Futbol muxlislari: Babayan ketsin!

Babayan Image copyright Twitter

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining Suriyaga 1-0 hisobida magʻlubiyati muxlislarni yana gʻazablantirdi. Jahon chempionatiga chiqish uchun murabbiyni almashtirish taklif qilinmoqda. Muxlislar uni irimchi ekanlikda ayblamoqda. Ayrimlar noroziligi Toshkent koʻchalarda ham bildirgan.

Oʻzbek futbol jonkuyarlari har gal terma jamoasi yutqazganida dardu-aʼlamini internetda toʻkib sochishni odat qilgan. Bu galgi gʻazabnok izohlarning ikki kundan beri oxiri koʻrinay demaydi.

Ularning deyarli hammasi bir ovozdan hozirgi bosh murabbiy Samvel Babayanning isteʼfosini talab qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir suratda Toshkentda roʻyxatdan oʻtgan Lasetti rusumli mashinaga Babayanga qarshi soʻzlar bitilgan plakat yopishtirib olinganini koʻrish mumkin.

Ayrim jurnalistlar Babayan haqida blog ham bitishgan.

Jurnalist Diyor Imomxoʻjayev "Biz kimga ishondik" nomli blogida terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayanning irimchi ekanligiga eʼtibor qaratadi.

"Samvel Babayan ham odam, ishoning. Masalan adidas formasini kiyib olsa, maydonda ishlari yurishib ketishiga ishonadi. Oq forma bilan chiqishmaydi, termadagi ketma-ket gʻalabalari koʻk forma bilan bogʻliq boʻlganini hech qachon unuta olmaydi va oxirigacha shu aqidasiga ishonadi. Babayan raqibini magʻlub etsa, engashib maydon chimini oʻpib qoʻyadi. Magʻlub boʻlganida ham oʻsha chimni aybdor deb biladi. Biz mana shunday mutaxassisga ishonganmiz, tushunyapsizmi?", - deb yozadi Diyor Imomxoʻjayev.

Jurnalistlar Samvel Babayanni futbol jurnalistlariga bosim oʻtkazishda ayblagan.

"Uni tanqid qilishga, futboldagi kamchiliklarni roʻyi rost ochib tashlashga qodir qalam ahlini birin-ketin ishdan chetlatishdi", - deb yozadi jurnalistlardan biri.

U aynan kimlar Babayanni tanqid qilgani uchun ishdan olingani borasida maʼlumot bermagan. Ammo terma jamoaga bosh murabbiy Babayan boʻlgan davrda ikki jurnalist Diyor va Abror Imomxoʻjayevlar televideniyedan chetlatilgan.

Ayrim muxlislar Babayanning oʻrniga Mirjalol Qosimovni olib kelish kerak desa, yana boshqalar yorqin oʻyinlar bilan esda qolgan Vadim Abramovni termaga qaytarish taklifini bermoqda.

Biroq xorijdan murabbiy olib kelish uchun hali kech emas deb aytayotganlar ham bor.

"Xullas, terma jamoamizni boshqara oladigan trener Oʻzbekistonda yoʻq. Agar boʻlganida, hozir oʻsha trener chet elda biror klubni boshqarayotgan boʻlardi. Hozir Qozogʻistondayam talab boʻlmagan murabbiy, terma jamoamizni Janubiy Koreyadan kuchli qilib qoʻyarmidi, shu haqida oʻylab koʻring", - deb yozadi Qahramon Aslanov.

"Magʻlubiyatdan afsudamiz"

Babayan Suriyaga yutqazganini maydon holati yaxshi boʻlmagani bilan izohlagan.

"Bugungi magʻlubiyatdan afsusdamiz, ammo Oʻzbekiston terma jamoasi hamon uchinchi oʻrinda va imkoniyatlarini yoʻqotmagan. Biz oldinga harakat qilamiz va keyingi oʻyinlarda gʻalaba qozonish uchun harakat qilamiz", - degan u.

Aʼlamli muxlislarning ayrimlari oʻz izhorini bildirishda turli ijodiy yoʻllardan ham foydalanmoqda.

"Suriya jamoasiga qarshi uynagan Milliy Terma Jamoaning asosiy tarkibi bilan tanishing. Tarkibga himoyachi - Chalib Yiqitarov va darvozabon - Penalьti Ololmadiyevlar qoʻshilishdi.

Darvozabon: Gol Oʻtkazdiyev, himoyachilar: Yonidan Oʻtkazvordiyev, Yiqilib Tushdiyev, Oʻziga Urarov, Jarima Ishlarov.

Yarim ximoyachilar: Anqayib Yurdiyev, Charchab Turarov, Aldanib Qoldiyev, Eplab Tepolmasov

Hujumchilar: Gol Uralmasov, Qiyshiq Teparov

Bosh murabbiy: Taktika Bilmasyan. Jamoa direktori: Safarali Sayyoxov. Shuningdek: Sharman Boʻldik, Yugurib Yetolmasov, Raqibga Yonbosdiyevlar zaxiradan oʻyinga tushishdi".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq