Ikki qoʻshni Rossiya va Xitoy bozorini egallamoqchi

Nazarboyev va Mirziyoyev Image copyright Bnews.kz

Qozogʻistonlik tadbirkorlar Xitoy va Rossiya bozorlarini zabt etish uchun Oʻzbekistonni yordamga chaqirmoqda. Ular ushbu bozorlarni egallash uchun birlashish taklifi bilan chiqqan. Oʻzbekiston tomoni Qozogʻiston bilan chegaradosh joylarda maxsus iqtisodiy hududlar barpo qilishini bildirgan. Ikki davlat oʻrtasida qoʻshimcha chegara oʻtish nuqtalari ochiladi.

"Qozogʻiston ikki tomonida juda ham katta bozor: Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi bor. Bu yirik bozorlarni faqatgina qozogʻistonlik tadbirkorlarning kuchi bilan oʻzlashtirish juda ham qiyin. Chunki bu davlatlardan kelayotgan talablar koʻlam jihatidan juda ham katta. Albatta, qardosh mamlakatlar, Qozogʻiston va Oʻzbekiston tadbirkorlari hamkorligi ushbu bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyat beradi", - degan "Atameken" tadbirkorlar milliy palatasi boshqaruv raisi Nurjan Altayev.

"Kazinform" agentligining xabar berishicha, Nurjan Altayev bu haqda Ostonada oʻtgan qozoq-oʻzbek biznes-forumida qilgan chiqishida gapirgan.

Uning aytishicha, Oʻzbekistonda ayni damda Qozogʻiston ishtirokida 230 tashkilot faoliyat yuritmoqda, Qozogʻistonda esa oʻzbekistonliklar tomonidan 130 korxona ochilgan.

"Bu koʻrsatgichlarni ikki barobar koʻtarsa boʻlardi. Biz juda ham katta salohiyat koʻrayapmiz. Ikki tomon ham dehqonchilik, ishchi kuchi, sanoat salohiyati va istiqbolli ichki mintaqaviy bozor tufayli biznesni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarga ega", - degan Altayev.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga tashrifi davomida ikki davlat biznes sohasi boʻyicha 92 shartnoma imzolangan. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 1 milliard dollarga yaqin ekanligi aytilmoqda.

Qozogʻiston davldat rahbari Shavkat Mirziyovni savdo uchun barcha toʻsiqlarni olib tashlagani uchun maqtagan.

Qozogʻiston chegarasi yaqinida maxsus iqtisodiy hudud

Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi rahbari Alisher Shayxov Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan chegara oldidia maxsus iqtisodiy hududlar barpo qilishi haqida maʼlum qilgan.

"Davlatlarimiz oʻrtasida imzolangan 170 shartnoma ikki davlat oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish uchun juda ham jiddiy huquqiy asos boʻlib xizmat qila oladi. Hamkorligimizning xilma-xilligi nuqtai nazaridan juda katta imkoniyatlarimiz bor. Ham Oʻzbekiston hududi hamda Qozogʻiston hududida yangi ishlab chiqarish korxonalarini yaratish mumkin. Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy sanoat hududlari bor. Lekin biz yangilarini qurishni rejalashtirayapmiz. Ular Qozogʻiston chegarasidan uncha uzoq boʻlmaydi. Ikki davlatning biznes sohasida hamkorligi bizlarni global bozorda raqobatbardosh qiladi", - degan Shayxov biznes-forumda.

Alisheri Shayxov ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida raqobat kelib chiqmasligi uchun ushbu hamkorlik bir-birini toʻldirish printsipiga asoslanishi kerakligini urgʻulagan.

Chegaradan oʻtishda yengilliklar

Qozogʻiston tomonining maʼlum qilishi, Oʻzbekiston bilan chegarada yana ikki oʻtish nazorat nuqtasi barpo qilinadi. Amalda boʻlgan uchta chegara oʻtish nuqtalari 24 soatlik ishlash tizimiga oʻtadi.

Hozircha ikki davlat oʻrtasida faqat bitta chegara nazorat nuqtasi 24 soat ishlaydi.

"Oʻzaro aloqalarni rivojlantirish uchun barcha choralarni qoʻllayapmiz", - degan Qozogʻiston Sarmoya va taraqqiyot vaziri Jenis Kasimbek.

Yana u Ostonadan Toshkentga haftasiga qoʻshimcha ikki marta parvozlar yoʻlga qoʻyilishini maʼlum qilgan.

"Kechagina Olma-ota - Toshkent, Toshkent - Olma-ota tezyurar poyezdi yoʻlga qoʻyildi. Uning hamma chiptalari allaqachon sotib boʻlingan. Ostonadan Toshkentga yana ikkita qoʻshimcha parvoz yoʻlga qoʻyiladi. Olma-otadan haftasiga Toshkentga 12 reys uchsa, Ostonadan jami 6 ta parvoz boʻladi", - degan Jenis Kasimbek.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq