Rossiya: Navalniy 15 kunga qamaldi

Aleksey Navalniy Image copyright AFP

Aleksey Navalniy yakshanba kungi aksilkorruptsiya namoyishi payti politsiyaga qarshilik qilgan, degan ayblov bilan 15 kunlik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Rossiya muxolifat rahbari - mamlakat boʻylab hibsga olingan korruptsiyaga qarshi yurish ishtirokchilaridan eng taniqlisi.

Aslida, Aleksey Navalniy ushbu yurishning asosiy tashkilotchisi edi. Moskvadagi mahkama muxolifat rahbarini taqiqlangan namoyishlarni tashkillashtirishda ham ayblagan va 20 ming rublь (360 AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortgan.

Kremlning ayblashicha, muxolifat odamlarni Rossiya qonunlarini buzishga rahbatlantirib, zoʻravonliklarga undamoqda.

Hukumat vakillariga koʻra,muxolifat vakillari ayrim yoshlarga pul toʻlab, namoyishga chiqarishgan.

Aleksey Navalniy Bosh vazir Dmitriy Medvedevni korruptsiyaga aloqadorlikda ayblaydi.

Ayni shu iddaolar Rossiyaning yirik shaharlari boʻylab koʻp ming kishilik namoyishlarga sabab boʻlgan.

Moskvaning oʻzida rasman 500 namoyishchi ushlangan. Ammo faollarga koʻra, yakshanba kuni mingdan ziyod odam qoʻlga olingandi.

Ularning kamida 120 nafari hamon hibsda qolayotgani aytiladi.

Yoshlar kelajakdan xavotirda

Image copyright AFP

Rossiyadagi oxirgi namoyishlarning oʻziga xosligi - yosh qatnashchilarning koʻpligi edi. Nafaqat talabalar, balki hatto maktab oʻquvchilari ham korruptsiyani toʻxtatish va poraxoʻr amaldorlarni jazolash talablari bilan koʻchalarga chiqishdi.

Ammo Rossiya hukumati bu yoshlarga pul toʻlab, namoyishga chorlashgan, deb aytdilar. Davlat telekanallari esa hukumat mavqeini uzatdi, xolos.

Ajablanarlisi, Vladimir Putin boshqaruvi ostida, vatanparvarlik shiorlari bilan ulgʻaygan yosh avloda yakshanba kuni namoyishga chiqib, "Putin - oʻgʻri!" deb qichqirishardi.

Har qanday holatda ham minglab yoshlarning koʻchalarga chiqishi, muxolifatning oʻrni neqadarligi va ijtimoiy tarmoqlardan qanchalik yaxshi foydalana olishini koʻrsatadi.

Boshqalar nima deydi?

Yevropa Ittifoqiga koʻra, Rossiya politsiyasi amallari odamlarning oʻz va tinch yigʻilish erkinliklariga toʻsiq boʻlgan.

OI bayonotida qoʻlga olingan barcha namoyishchilarni ozod etish talab qilinadi.

AQSh esa Rossiya xalqi ham boshqalar kabi shaffof va hisob beruvchi hukumatga munosibligini aytgan. Shuningdek, Rossiyaliklar koʻrqmasdan oʻz huquqlaridan foydalana olishlari ham taʼminlanishini zarurligi taʼkidlangan.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq