'General Do'stum uy hibsida'mi?

Генерал Дўстум Image copyright COURTESY

Bunday da'vo bilan qo'shni Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniyning turmush o'rtog'i, mamlakat birinchi xonimi Rula G'aniy chiqqan.

"Afg'oniston prezidenti birinchi muoviniga nisbatan qonun qo'llangan".

"U hanuz o'z hovlisida, uy hibsiga o'xshash bir holatda. Biror bir rasmiy vazifasi ijrosida ekanini ko'rmaysiz", - deb aytgan Afg'oniston birinchi xonimi.

Rula G'aniy xonimlarining bu so'zlaridan Buyuk Britaniyaning 'The Times' nashrida 26 mart sanasi bilan chop etilgan maqolada iqtibos keltirilgan.

Maqolaning o'zi esa, "Afg'oniston prezidenti birinchi muovini jinsiy zo'ravonlikka oid da'volarni rad etarkan, yuzaga kelgan qarama-qarshilik", - deb nomlanadi.

Xuddi shu maqolaning o'zida general Abdulrashid Do'stum yuqori maqomli maslahatchisi Ustod Hamidullohning ham Afg'oniston birinchi xonimi da'volariga munosabati keltirilgan.

Ustod Hamidulloh Afg'oniston prezidenti birinchi o'rinbosarining "uy hibsida" ekaniga oid iddaoni "bo'lmag'ur gap", deb atagan.

General Abdulrashid Do'stumning "hanuz Afg'oniston prezidenti birinchi muovini ekani va istagan paytda xohlagan joyiga bora olishi mumkin"ligini ta'kidlagan.

Xuddi shu manzarada Afg'oniston prezidenti birinchi muovinining o'zi ham tarafdorlariga murojaat bilan chiqqan.

"Ayrim muammolar borligi, ammo bu bilan ularning boshlarini og'ritib o'tirish niyati yo'qligi"ni aytgan.

"Siyosatga kirganimdan buyon hamisha fitnalar markazida bo'lib kelganman. Yaqinda uyim atrofiga 30 ga yaqin tank ham joylashtirishdi. Ammo menga buning pashshachalik farqi yo'q", - deb bayon qilgan general Abdulrashid Do'stum.

"Ular agar nimadir bo'lgudek bo'lsa, Kobulda nimalar yuz berishini anglab yetishlari shart. Men qachon haqqimni va adolatni talab qilsam, shunga o'xshash holat yuz beradi. Men qonuniy yo'lda bularning barchasini hal qilaman".

69 yoshli Afg'oniston birinchi xonimi mamlakatda biror bir rasmiy maqomga ega emas, ammo, bir necha yildan buyon ayrim xayriya-ko'mak tashkilotlariga ko'ngilli ravishda hamkorlik qilib kelayotgani aytiladi.

Tarixcha o'rnida

O'tgan oy oxirida Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti idorasi general Abdulrashid Do'stum siyosiy muxolifi va Jauzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi iddaolari bilan bog'liq tergov jarayoniga ko'ngilli ravishda hamkorlik qilish niyatida ekanliklarini bayon qilgan.

General Abdulrashid Do'stum o'z xavfsizlik xizmati boshlig'i general Sattor doxil yetti nafar tan qo'riqchisini mas'ullar qo'liga topshirgani aytilgan.

Afg'oniston Ichki ishlar vazirligi matbuot voizi esa, ular barchasining 22 fevral kuni mamlakat Bosh prokuratura idorasi qarshisida hozir bo'lishganini ma'lum qilgan.

Siddiq Siddiqiy yettovlon ustidan rasman tergov jarayoni boshlanganini ham bildirgandi.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining ja'mi to'qqiz nafar tan qo'riqchisi Ahmad Ishchini zo'r bilan olib qochish va unga nisbatan nomaqbul munosabatda bo'lishda ayblanishmoqda.

Voqealarning bu kabi rivoji esa, Abdulrashid Do'stumning poytaxt Kobuldagi uyi atrofiga yuzlab xavfsizlik kuchlari va tanklar joylashtirilishi, hovlisiga eltuvchi aksariyat yo'llar to'sib qo'yilishidan sanoqli kunlar o'tib kuzatilgandi.

Ammo general Abdulrashid Do'stum o'z tan qo'riqchilarini mas'ul idoralar ixtiyoriga topshirish qarorining bu kabi harbiy safarbarlikka biror bir aloqasi bor-yo'qligi noma'lum qolgandi.

Da'volar va ayblovlar

O'tgan yil oxirida siyosiy raqibi va Jauzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi Afg'oniston birinchi vitse-prezidentiga nisbatan jiddiy da'volar bilan chiqqan.

General Abdulrashid Do'stumning buyrug'i bilan o'zining zo'r bilan olib qochilganligi va nomaqbul munosabatda bo'linganini iddao qilgan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining shaxsan o'zi va idorasi bu kabi ayblovlarni keskin rad qilgan va bularning barchasi "ig'vogarlik amali" ekanini bayon qilgan, Ahmad Ishchini ular emas, balki Afg'oniston xavfsizlik kuchlari ushlaganliklarini aytgandi.

Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniy Ahmad Ishchining da'volarini sinchkovlik bilan o'rganishga va'da bergan, o'tgan oy oxirida mamlakat Bosh prokuratura idorasi general Abdulrashid Do'stum 9 nafar tan qo'riqchisini hibsga olishga buyruq bergan.

Ularni uch bor so'roq berish uchun o'z huzurlariga chaqirgani, ammo bu xususdagi so'rovlari bejavob qolganidan shikoyat qilib chiqqan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbari Inoyatulloh Farahmand o'shanda Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida general Abdulrashid Do'stum to'qqiz tan qo'riqchisidan ikki nafari ustidan tekshiruv jarayonlari bundan ancha avval boshlanganini bildirgandi.

Afg'oniston birinchi xonimining general Abdulrashid Do'stum hozir "uy qamog'iga o'xshash bir holatda" ekaniga oid da'volari yuzasidan Bi-bi-si O'zbek Xizmati yana uning devoni rahbari Inoyatulloh Farahmand bilan bog'landi:

"Hech bir qonun Rula G'aniy xonimlariga Afg'oniston prezidentining xotini sifatida bir hakamning vazifasini bajarish va bir mahkamaning hukmini chiqarish haqqini bergan emas. Hozirgacha bu da'vo yuzasidan dastlabki tekshiruv ishlari yakun topmay turib, prezident xonimining bunday bayonot bilan chiqishi - Afg'oniston ichki ishlari, Bosh qonuni, milliy manfaat va maslahatga qarshi bir nuqtai nazar, deb bilaman".

"Istagimiz - birinchidan, Rula G'aniy o'z mavqeini bildirsin. Kimligi, vazifasi nimaligi, qaysi qonun asosida vazifasiga nimalar kirishi eng avvalo ochiqlanishi kerak. Afg'oniston prezidenti birinchi o'rinbosari xalqning ra'yi bilan bu maqomga kelgan, ana undan keyin fikr bildirsin", - deydi suhbatdoshimiz.

Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniy va prezidentlik saroyi esa, hozircha, voqealarning bu kabi rivoji yuzasidan biror bir rasmiy sharh yoki bayonot bilan chiqmagan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbari Inoyatulloh Farahmandning aytishicha, general Abdulrashid Do'stum hali-hanuz Kobulda va o'z qonuniy vazifasi ijrosida davom etmoqda.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Afg'oniston prezidenti birinchi muovini devoni rahbari bilan suhbat.