Oʻzbekiston yangi hukumati nima demoqchi?

Qozogʻiston Image copyright Akorda.uz

Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston yangi prezidenti sifatida dastlabki ikki davlat tashrifini bir oyning ichida, ustiga ustak, ikki qoʻshni mintaqa mamlakati - Turkmaniston va Qozogʻistonga uyushtirishi koʻplab siyosiy tahlilchilarning eʼtiborlarini oʻziga jalb etmay qolmagan.

Boshqa tomondan, bu safarlar rasmiy Kremlning Oʻzbekiston yangi rahbarining ilk davlat tashrifi aynan oʻzlariga, yaʼni Rossiyaga boʻlajagiga oid ishonchli va oshkora bayonotlari manzarasida amalga oshirilgan.

Oʻzbekiston yangi prezidenti sifatida rasman qasamyod keltirishi ortidan kechgan qariyb uch oy vaqt davomida esa, Shavkat Mirziyoyev ilk davlat tashrifining aynan qay bir mamlakatga amalga oshishi savoli ochiq qolgan.

Bu soʻnggi paytlarda, hatto, tahlilchilar qolib, aksariyat mintaqa nashrlarining diqqat-eʼtiborlarini oʻziga tortgan asosiy mavzulardan biriga aylangan, vakillarining chiqishlari va yoki bayonotlariga tayanib, bu davlatlar sifatida Rossiyadan tashqari yana Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston ham tilga olingandi.

Mavjud voqeʼlik, boshqa tomondan, Oʻzbekistonning Rossiyadan tortib mintaqa davlatlari bilan oson kechmagan va boʻlmagan tashqi siyosatiga yana bir bor dalolat qilmay qolmagan.

Ilk davlat tashrifi

Ammo ana shu "koʻpchilik" nazdida "uzoq kutilgan" dastlabki davlat tashrifi va nihoyat joriy oy boshida - 6 mart kuni qoʻshni Turkmanistonga amalga oshirilgan.

Rossiyadan siyosiy tahlilchi Arkadiy Dubnovning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, hali muvaqqat prezident ekan, Oʻzbekiston yangi rahbarining tashqi siyosatda asosiy eʼtiborlarini eng avvalo mintaqa davlatlariga qaratishlarini rasman va oshkora bayon qilganiga qaramay, Shavkat Mirziyoyevning dastlabki davlat tashrifini Turkmanistonga amalga oshirishi "kutilmagan" boʻlgan.

"Turkmaniston esa, oʻzini neytral, deb eʼlon qilgan davlat boʻladi. Menimcha, rasmiy Toshkent bu bilan oʻzining mintaqadagi Rossiya yetakchiligi ostidagi biror bir harbiy-siyosiy blok va iqtisodiy ittifoqqa kirish niyatida emasligini yana bir bor urgʻuladi", - deydi suhbatdoshimiz.

Rossiyalik tahlilchiga koʻra, "bu - Oʻzbekiston yangi prezidenti Shavkat Mirziyov davri tashqi siyosatini ifodalovchi yaxshigina belgi boʻladi".

Oʻzbekiston yangi prezidenti ilk davlat tashrifining aynan oʻzlariga boʻlishini rasman va oshkora bayon etib kelishganiga qaramay, Arkadiy Dubnovga koʻra, Shavkat Mirziyoyevning avval Turkmaniston va oradan hech qancha vaqt oʻtmay Qozogʻistonga qilgan safariga Rossiya hukumati vakillaridan tortib biror bir kishi xosan alohida munosabat bildirmagan.

"Bildirgan taqdirlarida ham, ajoyib, oʻzaro aloqalarini yaxshilashayapti, degan boʻlishardi, baribir", - deydi u "jahon siyosiy tajribasini nazarda tutib".

"Menimcha, Moskvada ancha avval Shavkat Mirziyoyevning ancha pragmatik siyosatchi ekani, Oʻzbekistonni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti va yoki Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi kabi tashkilotlarga kirita olmasliklarini anglab yetishgan".

"Bundan tashqari, allaqachon Shavkat Mirziyoyev navbatdagi davlat tashrifining aprelь oyida Rossiyaga boʻlishi eʼlon qilindi. Tashrif mazmun-mohiyati asosan oʻzaro iqtisodiy hamkorlik masalasidan iborat boʻlishi, Rossiyaning qayta boshdan jahondagi super dargʻalardan biriga aylanishga qaratilgan tashqi siyosiy ambitsiyalariga hech bir aloqasi yoʻqligi anglashildi. Bir ogʻiz soʻz bilan ifodalaganda, bu yerda hamma oʻyin qoidalariga muvofiq oʻynayapti", - deydi suhbatimiz soʻnggida rossiyalik bu tahlilchi.

Chetdan munosabat

Image copyright official

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston va Qozogʻistonga qilgan dastlabki ikki davlat tashrifini Oʻzbekiston yangi hukumati tashqi siyosatining muhim vektori, deyish mumkin.

Ammo, suhbatdoshimiz nazdida, shunda ham, bundan juda uzun, uzoq va jiddiy geosiyosiy xulosa chiqarishga hali erta.

"Mening nazarimda, Oʻzbekiston yangi hokimiyatining asosiy maqsadi - (marhum - tahr.) Karimovdan meros qolgan oʻta sovuq munosabatlarni ilitish, yumshatish, ijobiylashtirish...", - deydi u.

Ammo, tahlilchi suhbatdoshimizga koʻra, "bu orqali yangi hokimiyat Markaziy Osiyoda alohida bir geosiyosiy qutb yoki bir loyiha amalga oshirish niyatida deyishga hali juda ham erta".

"Oʻylaymanki, birinchi Turkmanistonga, mana, endi Qozogʻistonga safar bilan, aytaylik, aksilRossiya yoki aksilboshqa bir loyihalar amalga oshirilayapti deyishga, hozircha, asos mavjud emas", - deydi u.

Oʻzbekiston yangi prezidentining dastlabki ikki davlat tashrifi manzarasida boʻy koʻrsatgan ayni mazmundagi baholarni Rossiyadan yetakchi siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Arkadiy Dubnov ham avvaldan qoʻllagan iborasi uchun oʻz uzrini aytgan holda "boʻlmagʻur gap", deydi.

"Har bir narsani har kim oʻz qarichi bilan oʻlchaydi", - deyishadi-ku. Bu yerda ham shunday. Hatto oʻzim - koʻp sohalarda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning uzoq yillik tanqidchisi ekanimga qaramay, "Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda, taʼbir joiz, Rossiyaga qarshi qandaydir ittifoqlarga kirishish niyatida" ekaniga oid fikrlarga umuman qoʻshilmayman", - deya oʻz soʻzlariga yakun yasaydi u.

Frantsiyadan siyosiy suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimov ham rasmiy Kremlь Oʻzbekiston yangi prezidentining oʻzlariga emas, ketma-ket ikki qoʻshni mintaqa mamlakatiga qilgan davlat tashrifini "toʻgʻri tushunishi" borasida rossiyalik hamkasbi bilan yakdil. Yaʼni ayni oʻrinda buni, taʼbir joiz, Rossiyaning "javob munosabati yoki amali"dan xavotirlanishga loyiq voqeʼlik, deyish nooʻrin boʻladi.

"Kremlning qilgan xatosi - Oʻzbekiston yangi hokimiyatining xatti-harakatlarini yoʻnaltirishga harakat qildi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, "Oʻzbekistonning yangi hokimiyati oʻzining birinchi safarini Moskvaga qilishiga ishonchim komil", - degan jiddiy va keskin bayonot berdi. Yaʼni, deyarli ehtiyotsizlik qildi", - deydi u.

Marhum prezidenti Islom Karimov boshqaruvi bilan kechgan chorak asrdan koʻproq vaqt davomida esa, mustaqil Oʻzbekiston Turkmaniston bilan birga, ayrim tahlilchilar nazdlarida, hanuz "katta ogʻa" sifatida baho topib keluvchi Rossiyaning taʼsiridan xoli tashqi siyosat yuritish, rasmiy Kremldan muayyan masofa saqlashga harakat qilayotgan sanoqli sobiq Shoʻro davlatlaridan ikkisi boʻlishadi.

Oʻzbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti istisno, Rossiya yetakchi oʻrin tutuvchi harbiy-siyosiy bloklar va iqtisodiy ittifoqlardagi ishtiroki ham, yillarki, tahlilchilar nazdlarida alohida eʼtibor topib kelgan mavzulardan biri boʻlgan.

Yaʼni, Turkmaniston kabi neytral davlat emasa-da, Oʻzbekiston bu kabi tashkilotlarga umuman bosh qoʻshmagan va yoki ularga aʼzoligi hech qachon davomiy boʻlmagan.

Mintaqaviy tahlilchilarga koʻra, ega boʻlgan iqtisodiy potentsiallari, vaqtida Rossiyaning harbiy hozirligidan xalos boʻlishgani va Rossiyaga bevosita chegaradosh emasliklari ikkovlonga bu kabi imkoniyatni bergan.

Rossiyaning taʼsiridan bu kabi xoli ekanliklari esa, ham Oʻzbekiston va ham Turkmanistonga nisbatan mustaqil tashqi va ichki siyosat olib borishlariga asos bergan.

Ammo

Image copyright Matbuotdan

Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning oʻtgan yil kuzidagi kutilmagan vafoti bundan buyogʻiga rasmiy Toshkentning Rossiya bilan munosabatlarida ilish kuzatilishiga oid yangi bashoratlarga zamin yaratgan.

Uning dafn marosimida ishtirok etish uchun avvaliga Rossiya Bosh vaziri, keyin Oʻzbekiston marhum prezidentining ruhiga oʻz hurmatlarini bajo keltirish maqsadida prezidenti Vladimir Putin Samarqandga tashrif buyurishgan, oʻsha paytda mamlakat muvaqqat prezidenti boʻlgan Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, muloqotlar ham olib borishgan.

Buning ortidan, aynan Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni 4 dekabr kungi muddatidan ilgari oʻtkazilgan Oʻzbekiston prezident saylovidagi gʻalabasi bilan qutlagan va oʻzlariga safar qilish uchun taklif qilgan birinchi xorijiy davlat rahbari boʻlgan.

Rossiya tomoni rasmiy Toshkentning bu taklifni xushnudlik bilan qabul qilganligini bayon qilgan.

Mintaqaviy ekspertlar Oʻzbekiston yangi prezidentining Rossiya rahbari bilan yaxshi aloqalarga ega asli oʻzbekistonlik milliarder Alisher Usmonov bilan qudachilik rishtalarini ham nazarda tutib, endilikda rasmiy Toshkentning tashqi siyosatida rossiyaparast ohanglar kuchayishini bashorat qilishgan.

Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga uyushtirgan dastlabki xorijiy davlat tashrifiga sanoqli kunlar qolgan bir manzarada esa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekiston va Turkmaniston istisno qolgan uch Markaziy Osiyo davlatiga safar qilgan.

Rossiya rahbarining mintaqaga tashrifi davomida Toshkentga kirib oʻtmasligi tahlilchilar nazdlarida Moskvaga safarini tezlashtirish uchun Oʻzbekiston yangi hokimiyatiga qoʻshimcha bosim sifatida baho topgan.

Ammo bularning barchasi Shavkat Mirziyoyev hali Oʻzbekiston muvaqqat prezidenti ekan, tashqi siyosatda marhum Islom Karimov "kontseptsiyasiga sodiq qolishlari"ni bayon qilgan bir manzarada kuzatilgan.

Ustiga ustak, Oʻzbekiston muvaqqat prezidenti bundan buyogʻiga ham oʻzlarining koʻpqutbli siyosat olib borishlariga ishora qilgandi.

Turkmaniston va Qozogʻiston

Image copyright AFP

Toshkentdan siyosiy tahlilchi Anvar Nazirovning aytishicha, Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatda asosiy eʼtiborlari eng avvalo mintaqaga qaratilishiga oid bayonotini nazarda tutib, kuzatuvchilar prezident saylovida gʻolib chiqqan taqdirida, uning dastlabki xorijiy davlat tashrifini aynan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan biriga amalga oshirishini kutishgan.

"Lekin kutilmagan hodisa ham boʻldi. Saylovdan keyin sobiq Shoʻrolar Ittifoqi hududini nazorat qilish, uni oʻz geosiyosiy manfaatlarining asosiy hududi, deb bilish, oʻzlarini undan eng asosiy va yagona manfaatdor sifatida koʻrishga qaratilgan oxirgi paytlardagi doktrinasidan kelib chiqib, Rossiya Federatsiyasi tomonidan, menimcha, "axborot xuruji" boshlandi. Oʻzbekiston yangi prezidenti, ijtimoiy fikriga nisbatan bosim, desa ham boʻlardi buni".

"Menimcha, Rossiyaning asosiy maqsadi - Peskovning ogʻzidan aytilgan gaplar Shavkat Mirziyoyevni noiloj ahvolda qoldirib, sodda til bilan aytganda, bu haqda hamma bilgan, hamma eshitgandan keyin u oʻzining birinchi davlat tashrifini Rossiya Federatsiyasiga boshlashga majbur boʻlishi"ga qaratilgandi.

"Ammo vaziyat boshqa mantiqda ketdi. Shavkat Mirziyoyev oʻzi aytgan tashqi siyosat printsiplaridan kelib chiqib, rasmiy tashrifini qoʻshni mamlakatlar - Turkmaniston va Qozogʻistondan boshladi", - deydi u.

"Endi bunga Rossiyaning munosabati qanday boʻlishi savoliga kelsak, albatta, boshida kuzatuvchi rolini oʻynaydi va menimcha, ehtiyotkorlik yoʻlini tutadi. Lekin hozir Rossiya nimani taklif qila olishi mumkin Shavkat Mirziyoyevning tashrifi chogʻida?", - degan savol paydo boʻladi".

"Chunki hozir Rossiyaning imkoniyati cheklangan. Moliyaviy jihatdan Rossiya yuz foiz neftь narxlariga bogʻlangan, kelasi besh-oʻn yil ichida neftь bozoridagi ahvol qanaqa boʻlishini hech kim bilmaydi. Keyin Amerikaning slants gazi chiqadigan boʻlsa, bu, albatta, Rossiyaning energetik buyuk davlat loyihasining amalga oshishiga juda katta xalaqit beradi. Ikkinchidan, Rossiya Gʻarbning sanktsiyalari ostida, umuman, iqtisodiy ahvoli ogʻir. Moliyaviy va texnologik resurslari yoʻq. Bundan tashqari, Rossiya texnologik jihatdan qoloq davlat hisoblanadi", - deydi bu suhbatdoshimiz.

Tahlilchi Anvar Nazirovning aytishicha, harbiy-texnik hamkorlik masalasi haqida soʻz ketganda ham, Oʻzbekistonda Rossiyadan boshqa ham tanlov yoʻli bor.

"Oʻzbekistonning Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish uchun Rossiya kredit berishga tayyormi-yoʻqmi? Rossiya Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga kirishni shart qilib qoʻyishi mumkin...Oʻzbekiston esa, harbiy ittifoqlarga kirmayman, degan. Harbiy-texnik hamkorlikni koʻp mamlakatlar bilan qilsa boʻladi. Ham koʻp mamlakatlar bunga tayyor. Oʻzbekistonga farqi nima - Rossiyadan sotib oladimi va yoki boshqa mamlakatlardan. Bu yerda, masalan, tanlov yoʻli bor. Endi bu Oʻzbekiston hukumatining siyosiy irodasi, istak-xohishiga bogʻliq", - deydi u.

Suhbatdoshimizga koʻra, Oʻzbekiston "oʻzining qishloq xoʻjalik sohasiga sarmoya kiritib, infratuzilma, marketing va hokazolarga yotirim yotqizadigan, oʻsha xalqaro moliyaviy institutlarni bunga jalb qilib qiladigan boʻlsa, Oʻzbekiston nafaqat Rossiyaga, boshqa mamlakatlarga ham oʻzining mahsulotlarini eksport qilsa boʻladi, Yevropa mamlakatlari ham tayyor sotib olishga, boshqasi ham...Noanʼanaviy, sal boshqacha fikrlash kerak, bu - Oʻzbekistonning oʻziga bogʻliq, Rossiyaga emas".

"Qiziq loyihalar"

Image copyright AP

Ammo Turkmanistonga boʻlgan tashrif chogʻida juda qiziq loyihalar koʻrib chiqildi. Buni Rossiya bilan solishtirib ham boʻlmaydi, - deydi tahlilchi.

"Birinchisi, turkman gazini Oʻzbekiston, Qozogʻiston orqali Xitoyga eksport qilish. Bunda Oʻzbekistonning tranzit mamlakat oʻlaroq roli kuchayadi... Ikkinchidan, juda qiziq loyiha - Oʻzbekiston uchun har doim Yevropa bozoriga chiqish eng katta strategik maqsadlardan biri boʻlib kelgan. Oʻzbekiston uchun birinchi oʻrinda turgan eng ustivor tashqi siyosiy mavzu, muammo. Chunki Oʻzbekiston transport-kommunikatsiya, dengizlardan ancha uzoq joylashgan mamlakat. Turkmaniston tomonidan esa, Oʻzbekistonga juda yaxshi loyiha taklif qilindi".

"Kaspiy portlaridan janubiy Kavkaz hududlari - Ozarbayjon va Gruziya orqali Qora dengiz osha Turkiya portlariga, uyogʻdan esa, ham Yevropa, ham Shimoliy Afrika va ham Yaqin Sharq bozorlariga chiqish...Bu qulay, arzon va infratuzilmasi tayyor loyiha...", - deydi tahlilchi.

Unga koʻra, bunaqa loyihalar, albatta, ijobiy maʼnoda ham Hamdoʻstlik mamlakatlari, ham Rossiya va ham Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlardan "uzoqlashtirib", Oʻzbekistonga yangi, haqiqiy va amalda imkoniyatlar yaratib beradigan loyihalar boʻladi.

Xuddi shu manzarada Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, oʻz energetik importlari va eksportlarini differentsiyatsiya qilish, taqsimlash, bir tomondan, Xitoy, Afgʻoniston, Pokistonga ulanish orqali Rossiyaga bogʻliqligini kamaytirish - ham Oʻzbekiston va ham Turkmanistonning manfaatlariga kiradi.

Ammo, tahlilchiga koʻra, buni - Rossiyaga toʻgʻridan-toʻgʻri yoyish notoʻgʻri, bundan Rossiyaga qarshi toʻgʻridan-toʻgʻri geosiyosiy xulosa chiqarish ham nooʻrin boʻladi.

Bu suhbatdoshimiz ham oʻz javobi manzarasida "Rossiyaning butun postsovet hududidagi energetika loyihalarini qoʻlga kiritish, monopoliya qilish orqali oʻzining imperiyachilik taʼsirini parvarishlash harakati doim ustun boʻlib kelgani" voqeʼligiga alohida diqqat qaratib oʻtadi.

Oʻzbekiston yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistongasidan bor-yoʻgʻi uch haftacha oʻtib Qozogʻistonga amalga oshirgan ikkinchi davlat tashrifi esa, rasmiy Toshkent tomonidan "tarixiysi", deya baholangan.

Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Oʻzbekistonning yangi rahbariyati savdo sohasidagi barcha imkoniyatlarni ochgani va toʻsiqlarni olib tashlaganini aytgan.

Prezident Nazarboyev ikki davlat oʻrtasida hozirda bironta ham yechilmagan muammo yoʻqligini taʼkidlagan.

Kecha payshanba kuni nihoya topgan tashrif chogʻida tomonlarning umumiy qiymati $1 milliard AQSh dollariga teng kelishuvlar imzolashgani xabar berilgan.

"Katta strategik ahamiyatga ega davlat"

Image copyright Inform.kz

Xuddi shu manzarada Oʻzbekiston yangi prezidentining Ostonaga qilgan safariga baho berarkan, Toshkentdan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Anvar Nazirov Qozogʻiston - Markaziy Osiyoda juda katta strategik ahamiyatga ega boʻlgan davlat, deydi.

"Albatta, Qozogʻiston bilan hamkorlik, menimcha, kelajakda mintaqaning oʻzida Markaziy Osiyo Hamkorligi loyihasining paydo boʻlishiga ham sabab boʻlishi mumkin. Eng asosiysi, hozir Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida birinchi oʻrnatiladigan narsa bu - oʻzaro ishonch boʻladi. Chunki Markaziy Osiyoda koʻp narsa ishonch bilan bogʻliq. Ishonch yoʻq edi mamlakatlar oʻrtasida...".

"Agar, ishonch koʻpriklari oʻrnatilsa, albatta, koʻptomonlama hamkorlik kuchayish mumkin. Lekin Turkmaniston bilan solishtirganda, bitta chegara bor: yaʼni Qozogʻiston Yevrosiyo Ittifoqining aʼzosi va koʻpgina tashqi savdosida Rossiya hamda Belarus bilan kelishuv asosida loyihalarda qatnashishi mumkin. Turkmaniston esa, unga nisbatan mustaqil, neytral mamlakat. Shuning uchun ham har bir loyihada oʻzicha qatnashishi mumkin. Shunga Turkmanistonga nisbatan Qozogʻistonning iqtisodiy hamkorligi cheklangan. Lekin, bunga qaramasdan, loyihalar bor va ishonch boʻlishi kerak. Nima boʻlmasin, bu - juda muhim tashrif".

Oʻtgan oy oʻrtalarida esa, matbuotda Oʻzbekiston yangi prezidentining uchinchi boʻlib shu yilning aprelь oyida Rossiyaga safar qilajagiga oid xabarlar paydo boʻlgan.

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida, hech boʻlmaganda, birinchi uch-besh yilda oʻzaro munosabatlar Karimov davridagiga qaraganda, ancha ijobiy boʻladi, deb kutish mumkin.

"Buning bir qancha sabablar bor: yaʼni, Karimov oʻsha sobiq Ittifoq davrida, Kremlning ichkarisida ijtimoiylashgan, sotsiallashgan shaxs edi. Uning siyosiy zehniyatida Kremldan qoʻrquv va shu asosdan undan masofa saqlash, imkon boricha undan uzoqlashishga intilish kuchli edi. Va Rossiyaga nisbatan munosabatda Karimov siyosatida birlamchi geosiyosat edi. Geoiqtisodiyot ikkinchi oʻrinda turar edi. Menimcha, yangi hokimiyat davrida geoiqtisodiyot birinchi oʻringa chiqishi mumkin".

"Chunki Shavkat Mirziyoyevda Kremldan qoʻrqish, Rossiyadan jiddiy hadiksirashi uchun, hozircha, asos mavjud emas. Yaʼni, uning siyosiy zehniyati yoki uning siyosiy madaniyati Gorbachev va mustaqillik davrida shakllandi...Ikkinchidan, Ukraina voqealaridan keyin Kremlning ahvolini ham ancha abgorroq deyishimiz mumkin. Eng asosiysi, Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning naqadar murakkab ekanini yaxshi tushunadi va bu vaziyatni oʻnglash uchun albatta birinchi savdo-iqtisodiy hamkorlari boʻlgan Rossiya bilan aloqalarni imkon qadar ijobiylashtirishga harakat qiladi".

Lekin, suhbatdoshimizning eng soʻnggida taʼkidlashicha, geosiyosiy masalalarda, Rossiyaning mintaqaviy, postsovet hududidagi loyihalariga kelganda, Shavkat Mirziyoyev davrida ham Karimovning siyosati davom etishi mumkin.

Aksariyat siyosiy tahlilchilarning birdek eʼtirof etishlaricha, joriy paytda sonlari rasman ikki millionga yaqin ekani va har yili ortga milliardlab dollar pul joʻnatib turishlari aytiluvchi mehnat muhojirlari Oʻzbekistonni Rossiyaga bogʻlab turgan yagona omil boʻladi.

Ammo ayni muammo, soʻzsiz, oʻzining rasman yechimini topishini alohida taʼkidlarkan, Rossiya oʻzining bu kabi chetdan kelgan mehnat muhojirlariga ehtiyoji qanchalik katta ekanini nazarda tutib, ayni omil ham rasmiy Kreml uchun Oʻzbekistonga bosim oʻtkazish vositasi boʻla olmasligi fikrida boʻlgan tahlilchilar oz emas.

Boshqa tomondan, ayrim siyosiy tahlilchilarga koʻra, bu masalada Rossiyaga Afgʻonistondan keluvchi tahdid, yaʼni mintaqaviy xavfsizlik bilan bogʻliq xavotirlar va Xitoy bilan birga oʻzi yetakchi oʻrin tutuvchi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ham ish bermaydi.

Ularning aytishlaricha, bu tashkilot asosan Xitoy uchun oʻz iqtisodiy, savdo-sotiq, transport loyihalari uchun amalga oshirish, Rossiya uchun esa, Xitoyning mavqeini zaiflashtirib, oʻzining geosiyosiy mavqeini kuchaytirish maqsadida kerak.

Afgʻoniston masalasida rasmiy Toshkent avvaldoshdan ularning ichki ishlariga aralashmasligi, afgʻon mojarosi tinch yoʻl bilan yechim topishi tarafdori ekanini taʼkidlab keladi va tahlilchilar oʻz baholarida Oʻzbekistonning ayni shu mavqeiga alohida urgʻu berishadi.

Bugun - juma kuni esa, Oʻzbekiston yangi prezidentining may oyida navbatdagi davlat tashrifi bilan Xitoyga safar qilishi xabar berilgan.

Xuddi shu soatlarda mart oyi oxirida Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning Moskvada rossiyalik hamkasbi bilan muzokaralar olib borishi ham ayonlashgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring