AQSh elchixonasi Urlaeva ozod etilganini olqishlaydi

Елена Урлаева Image copyright TIMUR KARPOV

Amerika Qo'shma Shtatlarining O'zbekistondagi elchiligi taniqli inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlaevaning Toshkentdagi ruhiy shifoxonadan qo'yib yuborilganini olqishlab bayonot tarqatgan.

"AQSh elchixonasi huquq himoyachisi Yelena Urlaeva 24 mart kuni ozod etilganini olqishlaydi", deyiladi bayonotda.

Bundan oldin AQSh elchiligi o'zbekistonlik ikki huquq faoli - Yelena Urlaeva hamda A'zam Farmonovning erksizliklaridan xavotir bildirib bayonot e'lon qilgan edi.

O'zbekistondagi rasman ro'yxatdan o'tkazilmagan Inson huquqlari himoyachilari Alyansining rahbari Yelena Urlaeva 1 mart kuni o'z ixtiyoriga qarshi Toshkentdagi ruhiy shifoxonaga yotqizilgani ma'lum bo'ldi.

"Jasliq" qamoqxonasida 11 yildan buyon saqlanayotgan sirdaryolik inson huquqlari himoyachisi A'zam Farmonovning qamoq muddatini yana uzaytirish haqida Qoraqalpog'iston Oliy sudi qaror chiqargani xabar qilindi.

10 mart kungi bayonotida AQSh elchiligi O'zbekiston hibsxonalarida ushlab turilgan o'zgacha fikrlovchi faollarning ozod etilganini olqishlash bilan birga rasmiy Toshkentni fuqarolik jamiyati vakillariga nisbatan yanada ko'proq toqatlilik namoyon etishga chaqiriq bilan chiqdi.

"AQSh elchixonasi o'tgan hafta jurnalist Jamshid Karimov ozod etilganini olqishlaydi. Bu yangilik Muhammad Bekjonov va boshqa uzoq muddat hibsda ushlangan mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi ortidan yuz berdi. Bunday ijobiy qadamlar kelgusida ham ozodlikka chiqarishlar davom etishiga va, umuman olganda, fuqarolik jamiyatiga yanada bag'rikenglik bilan munosabatda bo'lishga ishora qilmoqda", deyiladi AQSh elchiligi bayonotida.

"Shu bois, boshqa huquq faollari, xususan Yelena Urlaevaning ushlanishi va A'zam Farmonovga berilgan qamoq muddati uzaytirilishining o'z kuchida qolgani e'timodimizni pasaytirdi. Kelgusi harakatlar mamlakat qonunlari va xalqaro andozalarga muvofiq kelishini ta'minlash maqsadida biz hukumatni insoniy o'lchamlar masalasida o'zining ijobiy qadamlarini yanada mustahkamlashga chaqiramiz", deb yozilgan bayonotda.

Uyiga qaytgan Yelena Urlaeva ruhiy shifoxonada yana o'z ixtiyoriga qarshi ravishda triftazin, tsiklodol i azaleptin deb nomlangan psixotrop moddalar qo'llanilganini aytgan.

Ammo u bu gal oldingi yillardagiga nisbatan shifoxonada muomala nisbatan yaxshi bo'lganini aytgan.

Yelena Urlaeva 2001 yili, 2005 yili, 2012 va 2016 yillari ham majburan psixiatriya kasalxonasiga yotqizilgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq