Rossiya-Oʻzbekiston: dollar yana oshadimi?

AQSh dollari Image copyright COURTESY

Oʻzining qiyomiga yetgan 2013 yil bilan qiyoslanganda, oʻtgan yili oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyadan ortga yuborgan pul miqdori qariyb 60 foizga kamayib ketgan va $2.741 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan.

Bunga Rossiya Markaziy Banki tomonidan kuni-kecha eʼlon qilingan rasmiy maʼlumotlar dalolat qilgan.

Xuddi shu manzarada bundan uch yil avvalgisi bilan taqqoslanganda, tirikchilik ilinjida Rossiyaga yoʻl solayotgan oʻzbekistonliklar soni ham 30 foizga ozaygani ayon boʻlgan.

Ammo, shunda ham, Rossiyadan pul joʻnatish boʻyicha Oʻzbekiston fuqarolari qolgan MDH davlatlari vakillarini ortda qoldirib ketishgan.

Umumiy roʻyxatda esa, yuborgan pullarining miqdori boʻyicha Shveytsariyadan keyin ikkinchi oʻrinni egallashgan.

Agar, Markaziy Banki eʼlon qilgan yangi raqamlarga tayanilsa, oʻtgan yili Rossiyadan Shveytsariyaga 5 milliard 100 million AQSh dollari miqdorida pul oʻtkazilgan.

Mustaqilligi bilan kechgan chorak asrdan koʻproq vaqt davomida esa, aynan migrantlar ortga yuborayotgan pullar aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari misolida boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham "ijtimoiy muhofaza kamari" vazifasini oʻtagan, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning kafolati boʻlib kelgan.

Birgina Rossiya misolida olinganida, mehnat muhojirligida band fuqarolari ortga yuborayotgan mablagʻ Oʻzbekistonda Yalpi Ichki Mahsulotning 12-13 foizchasini tashkil etib kelgan.

Shunday ekan...

Image copyright COURTESY

Shveytsariyadan asli oʻzbekistonlik sobiq diplomat va iqtisodiy sharhlovchi Alisher Taksanovning aytishicha, "bu salmoqli mablagʻ".

"Aynan shu mablagʻ Oʻzbekistonda pul muvozanati va xorijiy valyutaning amaldagi joriy kursini tutib kelgan", - deydi bu suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, bu pul joʻnatmalari miqdorining kamayishi Oʻzbekistonda turmush darajasining anchagina pasayishiga olib keladi.

"Bu narsa allaqachon valyuta qora bozor kursining keskin koʻtarilib ketishida namoyon boʻldi", - deydi suhbatdoshimiz.

Iqtisodiy sharhlovchiga koʻra, mavjud holat ichki sarmoya muhitida ham oʻz ifodasini topmay qolmaydi.

"Katta ehtimol bilan nafaqat valyuta qora bozor kursi koʻtarilib, oʻzbek soʻmi qadrsizlanishiga olib keladi. Bundan tashqari, inflyatsiya darajasining oshishi, ishlab chiqarish koʻlami, aholi turmush darajasini pasayishi va kapitalning Oʻzbekistondan chetga chiqib ketishiga ham sabab boʻladi".

"Bu esa, yana qora bozor, yana tovarlar kontrabandasi, yana shubhali korchalonlar oshigʻining olchi boʻlishi va tabiiyki, yana soya iqtisodi kuchayishini anglatadi".

Joriy yilning ilk ikki oyida soʻm rasman 5.1 foiz qiymatini yoʻqotgan, qora bozorda esa shu oyning oʻzida 10 foizga qadrsizlangan.

Tahlilchilar esa, Oʻzbekiston iqtisodi tuzilmaviy islohotlarga muhtoj ekanini aytib keladilar.

Oʻzbekistondan kelayotgan soʻnggi xabarlarga koʻra, Toshkent shahrida allaqachon valyuta oldi-berdisi bilan shugʻullanuvchilarga nisbatan reydlar boshlangan.

Guvohlar taniqli sarroflarning qoʻliga kishan solib olib ketilganini koʻrishgan.

Aksilchora

Image copyright COURTESY

Shveytsariyadan iqtisodiy sharhlovchi suhbatdoshimizning aytishicha, jahon tajribasida bu kabi holatlarga qarshi ish berishi mumkin boʻlgan mexanizmlar yangilik emas.

"Ammo, muammo shundaki, buning uchun (Oʻzbekistonda - tahr.) kardinal islohotlar lozim. Albatta, bu yoʻlda ayrim qadamlar qoʻyilayapti. Biroq qudratda boʻlgan amaldorlar oʻsha, oʻsha - marhum prezident Islom Karimov davridagi "korruptsiyaga botgan amaldorlar". Tabiiyki, ular foydadan mahrum qolishni istashmaydi va yangi prezident qoʻl urmoqchi boʻlayotgan islohotlarga qarshilik qilishadi", - deydi u.

Iqtisodiy sharhlovchiga koʻra, mavjud vaziyatdan chiqib ketishning yoʻli yoʻq emas, bor.

Uning aytishicha, "buning uchun rostmana islohotlar oʻtkazilmogʻi, valyuta kursini tushirib, uning erkinlashtirilmogʻi, tadbirkorlarga mustaqil qaror olish erkinligi berilmogʻi, kapital, barcha pul oqimlarini oʻz nazoratlari ostida tutib kelayotgan amaldorlar yangisi bilan oʻzgartirilmogʻi kerak".

"Ammo bu juda mushkul vazifa. Prezident uddasidan chiqsa, bu - yaxshi ish boʻladi".

"Boshqa tomondan, u islohotlarni xalq, fuqaroviy jamiyatga emas, eskidan qolgan oʻsha amaldorlar apparatiga tayanib amalga oshirmoqchi boʻlayapti. Xalqning bu kabi dastagisiz esa, uning qandaydir ijobiy natijaga erishishi juda-juda qiyin boʻladi".

Oʻzbekistonliklar va migratsiya

Image copyright COURTESY

Yillarki, mintaqada aholisi soni eng kattasi (hozir 32 millionga yaqinlashib qolgani aytiluvchi) boʻlgan Oʻzbekiston sobiq Shoʻrolar Ittifoqi hududidagi "asosiy ishchi kuchi taʼminotchisi" sifatida koʻrib kelinsa, "bosh isteʼmolchi" aynan Rossiya boʻlib kelgan.

Agar, ayrim hisob-kitoblarga tayanilsa, oʻzbekistonlik jaʼmi mehnat muhojirlarining toʻrtdan uch qismi Rossiyaning hisobiga toʻgʻri keladi.

Oʻtgan yilgi rasmiy maʼlumotlarda esa, Rossiyada mehnat muhojirligida band boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining soni ikki million atrofida ekani aytiladi.

Hatto, bu raqamlar ham bir yil avvalgisi bilan taqqoslanganda, tirikchilik ilinjida Rossiyaga yoʻl solayotgan oʻzbekistonlik migrantlar sonining 15 foizga kamayganiga dalolat qiladi.

Yaʼni, soʻnggi ikki yil ichida Rossiyada mehnat muhojirligida band Oʻzbekiston fuqarolari foizining ham izchillik bilan kamayib borayotgani kuzatiladi.

Soha ekspertlariga koʻra, mavjud vaziyatga, bir tomondan, Ukraina inqirozida tutgan oʻrni sabab, Gʻarb tomonidan Rossiyaga nisbatan ustma-ust joriy etilgan qator sanktsiyalar sabab boʻlgan.

Boshqa tarafdan, aynan 2015 yilga kelib, Rossiyada migratsiya qonun-qoidalarining keskin kuchaytirilishi voqeʼligi ham oʻzining jiddiy soʻzini aytgan.

Yangi tartib-qoidalar

Image copyright COURTESY

Yaʼni, bundan ikki yil burun Rossiyada mehnat muhojirlariga patent berishning yangicha tartibi joriy etilgan, mavjud holat esa, ularni, ayniqsa, moliyaviy jihatdan mushkul ahvolda qoldirgan.

Patent olish uchun koʻzda tutilgan yangi tartib-qoidalarga muvofiq, migrantlar buning uchun OITS, sil, teri-tanosil kasalliklari va giyohvand modda isteʼmol qilish-qilmasliklarini aniqlab beruvchisi doxil qator tibbiy tekshiruvlardan oʻtishlari shart koʻriladi.

Bundan tashqari, ularning tibbiy sugʻurta, INN(soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami) raqamiga ega boʻlishlari, rus tili, Rossiya qonunchiligi va tarixidan imtihon topshirishlari ham taqozo etiladi.

Ustiga ustak, mehnat muhojirlarining bular barchasiga bir oyning ichida ulgurishlari shart koʻriladi.

Aks-holda ularning 10 ming Rossiya rubli miqdorida jarima puli toʻlashlariga toʻgʻri kelishlari aytiladi.

Oʻz vaqtida muvaffaq boʻlgan taqdirlarida ham, mehnat muhojirlarining avvaliga patent uchun 14.5 rubl, keyinchalik uni choʻzdirish uchun oyiga 4 ming rubldan toʻlab borishlari shart, deb koʻriladi.

Agar, ayrim hisob-kitoblarga tayanilsa, pulga chaqqanda, butunboshli jarayon Rossiyaga chetdan ish izlab kelgan mehnat muhojiriga jaʼmi 1 ming AQSh dollariga tushishi mumkin.

Rossiyadan faol Sevara Mannonovaning aytishicha, oʻzbekistonlik mehnat muhojirlariga ham xuddi shu narsa pand bermoqda.

Yaʼni ketajak sarf-xarajatlarning miqdori oshib borayotgani bois, ular Rossiyada mehnat qilishlari uchun lozim koʻrilgan hujjatlarni risoladagisidek tayyorlay olishmaydi.

"Qoʻllarida lozim hujjatlari boʻlmaganidan keyin durustroq bir ish topisholmaydi. Topgan taqdirlarida ham, ish soati koʻp boʻlishidan tashqari, oylik maoshlarini oʻz vaqtida ololmay qiynalib ketayapti xalq...", - deydi Sankt-Peterburgdan bu faol suhbatdoshimiz.

Rossiya va ish

Image copyright COURTESY

U kishining oʻz ish tajribasi va kuzatuvlaridan kelib chiqib aytishicha, oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyada asosan qurilish va farroshlik kabi maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida band.

"Bizning mehnat muhojirlarimizni bundan boshqa yana qanaqa ishga olishi mumkin?..Oʻz haqqini talab qilolmaganidan keyin, yaʼni. Chunki Rossiyaga kelib, lozim koʻrilgan hujjatlarni tayyorlay olmagan odam bunday qila olmaydi. Negaki, davlatning qonunini buzgan hisoblanadi".

"Misol, Rossiyada allaqachon tanish-bilishi, aka-ukasi va yo ota-onasi boʻlgan odamlar hujjat qila olishi mumkin. Ammo Rossiya qonun-qoidalarini bilmasdan turib, oʻzicha kelgan odam qanday qilib hujjat qila oladi?.."

Suhbatdoshimizning aytishicha, bu kabi mehnat muhojirlari orasida toʻrt oylab oʻz oylik maoshlarini ololmay yurgan odamlar bor.

"Menga yordam soʻrab, murojaat qilishadi. Ammo qoʻllarida mehnat shartnomasi va lozim hujjatlari boʻlmaganidan keyin men ularni qayerga, nima, deb olib bora olaman...Faqat televideniyedan odam chaqirib, murojaat qila olishim mumkin, xolos. Chunki lozim hujjatlari boʻlmaganidan keyin men ularning bir yerda ishlayotganliklarini tasdiqlay olmayman", - deydi u kishi.

"Ish beruvchilar esa, bizga pul oʻtmayapti, deb oʻzlarini oqlashadi. Mehnat muhojirlari ham yigʻilib, ahil boʻlib, birgalikda ulardan oʻz ish haqlarini soʻrashga hadlari sigʻmaydi. Chunki qoʻllarida talab qilingan darajada haqiqiy hujjatlari yoʻq. Hujjat qilishga esa, kuchlari yetmaydi".

"Hujjat qilolgan taqdirda ham, toʻrt oygacha maoshini ololmagandan keyin, muddati uzaytirilgani bilan hech joydan haqqini talab qilolmaydi, agar, barvaqtroq qilib ulgurmagan boʻlsa...".

Mintaqaviy kuzatuvchilarga koʻra, bularning barchasi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarini ham migratsiyaning boshqa muqobil yoʻllarini izlash tanlovi qarshisida qoldirgan.

Oʻzbekiston va migratsiya

Image copyright COURTESY

Mehnat muhojirlari Rossiyadan ortga yuborayotgan mablagʻlar Oʻzbekiston iqtisodi uchun qanchalik muhim ahamiyat kasb etib kelayotganiga qaramay, migratsiya muammosi hali-hanuz bu ikki davlat oʻrtasida hukumatlararo darajada oʻzining yechimini topmagan.

Faqat 2015 yil oʻrtalariga kelib, matbuotda Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlararo hayʼatlarining bunga oid maxsus bitimni hozirlashga kirishish niyatida ekanliklariga oid xabarlar paydo boʻlgan.

Oʻtgan oy Rossiyaning qator yetakchi axborot agentliklari bu ikki davlat hukumatlarining shu yil aprelь oyida mehnat migratsiyasiga oid ikkita kelishuvni imzolash rejasida ekanliklari haqida xabar tarqatgan.

Bu bitimlarning Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyati yuritish uchun Oʻzbekiston fuqarolarini jalb etish ishlarini tashkillashtirish va ishga yollash boʻyicha ekani aytilgan.

Rossiya Mehnat vazirligi vakili esa, ayrim internet nashrlariga hujjatlarning Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tez orada Moskvaga amalga oshirajak tashrif chogʻida imzolanishi haqida maʼlum qilgandi.

Oʻzbekiston yangi prezidentining Rossiyaga davlat tashrifiga oid shu yil boshida tarqalgan dastlabki xabarlarda tomonlarning energetika, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetkazib berish, harbiy-texnik hamkorlikdan tashqari, aynan migratsiya siyosatiga oid masalani ham muhokama etishlari aytilgandi.

Mintaqaviy ekspertlar barchasining birdek eʼtirof etishlaricha, ayni shu masala Oʻzbekiston yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarshisida turgan eng asosiy vazifalardan biri boʻladi.

Bungacha Oʻzbekiston hukumatining mehnat migratsiyasi muammosiga yondashuvi faollarning jiddiy tanqidlariga sabab boʻlib kelgan.

Oʻzbekiston marhum prezidenti Islom Karimov Rossiyaga ish izlab borayotgan fuqarolarini "dangasalar", deb atashgacha borgan.

"Moskvada koʻcha supurayotganlar butun oʻzbeklarni sharmanda qilayotgani"ni aytgan.

Marhum prezident Oʻzbekistonning oʻzida "hech kim ochidan oʻlmayotgani"ni taʼkidlashni ham unutmagan.

Ayni paytda u oʻzbeklar Rossiyada ishlab topayotgan milliardlab dollar mablagʻlar haqida hech narsa demagandi.

"Yangi ish oʻrinlari va migratsiya"

Image copyright COURTESY

Bundan ikki yil burun Oliy Majlis Oʻzbekistonda yangi ish oʻrinlarini yaratish va mamlakat aholisini ish bilan taʼminlashga qaratilgan maxsus dasturni ham maʼqullagan.

Soʻnggi ikki yil ichida Oʻzbekistonda Rossiya va boshqa MDH davlatlarida mehnat muhojirligida band oʻzbekistonlik fuqarolarni ortga qaytishga undovchi keng koʻlamli targʻibot-tashviqot kampaniyasi ham boshlangan.

Oʻzbekistonda chetda boʻlgan va ortga qaytayotgan mehnat muhojirlarini ham koʻzda tutib oʻn minglab yangi ish oʻrinlari yaratilayotganiga oid xabarlarning soni ham ortgan.

Oʻzbekiston hukumati har yili qariyb millionga yaqin ishchi oʻrinlari yaratilayotganini aytishiga qaramasdan, ishsizlik darajasi hanuz yuqori, tashqariga ish izlab ketayotganlar soni kamaymayotgani aytiladi.

Mahalliy kuzatuvchilarga koʻra, aholisi soni 30 milliondan ortiq ekani aytiluvchi aholisi nazarda tutilganda, bu - mamlakatdagi mehnatga qobiliyatli barchaning ham ish oʻrinlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishga kifoya qilmaydi.

Boshqa tomondan, Oʻzbek hukumati aytayotgan ish oʻrinlari Oʻzbekiston sharoitida ishlaydigan kishi va uning oilasi ehtiyojini qondiradigan maosh bilan taʼminlashga qanchalik qodir ekani ham masalaning yana bir bahstalab qirrasi oʻlaroq oʻrtaga chiqadi.

Agar, 2014 yilgi xalqaro maʼlumotlarga tayanilsa, Oʻzbekiston aholisining 76 foizdan koʻprogʻi qashshoqlikda kun kechiradi.

Oʻshanda "Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha global indeks" (The Economist Intelligence Unit) mualliflari ana shunday xulosaga kelganlar.

Ushbu indeks har yili Britaniyaning nufuzli "Ekonomist" (The Economist) nashri tahlilchilari tomonidan tayyorlanadi.

Ammo oziq-ovqat ishlab chiqarish va zahira qilish boʻyicha Oʻzbekiston yaxshi koʻrsatkichlarni qayd etgan.

"Global indeks" xulosalariga tayaniladigan boʻlsa, Oʻzbekiston hozirda yetarli oziq-ovqat ishlab chiqaradi, ammo fuqarolarning aksarida yetarli miqdorda oziq-ovqat sotib olishga moddiy imkon yoʻq.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda minimal ish haqi 1994 yildan 2014 yilga qadar 1373 marotaba ortgan.

Biroq, mahalliy kuzatuvchilarga koʻra, Oʻzbekistonda aholining qancha qismi qashshoqlikda yashashi haqidagi statistik maʼlumotlar "davlat siri" sifatida koʻriladi.

Mamlakat millionlab fuqarolarining esa, yillarki, yaqin va uzoq xorijdan daromad topishga majbur ekanliklari kuzatiladi.

Mehnat muhojiri

Image copyright COURTESY

Deylik, hozir Rossiyadagi tikuvchilik korxonalaridan birida ishlaydigan, asl kasbi sartarosh boʻlgan suhbatdoshimizning aytishicha, ortda qolgan ishsiz eri, ikki bolasi va nafaqaxoʻr keksa onasining butun tirikchiligi asosan oʻzi yuborayotgan pullar hisobidan oʻtadi.

Uning aytishicha, "Goʻzallik salonida" ishlagan paytida topish-tutishi haminqadar boʻlgan, ayniqsa, qish mavsumida juda qiynalib qolishgan.

Hozir Rossiyada chevarchilik qilib, Oʻzbekistonda qolgan yaqinlariga oyiga 250-300 dollarcha pul yuborishga harakat qiladi.

Uydagilari esa, roʻzgʻordan tejab, oʻzining yer olishi uchun shu puldan ham birozini jamgʻarishga harakat qilishadi.

Suhbatdoshimizga koʻra, alal-oqibat shaxsiy tadbirkorlik bilan shugʻullanib, Oʻzbekistonda oʻzining biznesini yoʻlga qoʻyib olish istagida, buning uchun esa, mablagʻ zarur.

"Yordam beradigan odam yoʻq. Shuning uchun ham oʻzim uchun oʻzim harakat qilayapman", - deydi u.

Suhbatdoshimizning aytishicha, avval eri ham oʻziga oʻxshab Rossiyada mehnat qilgan.

Ammo hujjatlari bilan bogʻliq muammolar sabab, keyingi gal uni Rossiyaga kiritishmagan.

Suhbatdoshimizga koʻra, hozir Rossiyada oyiga 600 dollarcha ishlaydi, ammo ijara haqi, yeyish-ichish, yurish-turishi nazarda tutilganda, Rossiyada pul suvdek ketadi.

"Yana biroz qarayman, agar, topish-tutishim yaxshi boʻlsa, qolaman, aks-holda, noiloj nima qilaman, Oʻzbekistonga qaytaman-da", - deydi u.

Oʻzbekistondan keyin Rossiyada mehnat muhojirligida band fuqarolari oʻtgan yil oʻz vatanlariga eng koʻp pul yuborgan ikkinchi MDH davlati qoʻshni Tojikiston boʻlgan. Ularning umumiy pul joʻnatmalari miqdori $1.9 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan.

Tojikiston hukumati esa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning oʻtgan oy oxirida poytaxt Dushanbega qilgan safari chogʻida yuz minglab mehnat muhojirlarining amnistiya etilishiga erishgandi.

Rossiya Markaziy Bankining yangi hisobotida bu borada yuqori uchlikni toʻldirgan uchinchi MDH davlati esa, yana bir Markaziy Osiyo mintaqasi vakili - Qirgʻiziston ($1.7 milliard dollar) boʻlib chiqqan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring