Britaniya parlament binosi oldida hujum

politsiya Image copyright PA

Hozirgina olingan xabarlarga koʻra, Britaniya parlament binosi oldidagi chorshanba kungi hujum natijasida biroz avval aytilganidek besh emas, hujumchi doxil toʻrt kishi halok boʻlgan. Kamida 40 odam jarohatlangani aytilmoqda. Hodisa joyi politsiya bilan oʻrab olingan. Politsiya otishmaga "terror hujumi" deya qaramoqda.

Soʻnggi yangiliklar:

Toshkent vaqti bilan 23:44 London politsiyasining maʼlum qilishicha, hujum natijasida 4 kishi halok boʻlgan, 20 atrofida odam jarohatlangan. Politsiya hujumchining bir kishi ekanligini aytmoqda.

Toshkent vaqti bilan -22:41

BBCga maʼlum boʻlishicha, pichoqlab ketilgan politsiyachi hayotdan koʻz yumgan.

Toshkent vaqti bilan 21:30

London markazidagi Vestminster koʻprigida roʻy bergan hujumda bir ayol halok boʻlgan. Politsiya voqeani "terror hodisasi" deb atamoqda.

Toshkent vaqti bilan -21:22

Londonlik 44 yoshli guvohning aytishicha, u koʻprikdagi "halokatdan keyingi vaziyatni koʻrib" dahshatga tushgan.

"Men parlament tashqarisidagi panjaraga kelib urilgan mashinani koʻrdim. U yerdan oʻtayotganimda yerda bir kishi yotardi. Atrof qon edi. Keyin oʻq ovozlarini eshitdim".

BBC muxbiri Eleanor Garniyerga koʻra, Britaniya parlamenti atrofida "politsiya hozirligi avvallari misli koʻrilmagan darajadadir".

Image copyright EPA
Image caption Britaniya politsiyasi

Toshkent vaqti bilan -21:14

Temza daryosi labida joylashgan London Eye karuseli toʻxtalib qoʻyilgan.

Image copyright BBCUZBEK
Image caption London charxpalagi

**************************************************************************************************

Britaniya parlament binosi oldida bir necha odam otishmaga duch kelgan. Kamida toʻrt odam jarohatlangani aytilmoqda. Hodisa joyi politsiya bilan oʻrab olingan. Politsiya otishmaga terror hujumi deya qaramoqda.

Dastlabki olingan xabarlarga koʻra, nomaʼlum shaxs pichoq bilan politsiyaga hujum qilgan. Politsiyachining hamkasblari hujum qilgan shaxsga qarata oʻq uzgan.

Shundan soʻng pichoq koʻtargan shaxs Vestminstr saroyi darvozasi tomonga yugurgan, unga uch marta oʻq uzilgan.

Parlament binosi oldida ikki odamga tibbiy yordam koʻrsatilgan. Binoga tez tibbiy yordam mashinalari yetib kelgan va bitta tibbiy tikuchar kelib qoʻngan.

Siyosatchi va jurnalistlar Twitter ijtimoiy tarmogʻida parlament binosi tashqarisida oʻq ovozlari eshitilganini yozishgan. Ayrim manbalarda 10 dan ortiq odamning jarohatlanganini aytmoqda.

Politsiya hodisaga izoh bermagan. Kim oʻq uzgani ham nomaʼlum. Britaniya parlamenti faoliyati toʻxtatilgan va binoga eltuvchi yoʻllar politsiya tomonidan toʻsib qoʻyilgan.

Bosh vazir Tereza Meyning xavfsiz joyda ekanligi aytilmoqda. Deputatlar parlament binosi ichida qolgan.

Otishma vaqti paralament binosida boʻlgan jurnalist Kevin Shofildning aytishicha, tashqaridan gumburlagan ovoz eshitgan va ortidan baqir-chaqir boshlangan.

Jurnalist kimdir politsiyaga hujum qilganini va qurolli odamni koʻrganini aytgan.

Shofildning qoʻshimcha qilishicha, shundan soʻng otishma boshlangan, koʻchada qurolli politsiya koʻringan. U parlament binosida kimgadir tibbiy yordam koʻrsatilayotganiga ham guvoh boʻlganini aytgan.

Parlament binosi oldida otishma boshlangandan soʻng, bino yonida joylashgan Vestministr koʻprigida avtomobil 5 odamni urib ketgani aytilmoqda.

Ayrim guvohlar koʻprikda kamida 8 odamning jarohat olib yotganini koʻrganini aytishgan. Odamlarni bosgan mashina koʻprikning ikkinchi uchiga borib urilgan.

Mashina urib ketish holati otishmalarga aloqador yo yoʻqligi maʼlum emas.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring