Sherali Joʻrayev hali kontsert bermaydi

Image copyright youtube

Oʻzbekiston xalq artisti, taniqli hofiz Sherali Joʻrayev yaqin oʻrtada kontsert berishni rejalashtirmagan. Bu haqda BBCga xonandaning yaqin manbasi bildirdi. Bundan oldinroq shoir Muhammad Ismoil Facebook sahifasida Sherali Joʻrayev kontsert uchun qizgʻin tayyorgarlik koʻrayapti, deb yozgandi.

Hofizga yaqin boʻlgan manbaning aytishicha, Muhammad Ismoil xabaridagi gaplar haqiqatdan yiroq.

"Hali-beri kontsert rejalangani yoʻq. Unga tayyorgarlik ham koʻrilmayapti. Kontsertdan oldin qilinadigan boshqa ishlar bor. Keyin kontsert boʻlishi mumkin. Bu borada faqatgina yoz oylarining oxiriga kelib biror gap aytish mumkin", - deydi manba.

Shoir Muhammad Ismoil Facebook sahifasida hofizning kontsert dasturi taqdim etish uchun qizgʻin tayyorgarlik koʻrayotganini yozgandi.

"Oʻzbekiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, bugungi kun qoʻshiqchiligi Qiroli Sherali Joʻrayev kontsert dasturi taqdim etish uchun qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda", - deyilgan xabarda.

BBC Muhammad Ismoil bilan bogʻlanib bu gapni qayerdan olgani haqida soʻradi.

"Kecha hol ahvol soʻrayin deb Sherali Joʻrayevga telefon qilgan edim. Gap orasida kontsert beramiz, deb aytib oʻtdi. Faqat vaqti nomaʼlum. Sherali akaning litsenziyasi bor, televideniyalarga chiqib turibdi. Kontsert berishi ham mumkin. Faqat qachon tayyor boʻlsa shunda beradi-da", - deydi Muhammad Ismoil.

Salkam chorak asr Oʻzbekiston telekanallariga chiqishi taqiqlangan xonanda Sherali Joʻrayev Karimov vafotidan soʻng 2017 yilning yanvar oyida Milliy TV da koʻrinish bergandi. Hofiz bilan birga boshqa taqiqlangan xonandalar ham birin-ketin teleekranlarda paydo boʻla boshlagan.

Hofizning nima sababdan taqiqqa uchragani borasida rasmiylar tomonidan izoh berilmaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring