"Hadya" bepul doʻkoni ochildi

Oʻsh shahridagi Amir Temur mahallasi vakillari ochgan "Hadya" doʻkonidan ehtiyojmand oilalar kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlarini olishlari mumkin.

Doʻkon butunlay xayr-saxovat evaziga ishlaydi va kamchiqim insonlar bu yerda ehtiyojlariga mos mahsulotlarni bepul oladilar.

"Biz aholi orasida nochor yashayotgan oilalarni koʻrib, shu fikrga keldik" - deydi Amir-Temur hududiy kengash rahbari Muhammadamin Qanatov.

"Kimlardir oziq-ovqatga pul topolmaydi, boshqalar bolasi uchun maktab kiyimi olib berolmaydi".

Uning aytishicha, ushbu doʻkon ochilishiga mahalliy tadbirkorlar koʻmak koʻrsamshtgan. Keyinroq boshqa saxovatpesha insonlar ham doʻkonga pul va turli mahsulotlar keltirishgan.

"Qorasuv" ulgurji bozoridagi tijoratchilar ham bu doʻkon uchun oʻz mahsulotlarini arzonlashtirilgan narxda berishmoqda.

Aynan qaysi oilalarning ehtiyojmandligini aniqlashda esa hududiy kengashlar yordam berishadi. Mahallalar ehtiyojmand insonlar roʻyxatini tuzishadi yoki ular haqida alohida maʼlumotnoma berishadi.

Ammo doʻkondan tekin mahsulot olishda muayyan cheklovlar bor. Masalan, bir marta mahsulot olgan kishi faqat bir oydan keyin kelib, bepul kiyim yoki oziq-ovqat olishi mumkin.

Doʻkon egalariga koʻra, shu asno barcha kambagʻal oilalarga mavjud mollarni teppa-teng taqsimlash imkonini beradi.

Doʻkondan kiyim yoki oziq-ovqat mahsulotini bir marta olgan odam, qayta faqat bir oydan keyingina doʻkon xizmatidan foydalana oladi. Bu qoida doʻkondagi mollarni barchaga birdek taqsimlash maqsadida kirgizilgan.

Hozirgi kunda doʻkonga nafaqat Oʻsh shahri aholisi, balki Qorasuv, Oʻzgan, Aravon, Novqat va boshqa tumanlardan ham odamlar kelishmoqda.

"Men bu doʻkonni televizordan koʻrib, qishloqdagi ayollar bilan keldim. Oilamizda yosh bolalar koʻp. Ularning barchasiga har doim ham kiyim-kecha olib berishga qurbimiz yetmaydi" - deydi aravonlik Barniso Toʻloʻnova.

"Bunday doʻkonlar shaharning boshqa tumanlarida ham ochilsa yaxshi boʻlardi" - deydi suhbatdoshimiz.

Tashkilotchilarga koʻra, shu kungacha 200dan ortiq inson doʻkon xizmatidan foydalangan.

Qirgʻiziston Xitoyga chegaradosh va mamlakatdda kichik savdo odamlarning asosiy kun koʻrish va hatto boyish manbasi sanaladi.

Ayni damda, jamiyatda ishsizlik baland va kambagʻallar soni katta boʻlib qolmoqda.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq