Olma-otadan Toshkentga tezyurar poyezd joʻnadi

poyezd

Olma-ota 2 temir yoʻl vokzalidan Toshkent shahriga qarab "Tulpar-Talgo" tezyurar poyezdi joʻnab ketdi. Mustaqillik yillarida ushbu ikki shahar oʻrtasida ilk marotaba toʻgʻridan-toʻgʻri poyezd aloqasi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Qozogʻiston tomoni ikki shahar oʻrtasidagi tezyurar poyezd qatnovi qoʻyilishiga jiddiy eʼtibor qaratgan. Poyezd bilan Oʻzbekistonga qozogʻistonlik jurnalistlar ham ketishgan.

Image caption Poyezd soatiga 200 chaqirim masofa bosadi

"Tulpar-Talgo" poyezdi soatiga 200 chaqirim masofa bosadi va chegaradagi pasport nazorati uchun toʻxtashlar bilan 16 yarim soatda Toshkent vokzaliga kirib boradi.

Haftada ikki marta yoʻlga chiqadigan poyezd narxlari Toshkent orqali Nukusga qatnaydigan Olma ota - Nukus poyezdidan ikki barobar arzon. Tezyurar poyezdning eng arzon narxlari 4228 tangadan (13 AQSh dollari) boshlanadi. Kupe shaklidagi vagonlarga 9342 tanga (29 dollar) toʻlash mumkin.

24 vagondan iborat poyezdga 424 yoʻlovchi ketadi, tarkibda bitta restoran vagon ham bor. Ilk poyezdga 300 dan ortiq chipta sotilgan va ularning 100 tasi toʻgʻri toshkenga boradi. qolganlar yoʻldagi stantsiyalarda tushib qoladi.

Image caption Tezyurar poyezd chipta narxlari nisbatan arzon

Poyezd Olma otadan ketarkan Oʻtar, Chu, Taraz, Chimkent va Sariagʻoch stantsiyalarida toʻxtab oʻtadi. Shu vaqtgacha ikki shaharni temir yoʻl orqali bogʻlab turgan Olma ota - Nukus poyezdi Toshkentgacha 25 soatu 33 daqiqa yoʻl yurgan. Bundan tashqari Novsibirsk - Toshkent poyezdi ham bu ikki shaharni bogʻlab turgan.

Eʼtiborli tomoni yoʻlga qoʻyilayotgan yangi poyezd imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar va ularga hamroxlik qilayotgan kishilarga 70 foizlik chegirma berishidir.

Oddiy odamlar tezyurar poyezd xabarini juda iliq qarshilagan.

Image caption Oddiy odamlar poyezd qatnovini iliq qarshi olgan

"Oʻzimda yoʻq xursand boʻlib oʻtiribman. Qizimni Toshkentda shifokorlarga koʻrsatayotgan edim. Ayrim vaqtlarda har hafta borishimizga toʻgʻri keladi. Bu poyezd 16 soatda olib borib qoʻyarkan. Narxi va chegirmalari ham juda choʻntakbop ekan", - deydi olma otalik suhbatdosh.

"Tulpar-Talgo" vagonlari Ispaniyada ishlab chiqarilgan va ichidagi sharoitlar zamonaviy talablarga javob berishi aytiladi. Qozogʻiston Temir yoʻllari shirkati mamlakatdagi muhim shaharlarni "Tulpar-Talgo" tezyurar poyezdlari bilan taʼminlagan.

Olma ota va Toshkent oʻrtasida ikki davlat aviakompaniyasi parvozlar ham amalga oshiradi. Yoʻlovchilarning asosiy qismi esa Olma otadan Oʻzbekiston chegarasigacha qatnovchi avtobuslar xizmatidan foydalanadi.

Biroq avtobus xizmatidan foydalangan fuqarolar chegaradan oʻtishda juda ham koʻp qiyinchiliklarga duch kelishidan nolishadi. Yoʻlovchilar chegara oʻtish nuqtasida korruptsiya va xizmatning toʻgʻri tashkil qilinmagani natijasida yuzaga keladigan turna qator navbatlardan aziyat chekishini aytishadi.

Image caption Tezyurar poyezd qatnovini qoʻyishga urinishlar oldin ham boʻlgan

"Qozogʻiston temir yoʻllari" milliy kompaniyasi 2014 yilda ham Olma ota - Toshkent oʻrtasida tezyurar poyezd qatnovini qoʻyishga harakat qilgan. Bu borada Oʻzbekiston bilan muzokaralar olib borilib, oʻsha yili yozda ilk poyezd Toshkentga borishi haqida xabar berilgandi.

Biroq muzokaralar muvafaqqiyatli kechmadi va qatnov amalga oshmadi.

Karimov vafotidan soʻng Qozogʻiston va Oʻzbekiston orasida munosabatlarda yangi toʻlqin boshlangani aytiladi.

Bundan oldinroq 2006 yili Oʻzbekiston tomonining tashabbusi bilan yopib qoʻyilgan janub viloyatlarini Toshkent bilan bogʻlovchi 39 sonli magistral yoʻlning ochilishi mumkinligi borasida rasmiy xabarlar chiqqandi.

Ikki davlat chegara oldi viloyatlarda avtobus qatnovini tiklashi haqida ham gapirgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring