Prezidentlar qizlari: otasidek qudratli

Prezident Donald Tramp qizi Ivanka bilan Image copyright AFP Getty Images

Ivanka Tramp Oq Uy tarixida prezident otasiga maslahat beradigan ilk qiz boʻlmoqda, shu munosabat bilan BBC dunyodagi taniqli qizlar bilan yaqindan tanishishga qaror qildi.

Oq Uy maʼmuriyati eʼlon qilishicha, Ivanka Tramp Amerikaning yangi "birinchi qizi" boʻladi.

Aytilishicha, bundan keyin 35 yashar Ivanka Donald Trampning "koʻzi va qulogʻi" boʻladi, biroq Oq Uyning Gʻarbiy qanotidagi ish faoliyati uchun maosh olmaydi.

Ivanka Tramp dunyo boʻylab kuzatilayotgan qudratli shaxslarning otasiga "tirgak" boʻlayotgan eng oxirgi tadbirkor ayoldir.

Shu munosabat bilan BBC muxbiri Valeria Perasso otalarining qudratli qizlari rollariga nazar tashlaydi.

Oilaviy kampaniya

Image copyright Getty Images

43 yashar Maryam Navoz Sharif Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifning qizi.

Odatda oilaviy xayriya jamgʻarmasiga rahbarlik qiladigan Maryam Navoz Sharif 2013 yilda otasining muvaffaqiyatli qayta saylanishi kampaniyasida salmoqli rol oʻynadi.

Hozirgi paytda u otasi yetakchilik qiladigan Pokiston Musulmon Ligasi partiyasida faoliyat yuritadi.

"U doim diqqat markazida", deydi Sharif xonim bilan bir necha marta yuzma-yuz uchrashgan BBC Urdu xizmati xodimi Osif Faruqiy. "U qudratli shaxs sifatida tanildi, uni hatto otasining siyosiy vorisi sifatida ham koʻrishmoqda", deydi BBC muxbiri.

Oʻtgan yili sizib chiqqan "Panama hujjatlari"da Navoz Sharif qizi va ikki oʻgʻlining ham nomlari koʻzga koʻringan, bu hujjatlarda aytilishicha, pokistonlik siyosatchi farzandlarining nomlari nomi oshkor qilinmagan offshor kompaniyalariga bogʻliq boʻlib, bank hisoblaridan Londonda xashamatli binolar sotib olishda faydalanilgan.

Navoz Sharif ayblovlarni rad etgan, sizib chiqqan hujjatlarni "siyosiy maqsadda oʻzi va oilasini nishonga olishda" ayblagan edi.

Ayblovlar Pokiston Oliy Mahkamasi tomonidan koʻrib chiqilmoqda va yaqin haftalarda bu borada Oliy sud qarori kutilmoqda.

Rokn-roll raqqosasi

Image copyright Reuters

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oʻz shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlarni juda sir saqlaydi va yaqin-yaqingacha janob Putinning ikki qizi haqida koʻpchilik deyarli hech narsa bilmas edi.

"Rossiya rasmiylari ularga boʻlgan matbuotning har qanday qiziqishini oʻta shubha bilan qabul qiladilar", deydi BBC Rus xizmatidan Famil Ismoilov. "Natijada jurnalistlar imkoni boricha oʻzlarini qiziqtirgan axborotni toʻplashga va bu axborotni Putin oilasi tomonidan tasdiqlatishga erisha olishlarini sinab koʻrishga intiladilar", deydi u.

2015 yili janob Putinning kenja qizi Yekaterina Katerina Tixonova ismi-sharifi bilan Moskva shahrida istiqomat qilishi maʼlum boʻldi.

Oʻshandan buyon rossiyaliklar matbuot orqali Putinning qizi biznesmen Kirill Shamalov bilan turmush qurganini, Kirill janob Putinning eski doʻstining oʻgʻli ekanini, yosh oilaning gaz va neft-kimyo sanoatiga yotqizilgan sarmoyalar ortidan 2 milliard dollarlik mol-mulk sohiblari ekanidan boxabar boʻldilar.

Hozir yoning yoshi 30 da va Moskva Davlat universiteti qoshidagi "intellektual taraqqiyot" loyihasiga rahbarlik qiladi. Bu loyiha esa davlat byudjetidan moliyalanadi.

Xabarlarga koʻra, xorijda uning nomi bilan bogʻliq bir necha million dollarlik shartnomalar mavjud va u Putining yaqin maslahatchilaridan biri hisoblanadi.

Tixonova akrobatik rokn-rolning ashaddiy ishqibozi ham hisoblanadi va 2013 yili Shveytsariyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida beshinchi oʻrinni egallagan.

"Afrikaning eng boyi ayoli"

Image copyright Getty Images

43 yashar Izabel dush Santush Angolani 1979 yildan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Joze Eduardu dush Santushning toʻngʻich qizidir.

Izabel davlat boshqaruvidagi Sonangol neft shirkatining rahbari hisoblanadi va 2013 yili Forbs jurnali mol-mulkini hisoblab chiqib uni Afrikaning eng boy ayoli deb topgan, davlatini 3,2 milliard dollarga baholagan.

Britaniyada taʼlim olgan dush Santush xonim moliya, telekommunikatsiya va olmos sanoatida ham aktsiyalarga ega, bu narsa uni Angolaning eng taʼsiri kuchli biznesmenlari qatoriga qoʻyadi.

Shuningdek, u bir zamonlar Angolani koloniya qilgan Portugaliyaning elektr energiyasi, neft va gaz sohalariga ham sarmoya yotqizgan.

Xalqaro Transparensi Interneshnl dunyodagi eng korruptsiyaga botgan mamlakat deb biladigan Angolada dush Santush xonimni otasi prezident boʻlgani uchun shuncha boylikka ega boʻlganlikda tez-tez ayblab turishadi. Bu ayblovlarni uning oʻzi va maslahatchilari keskin rad etib kelishadi.

"Men qoʻlga kiritgan muvaffaqiyat bir kechada kelib qolgani yoʻq. Bu yigirma yillik mehnat natijasi", deb aytgan dush Santush xonim BBCga.

Otasining suyuklisi

Image copyright TURKISH PRESIDENCY/Y. BULBUL/ANADOLU AGENCY/GETTY

Sumayya Erdoʻgʻon 31 yoshda va u Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻonning kenja va eng suyukli qizidir.

"Otasi uni jayronim deb ataydi", deydi BBC Turk xizmatidan Irem Koʻker. "Turkiyada eng goʻzal va qadrli insonlarni ohu yoki jayron deb ataydilar".

Sumayya AQSh va Britaniyada siyosatshunoslikni oʻrgangan va otasi qudratdagi Adolat va Taraqqiyot partiyasiga yetakchilik qilgan paytida otasiga maslahatchilik qilgan. Bir necha xorijiy safarlarda otasiga hamrohlik ham qilgan.

2015 yili Sumayya oʻz nomzodini parlament aʼzoligiga ilgari surishi mumkinligi haqidagi gap-soʻzlar ham tarqaldi, biroq bu oʻz tasdigʻini topmadi.

Hozirgi paytda u Turkiyadagi xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish guruhida faoliyat yuritadi.

Sumayya otasi va Turkiya hukumatining qattiq himoyachisi hisoblanadi.

Prezident devoni rahbari va senator

Image copyright PRESIDENCY OF THE REPUBLIC OF TAJIKISTAN

39 yoshli Ozoda Rahmon Tojikistonning uzoq yillik Prezidenti Imomali Rahmonning qizi.

U huquqshunos diplomiga ega va oʻz faoliyatini diplomatiyada boshlagan. 2009 yili Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari etib tayinlangan edi.

2016 yili otasi Ozodani prezident maʼmuriyatining rahbari etib tayinladi, shuningdek, u Senat aʼzosi hamdir.

Ozoda Jamoliddin Nuraliyevga turmushga chiqqan va ularning besh farzandi bor. Jamoliddin Nuraliyev Markaziy Bank raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlaydi.

Ozoda davlat lavozimlariga ega boʻlgan Prezident Rahmonning yagona qizi emas. Oʻgʻli Rustam Dushanbe shahrining hokimi, uning singlisi Ruxshona ham Tashqi ishlar vazirligida ishlaydi.

Janob Rahmonning boshqa qarindoshlari ham hukumat va bizneslarda yuqori lavozimlarni egallashgan va bu narsa Prezident Rahmonni Tojikistonning eng boy-badavlat va eng qudratli odamiga aylantirgan.

Gulnora va Lola Karimovalar

Image copyright Getty Images

Tojikistonga qoʻshni Oʻzbekistonda ham bir muddat marhum prezident Islom Karimovning toʻngʻich qizi Gulnora Karimova otasining siyosiy vorisi sifatida koʻrilgan vaqt boʻldi.

2013 yil iyuligacha Gulnora Karimova Oʻzbekistonning BMTdagi va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi elchisi sifatida faoliyat yuritgandi.

Gulnora Karimova ham Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari, "Forum" jamgʻarmasi rahbari, "Guli" brendi egasi sifatida ham tanilgandi.

Gulnora Karimovaning nomi Oʻzbekiston mobil aloqa bozoriga kirish bilan bogʻliq korruptsiya mojarolariga aralashgani ortidan qator Ovroʻpo mamlakatlarida tergov boshlandi, 2014 yil boshlarida Gulnora Karimova Toshkentda uy qamogʻiga olingani xabar qilindi.

Shundan soʻng hatto otasi Islom Karimovning dafn marosimida ham Gulnora Karimova koʻrinmadi.

Image copyright LOLA KARIMOVA-TILLAEVA

Prezident Islom Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimova-Tillayeva otasi hayotligidan tortib, shu kungacha Oʻzbekiston Respublikasining UNESCO jamgʻarmasi qoshidagi doimiy vakilasi boʻlishdan tashqari, Oʻzbekistondagi ikki yirik jamoatchilik xayriya bolalar tashkiloti Vasiylik kengashi raisasi sanaladi.

Xuddi shuning barobarida Oʻzbekiston Gimnastika Federatsiyasi prezidenti, Osiyo Gimnastika Ittifoqining faxriy prezidenti va agar, internetda imkonli boʻlgan ayrim maʼlumotlarga tayanilsa, Moskva Davlat universitetining Toshkentdagi filiali rahbari muovini ham boʻladi.

Lola Karimova-Tillayeva 2016 yil noyabr oyida onasi Tatьyana Akbarovna Karimova bilan marhum Islom Karimov nomidagi jamoatchilik xayriya jamgʻarmasini taʼsis etganliklarini maʼlum qilgan.

Jinsiy ozchilik ovozi

Image copyright JOHNNY NUNEZ/ WIREIMAGE/ GETTY IMAGES

Kuba Prezidenti Raul Kastroning qizi Mariela Kastro inqilob yetakchisi Fidel Kastroning jiyanidir.

"Uning onasi Vilma Espin xotin-qizlar huquqlarining chempioni sifatida koʻrilardi", deydi BBC Mundo xizmatidan Lilliyet Xeredero. "Bugun Marielani onasining izidan borayapti, deyish mumkin".

1962 yili tugʻilgan Kastro xonim parlament aʼzosi va jinsiy ozchilik aʼzosi hisoblangan insonlarning haq-huquqlari himoyachisi sifatida tanilgan.

Mariela Kastro Jinsiy maʼrifat boʻyicha Milliy Markazga rahbarlik qiladi. Bu tashkilot hukumat tomonidan moliyalanadi va VICh-SPID oldini olish, geylar huquqlarini himoya qilishdek masalalar bilan shugʻullanadi.

U Kubadagi jinsni oʻzgartirish amaliyotini bepul qilgan qonun qabul qilinishida muhim rol oʻynadi va bu qonun 2008 yili qabul qilindi.

"Shunga qaramasdan unga mubohasali shaxs deb qarashadi. Koʻp odamlarning aytishicha, u prezidentning qizi boʻlgani uchungina unga bunday tashabbus bilan chiqishiga izn berishgan", deydi Xeredero.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring