Jubayev.

"Tovuq boqinglar, degani kichik biznesni rivojlantiringlar, degani. (Prezident Mirziyoyev) Qoraqalpogʻistonning oʻzida ikki-uchta ishlab chiqarish korxonasida uchrashdi. Ularga yengilliklar berdi. U yerda yangi texnologiyalar, yangi zavodlarni borib koʻrdi. Masalan, Moʻynoqda turizmni rivojlantirish rejalashtirilayapti. Bu qiziq tuyuladi, "odam ham choʻlga sayyohlikka boradimi" deb oʻylaysiz. Balki oʻshani borib koʻrgisi keladiganlar ham bordir", deydi iqtisodiy tahlilchi.

"Nima uchun u, tovuq boqinglar, dedi? Chunki oʻzining kichkina biznesi bilan shugʻullangan odam mahallaga borib "men pulga muhtojman" deb navbatga turib yalinmaydi. Shunda davlat byudjetidan kam taʼminlangan oilalarga moʻljallangan xarajat kamayadi. Bu odamlarning oʻzlari harakat qilsinlar, degan maqsadda qilinayapti", deydi Saparboy Jubayev.

Bu oʻrinda xalqimizning ming yillik maqolini aytib kutish oʻrinlidir: joʻjani kuzda sanaydilar.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Иқтисодий таҳлилчи Сапарбой Жубаев билан суҳбат.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring