Rossiya tojikistonlik migrantlarga afv qo'llayapti

мигрант Image copyright Anna Moiseenko

Rossiya hukumati tojikistonlik mehnat muhojirlariga ushbu mamlakatdagi holatini qonuniylashtirish uchun bir oylik muhlat berdi. Bu yurtda qonunni buzib yurgan tojik migrantlari bir oyning ichida tegishli hujjatlarni to'g'rilab olishi mumkin.

Rossiyada Markaziy Osiyodan eng ko'p migrant O'zbekistondan ekanligi aytiladi. Ular ham bu kabi afvga muhtojligi aytiladi.

25 martdan 24 aprelgacha Rossiyada yurgan tojikistonlik mehnat muhojirlari ushbu mamlakatda yashash va mehnat faoliyatlarini qonuniylashtirib olish imkoniga ega bo'lgan. Masalan, Rossiyada turish muddati o'tib ketganlar bir oy davomida migratsiya xizmatiga murojaat qilishi va yashash hamda ishlash huquqini beruvchi yangi kartochka olishi mumkin.

tajmigrant.com saytining izlanishlar natijasida ma'lum qilishicha, amnistiya borasida qonun yoki hukumatning biror qarori yo'q. Amnistiya Rossiya Ichki ishlar vazirligining ichki buyrug'i asosida amalga oshiriladi.

Bu vaqt oralig'ida migrantlarning qonunni buzib yurganligi ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi. Ushbu yengillik faqat Rossiya hududida yurgan tojikistonlik mehnat muhojirlariga nisbatan qo'llaniladi. Mamlakatdan deport qilinganlarning ayrim qatlamlari ham ushbu afvdan foydalanishi mumkin.

Ushbu amnistiya Tojikiston va Rossiya Prezidentlarining fevral oyida Dushanbedagi kelishuvlari asosida amalga oshayotgani xabar qilinmoqda.

Rasmiy manbalarga ko'ra, Rossiyada millionga yaqin tojikistonlik mehnat muhojirlari bor. O'tgan yili 416 ming Tojikiston fuqarosi ishlash uchun patent olgan.

Kuzatuvchilar Rossiyada Markaziy Osiyodan eng ko'p mehnat muhojiri O'zbekistondan ekanligini aytishadi.

Ularning huquqlari ham eng ko'p buziluvchilar qatorida. O'zbekiston hukumati bir necha yillar Rossiyadagi migrantlar masalasiga ko'z yumib keldi.

Marhum Prezident Islom Karimov ularni "dangasalar" deb atagan. O'zbekistonda har doim ularni ortga qaytarish uchun harakatlar bo'lgani aytiladi.

Biroq so'nggi vaqtlarda Rossiyada yurgan mehnat muhojirlariga nisbatan O'zbekiston hukumatida munosabat o'zgara boshlagani aytiladi.

Shu yilning 21 fevral kuni O'zbekiston Mehnat vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi delegatsiyasi mehnat migratsiyasi bo'yicha ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish maqsadida Moskvada bo'lgan.

Delegatsiya Rossiya IIVning mehnat migratsiyasi masalalari bosh boshqarmasida uchrashuv o'tkazgan. Unda O'zbekiston fuqarolarini Rossiya hududida mehnat faoliyatlarini olib borishlari uchun jalb qilish masalalariga qaratilgan ikki mamlakat hukumati o'rtasidagi kelishuv loyihasiga oid masalalarni muhokama qilingan.

Huquq himoyachilari mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish borasida O'zbekiston hukumati yetarli ishlar qilmayotgani va bu borada Rossiya hukumati bilan faol ishlmayotganini aytib kelishadi.

Hatto faoliyatidagi sustlik bois O'zbekistonning Rossiyadagi elchisi iste'fosini so'rashgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq