#100kun: Mirziyoyevning boshqaruv uslubi nimasi bilan farqli?

Mirziyoyev oddiy xalq bilan muloqotni yoʻlga qoʻyishga chaqirgan Image copyright kun.uz
Image caption Mirziyoyev oddiy xalq bilan muloqotni yoʻlga qoʻyishga chaqirgan

Xalqaro inqiroz guruhi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tepasidagi ilk 100 kuniga bagʻishlab chiqargan hisobotiga koʻra, mamlakatning yangi rahbari odamlarning dardlariga quloq solishi va amaldorlarni ochiqcha tanqid qilishi xalq orasida uni mashhur qildi.

"Mirziyoyev Oʻzbekistondagi haqiqiy ahvolni biladigan odam, u sharoitni yaxshilashga qodir", deya 55 yashar oʻqituvchining soʻzlaridan iqtibos keltirgan Xalqaro inqiroz guruhi. Viloyatlarga qilayotgan muntazam safarlari chogʻida turli iqtisodiy oʻzgarishlarni tavsiya qilishi bilan Mirziyoyev "islohotchi" deb ham tasvirlanmoqda. Xoʻsh, u kiritgan aynan qaysi oʻzgarishlar xalqqa yoqdi? Hamda, uning boshqaruv uslubi marhum prezident Islom Karimovnikidan nimasi bilan farq qiladi? BBC bu savollar bilan ikki oʻzbekistonlik tahlilchiga murojaat qildi.

Umida Ahmedova, faol va fotograf, Toshkent

Shavkat Mirziyoyev prezidentligining Islom Karimovnikidan farqi hammaga maʼlum boʻlgan farqlar - Prezident Karimov davrida yopilgan yoʻllar ochilgani, virtual qabulxona tuzilishi bilan xalq uchun qayergadir oʻz dardini aytish imkoniyati paydo boʻlgani... Kimdir virtual qabulxona yordam berdi deydi, kimdir yordam bermadi deydi. Lekin buni faqat yomonlab boʻlmaydi, chunki ozmi-koʻpmi xalqning dardiga quloq tutilyapti. Lekin, hamma arzlar yetib borishi uchun tizim oʻzgarishi kerak. Tizim oʻzgarmadi-ku. Mirziyoyevning oʻzi xalq bilan yaqinlashgani va aralashgani men uchun koʻproq mish-mish darajasidagi xabarlar. Umuman, xalqimiz orasida norozilik tuygʻusi yoʻq boʻlib ketgan bir tuygʻu. Xalq hali "men undan roziman, mana bundan noroziman" deb bemalol oʻz fikrini ochiq-oydin aytmaydi, aksincha "Xudoga shukur, tinchlik". Norozi boʻlib fikrlash, tanqid qilish tuygʻusi falajlangan.

Image copyright Antologiya.uz
Image caption Umida Ahmedova Karimov prezidentligi davrida siyosiy taʼqiblarga uchradi

BBC: Prezidentning ilk 100 kuni Navroʻzga toʻgʻri kelyapti. Aftidan bu bayram nishonlanishida ham oʻzgarishlar bor.

Bugungi bayramga kelsak, agar xalq xoʻjakoʻrsinga emas, haqiqatdan, samimiy xursand boʻlib, samimiy bayram tuygʻusida nishonlasa, bu ijobiy narsa. Shunday boʻlishi kerak. Navroʻz - xalq bayrami. Mana menga Toshkentga nisbatan Xorazmda yoqqan tarafi - yaqqol koʻrinib turibdiki odamlar bir-biri bilan qovushib, oʻyin-kulgi qilib, bayram kayfiyatida yuribdi. Navroʻz, bahor degan kayfiyat.. Xalq saylini qilish faqat prezidentga qarab qolmasligi kerak.

BBC: Toshkentda yoʻllar ochilganini tilga oldingiz. Prezidentning boshqaruv stilidagi oʻzgarishlar Toshkentdagi kundalik hayotda yana qanday aks etdi?

Karimov prezidentligi davrida men prezident trassasi yoqasida yashardim. Haliyam yashayman, lekin yangi prezidentning marshruti oʻzgargan. Boshqa yoʻldan oʻtadi. Bir marta koʻrdim, vaziyat xuddi oʻsha. Daraxtlar tagida hali ham oʻsha muzikantlar (fuqarolik kiyimidagi qurolli qoʻriqchilar) turadi, har qadamda militsioner, hech qanaqa oʻzgarish yoʻq bu tomondan. Bular oʻzgarishi uchun tizim oʻzgarishi kerak.

Abdusalom Ergashev, inson huquqlari faoli, Fargʻona shahri.

Image copyright Abdusalom Ergashev
Image caption Abdusalom Ergashev Oʻzbekistondagi inson huquqlari vaziyatini tanqid qilib kelgan

Koʻrinib turgan bir yangilik - saylovlar arafasida va prezidentlikning dastlabki kunlarida prezidentlik virtual qabulxonasi bevosita ochildi va juda koʻpchilik murojaat qilganlarlarning, rasmiy axborot vositalarida taʼkidlanishicha, juda koʻp muammolari hal boʻldi. Lekin, hozir koʻpchilik sekin-asta yana oʻsha eski usulga oʻtib boryapti - yuborilgan shikoyatlar yana qaytib kelib, oʻsha mutasaddi boʻlgan mahalliy idoralarga yoʻnaltirilyapti.

BBC: Shu jihatdan, bu sohada juda yaxshi boʻlmagan bir tomonga oʻzgarish boʻldi deb aytishyapti. Bu - odamlarning fikri, koʻpchilikning fikri.

Odamlarda umid juda katta edi. Hali endi 100 kun boʻldi, ehtimol hali global oʻzgarishlar oldindadir. Asosiy erkinliklar boʻyicha hech narsa qilinmadi. Masalan, matbuot erkinligi, vijdon erkinligi, harakat erkinligi boʻyicha sezilarli oʻzgarish boʻlganini koʻrib boʻlmaydi. Bu erkinliklar cheklovi haliyam (marhum prezident Islom) Karimov davridagidek turibdi. Masalan, shu kunlarda "Mehnat va turmush" degan xususiy gazetada Toʻxtasinov degan fargʻonalik jurnalist viloyat va shahar hokimini tanqid qilib bir kattagina yaxshi maqola yozgan ekan, afsuski men uni oʻqiy olmadim. Endi viloyatning beshta koʻzga koʻringan jurnalisti Toʻxtasinovga qarshi viloyat gazetasida anchagina katta maqola chiqarishibdi, mahalliy gazetalarda ham chop qilishni koʻrsatma berishyapti ekan. Bu degani, mana toʻrtinchi hokimiyat boʻlib turib, shu toʻrtinchi hokimiyat rahbarlari oʻz jurnalistini himoya qilish oʻrniga birinchi hokimiyat rahbarining shaʼnini himoya qilyapti. Yaʼni, matbuot erkinligida hech qanaqa oʻzgarish yoʻq.

BBC: Lekin, ayni damda Prezident Mirziyoyevning oʻzi qandaydir imidjni namoyish qilishga urinayotgandek, shunday emasmi? Masalan, viloyatlarga koʻp safar qildi, odamlarning uylariga kirib bordi, qariyalar bilan oʻtirib choy ichib gurunglashdi. Yoki biznes yarmarkalarida tadbirkorlar bilan samimiy suhbatlashayotgani koʻrsatiladi. Bunday taassurotni qoldirish prezidentga nima uchun kerak?

Ehtimol, prezident buni yaxshi niyat bilan qilyapti. Lekin, komanda oʻsha-oʻsha, yaʼni jamoaning ishlash uslubi Karimov davridagi amaldorlarning uslubi. Bu yoqqa hali boshqa amaldorlar kelgani yoʻq. Mirziyoyev "boshqacha ishlashimiz kerak" deb ming marta aytgan bilan butun mamlakat, viloyatlardagi komandalar oʻsha eski usulga oʻrganib qolgan. Shuning uchun, Mirziyoyevning niyatlari yo rejalarini amalga oshirishda ancha qiyinchilik boʻlayotganga oʻxshaydi. U oʻz imidjini koʻtarish uchun emas, ehtimol u juda samimiy tarzda mamlakatda katta oʻzgartirish qilaman degan niyatda mana shu harakatlarni qilayotgan boʻlishi mumkin, men ham ishonaman shunga. Lekin, amaldorlarda fikrlash eskicha boʻlib qolayotgani uchun Mirziyoyev kiritishga urinayotgan yangiliklar juda qiyinchilik bilan hayotga tadbiq qilinyapti.

BBC: Nima qilishi kerak ularni tadbiq qilish uchun?

Bundan keyin odamlarning diliga oʻrnashadigan, odamlar kutib turgan yangiliklarni qilish, qaror va farmoyishlarni chiqarishidan keyin ularning bajarilishini ham nazorat qilganda edi, men shuni juda orzu qilardim. Qarorlari odamlarning koʻngliga mos tushyapti, lekin uning ijro nazoratini yoʻlga qoʻya olganda edi, juda maqsadga muvofiq boʻlar edi.

BBC: Toshkentlikliklar koʻzga koʻrinadigan oʻzgarishlar haqida gapirganlarida, Karimov davrida yopilgan koʻchalarning ochilishi, katta bayramlarda yopiq tantalalar oʻrniga xalq sayillari oʻtkazilishi kabi oʻzgarishlarni tilga olishyapti. Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan beri siz yashayotgan Fargʻonada qandaydir koʻzga koʻrinadigan oʻzgarishlar boʻldimi?

Aynan Navroʻz nishonlanishida, huddi Toshkentdagidek, maxsus odamlar uchun tadbir emas, ommaviy bayram boʻldi, bu juda yaxshi boʻldi. Ikki soat oldin ish boʻyicha Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Yahyobek Moʻminov bilan telefon orqali gaplashgandim. Men uni Toshkentda boʻlsa kerak deb oʻylagandim, lekin Fargʻonadaman dedi, bu yerdagi kontsert berib endi Buvaydaga tadbirga ketyapti ekan. Demak, shunday Yahyobek darajasidagi xonandalar viloyatda qolib, shahar-qishloqlarda tadbirlarda qatnashayotgan boʻlsa, bu juda katta oʻzgarish.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring