Qoraqalpog'iston va xorazmlik tadbirkorlarga valyuta yengilliklari

Dollar Image copyright Reuters

Qoraqalpog'iston va xorazmlik tadbirkorlarga valyuta yengilliklari

O'zbekiston matbuoti xabar tarqatishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog'iston respublikasi va Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan va xorijga tayyor mahsulot eksport qilib valyutada daromad topayotgan tadbirkorlarni valyuta tushumlarini davlatga topshirishdan ozod qilgan.

Shuningdek, Orolbo'yi mintaqasidagi tadbirkorlarga 5 yillik qator imtiyozlar berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 martda imzolagan qaror Qoraqalpog'iston va Xorazmda tadbirkorlik bilan shug'ullanish uchun qulay sharoit yaratish maqsadini ko'zlagan.

Orolbo'yidan xomashyo emas, o'zi ishlab chiqargan tayyor mahsulotni eksport qiladigan shirkatlar bundan keyin davlat g'aznasiga valyuta tushumlarini topshirishlari talab qilinmaydi.

Qoraqalpog'iston va Xorazmda dori-darmon, elektrotexnika mahsulotlari va ayrim qurilish materiallari ishlab chiqaradigan tadbirkorlar 2017 yilning 1 aprelidan 2022 yilning 1 apreligacha mulk solig'i, yer solig'i, obodonlashtirish va ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirish uchun olinadigan soliqdan, shuningdek, yo'l fondiga ajratmalardan ozod etiladilar.

Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan keyin birinchi bo'lib Qoraqalpog'istonga safar qilib oddiy odamlar bilan uchrashdi.

U tovuq boqib oilalarning moliyaviy ahvolini yaxshilash taklifini ilgari surdi.

Qoraqalpog'iston va Xorazm Orol dengizi qurishidan eng ko'p zarar ko'rayotgan hududlar hisoblanib, og'ir ekologik vaziyat Qoraqalpog'iston va Xorazm iqtisodiyotlari va insonlarning turmush darajasiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Shu bois ekologik fojeadan jabr ko'rgan hududlar aholisiga qator yengilliklar berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarning iqtisodiy vaziyatini yaxshilash uchun qator yangi loyihalarni boshlashga qaror qildi.

Ular orasida sahroga aylangan dengiz sohili o'rnida sayyohlik markazini tashkil etish loyihasi ham bor.

Mart oyi boshida Orolbo'yidagi Mo'ynoq tumaniga sarmoya va sayyohlarni jalb qilish bilan mintaqa iqtisodini ko'tarish maqsadi ko'zlangan prezident qarori e'lon qilindi.

Prezident Mirziyoyevning qaroriga muvofiq Mo'ynoqda "Moynaq City Center" savdo-sayyohlik majmuasi barpo etiladi.

Ishlab chiqarish bilan bog'liq, sayyohlik, qishloq xo'jalik mahsulotlarini qayta ishlash singari 72 loyihaga jami 7,5 million AQSh dollaridan ziyod mablag' ajratilib yangi ish o'rinlarini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Mo'ynoqda biznes tashkil qilgan tadbirkorlar 10 yilga barcha soliqlardan ozod qilinishi, qurigan Orol sathi bo'yicha sayyohlarga kvadrotsikllarda sayohat uyushtirish singarilar mo'ljallanmoqda.

Bo'shab yotgan ishlab chiqarish binolaridan foydalanishga qaror qilganlarning bu binolarni bepul sotib olishlariga izn beriladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring