Londondagi hujum: Nimalar maʼlum?

Tez yordam xodimlari hujumchiga tibbiy yordam koʻrsatishga urindilar Image copyright AP
Image caption Tez yordam xodimlari hujumchiga tibbiy yordam koʻrsatishga urindilar

Britaniya parlamenti binosi yaqinida yuz bergan terror hujumini 52 yashar Holid Maʼsud amalga oshirgan. Unda toʻrt kishi oʻlgan va 40 kishi jarohat olgan. London Politsiyasining maʼlum qilishicha, Holid Masʼud Britaniyada tugʻilib oʻsgan.

Bizga shu paytgacha maʼlum boʻlgani quyidagilar:

Nima boʻldi?

London vaqti bilan soat 14:40da yakka hujumchi London markazida Parlament uyi yaqinidagi Vestminster koʻprigida oʻz mashinasini yoʻlovchilar ustiga haydab, kamida ikki kishini oʻldirgan va koʻplarini yaralagan.

Soʻngra mashina Parlament binosining panjarasiga borib urilgan.

Pichoq bilan qurollangan hujumchi soʻngra Parlament tomon yugurgan, ammo politsiya uning yoʻlini toʻsishga uringan. Qurollanmagan politsiya zobiti Kiyt Palmer soʻng pichoqlangan va oʻldirilgan.

Qurolli politsiyachilar parlamentga kirishga shaylangan hujumchini otib oʻldirishgan.

Image copyright EPA
Image caption Xavfsizlik kuchlari zudlik bilan hujum joyida paydo boʻlishdi

Guvohlar odamlar orasida yuzaga kelgan vahimani tasvirlab berishdi.

Vestminster metro stantsiyasidan soat 14:45da chiqqan Richard Taysning aytishicha, u koʻprikda yotgan bir necha yaradorni koʻrgan. Unga aytishlaricha, mashina 252 metrlik koʻprikning bir boshidan ikkinchi boshigacha odamlarni urib harakat qilgan.

"Men koʻprikda yotgan kamida sakkiz odamni sanadim", - deydi u.

Qurbonlar kim?

Halok boʻlgan politsiyachi - 48 yoshli Kiyt Palmer Parlament va diplomatik korpusni qoʻriqlash qoʻmondonligida ishlagan. U 15 yil xizmat qilgan, uylangan, farzandli edi.

40 yoshlarida boʻlgan Oysha Freyd Londondagi DLD kollejida ishlagan. Uni mashina koʻprikda urib yuborgan, soʻngra kasalxonada olamdan koʻz yumgan.

Kollej direktori Reychl Borlandning aytishicha, Freyd xonimni "talabalar va hamkasblari qattiq hurmat qilishgan va yaxshi koʻrishgan".

Politsiyaga koʻra, 50 yoshlarida boʻlgan erkak kishi ham halok boʻldi.

Image copyright Metropolitan Police/Facebook
Image caption Ikki qurbon - Kiyt Palmer va Oysha Freyd

Yetti kishining ahvoli ogʻir qolayapti. Yana 29 kishiga kasalxonada tibbiy yordam koʻrsatildi.

Jarohat olganlar ichida koʻprikda piyoda ishdan qaytayotgan uch politsiya zobiti ham bor. Ularning ikkisining ahvoli ogʻir.

Hujumchi mashinasini trotuar ustiga haydaganida bir ayol Temza daryosiga tushib ketgan. U soʻngra qutqarildi va tibbiy muolaja oldi.

Politsiyaga koʻra, jarohat olganlar orasida turli mamlakatlar fuqarolari bor.

Frantsiyalik maktab oʻquvchilari guruhi ham hujum vaqtida koʻprikda boʻlishgan, ulardan uch nafari jarohat olgan.

Angliyaning Lankashir grafligidagi Edge Hill Universitetidan toʻrt talaba ham hujumda jarohat olishgan.

Hujum sahnasidan qochayotgan odamlar oyogʻi ostida besh janubiy koreyalik sayyoh qolib ketib jarohatlanganlar.

Hujumchi kim edi? U yakka amal qilganmi?

Bosh vazirning aytishicha, u "yakka hujumchi" boʻlgan.

Uning ismi-sharifi hali oshkor qilinmadi.

Politsiya uning kimligini bilishini maʼlum qildi va hozirda "uning sheriklarini aniqlash" bilan mashgʻul ekanini aytdi.

London Metropolitan politsiyasi rahbari muovini Mark Rouli "faol tergovchi jurnalistlar"dan hujumchining shaxsini aniqlashda oʻzlarini tiyishlariga chaqirdi.

Janob Rouliga koʻra, politsiya hujumchi "xalqaro terrorizm" va "Islomga aloqador terrorizm"dan ilhomlanganiga ishonadi, ammo uning millati yoki boshqa tafsilotini ochiqlamayapti.

Uning aytishicha, politsiya gumondorning "sabablari, tayyorgarligi va sheriklari"ni oʻrganishga diqqatini jamlagan.

Image caption Parlament tashqarisida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

Hujumga aloqadorlikda yetti kishi hibsga olingan. Hamda London, Birmingem va boshqa shaharlarda oltita adresga reyd uyushtirildi.

Janob Rouli hozirda boshqa tahdid mavjudligi borasida aniq maʼlumotga ega emasligini aytdi.

Qanday xavfsizlik choralari koʻrilgan?

Parlamentning ikki palatasi ham payshanba kuni odatdagidek sessiyalarini oʻtkazadilar.

Politsiyaga koʻra, kelgusi kunlar ichida London va mamlakat boʻylab qurolli va qurolsiz politsiyachilar soni koʻpaytiriladi.

Britaniyaning hujum ehtimoli darajasi "oʻta yuqori" deya belgilangan. Bu daraja anchadan beri oʻzgarishsiz qolayapti va, bosh vazirga koʻra, oʻzgarishi kutilmaydi.

Hujum ortidan parlament ishi vaqtincha toʻxtatilgan va binodagi siyosatchilar, jurnalistlar va mehmonlar besh soatcha tashqariga chiqarilmaganlar.

Parlamentdagi yuzlab odamlar Vestminster Abbeyga evakuatsiya qilinganlar.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq