Aripov va Medvedev nima yo kimni gaplashishadi?

Image copyright Sputnik/ Михаил Климентьев

O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning rossiyalik hamkasbi Dmitriy Medvedev bilan Moskvada o'tadigan uchrashuvi energetika, savdo va sayyohlik masalalariga bag'ishlanishi aytilmoqda.

Ayni umumiy iboralar ortida, O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kelasi oy boshida Rossiyaga kutilayotgan prezident sifatidagi ilk davlat tashrifi ham turadi.

Aripov aslida Prezident Mirziyoyevning kutilayotgan safari uchun tayyorgarlik ko'rish niyatida Rossiyaga borayotgani ehtimoli katta.

Rossiya va O'zbekiston Bosh vazirlari uchrashuvi borasida o'zbek matbuoti umumiy mavzularni yoritish bilan chegaralangan.

Rossiya matbuotida biroz tafsilotlarga e'tibor qaratiladi.

Neft, meva va migrantlar

"Medvedev va Aripov Rossiya neftini O'zbekstonga jo'natish mexanizmlarini ko'rib chiqishadi" - yozadi neftegaz.ru vebsahifasi.

Unga ko'ra, bosh quvur orqali neftni O'zbekistonga keltirish so'rovi texnik imkoniyatlar cheklanganligi bois joriy yil boshida ham rad etilgandi.

"O'zbekiston prezidentining o'tgan hafta Qozog'istonga tashrifi ortidan bu texnik imkoniyat qo'lga kiritilganga o'xshaydi" - xulosa qiladi internet nashri.

Rossiya O'zbekistoning tashqi savdo aylanishidav 17.2% foiz ulushga ega eng muhim hamkorlardan biri. Lekin tahlilchilar, potensial to'la amalga oshmayotganini aytishadi.

Rossiya "Lukoyl" shirkati O'zbekistonga ko'p milliardli sarmoya kiritgan. Hukumat yuqori doiralari bilan ish olib boradigan bu ulkan shirkat ham o'z vaqtida O'zbekistonda qiyinchiliklarga duch kelgan.

Image caption O'zbek muhojirlari Rossiyadagi o'z huquqiy mavqelari bobida O'zbekiston hukumati biron ijobiy ish qilishidan umid uzishgan.

Biroq o'tgan yillari Toshkentning chaqirig'iga ishonib, O'zbekistonga borgan rossiyalik o'rta va kichik tadbirkorlar u yerdagi tijorat yuritish cheklovlari, pul konvertatsiyasi yo'qligi va korrupsiya avj olgani sababli tuzuk ishlay olishmagan.

Yangi prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy va xorijiy tadbirokrlarga sharoit yaratishini aytarkan, ko'pchilik hamon ehtiyotkorlik bilan qaramoqda.

Ammo O'zbekistonning yangi rahbari Rossiya bilan dehqonchilik mahsulotlari savdosi borasida o'zbekistonliklarga foydali qadamlarni qo'yishga muvaffaq bo'ldi.

Ammo Rossiyadagi ko'p millionli mehnat migrantlari huquqlari masalasi hamon mavhum.

Qirg'iziston yo Tojikiston fuqarolari bilan solishtirganda, Rossiyadagi eng huquqsiz muhojirlar o'zbekistonliklar sanaladi.

Marhum Karimov o'z fuqarolarining Rossiyadagi huquqlarini himoya qilmagan va vatanda ularni "dangasa" yoki "vatangado" kabi so'zlar bilan atab, salbiy munosabat shakllantirilgan.

Aslida esa, migrantlar yuborgan milliardlab dollar mablag' tufayli O'zbekistonda iqtisod va savdo yurib kelgan hamda jamiyatda tinchlik hukm surgan.

Muhojirlar yangi prezident Shavkat Mirziyoyev ularga e'tibor qaratadi, degan umidda. Ammo amalda buning biron alomati halicha ko'rinmaydi.

Markaziy Osiyoning eng strategik muhim, ammo ko'p sonli mamlakati bo'lmish O'zbekiston har doim Kremldan mustaqil siyosat yurgizishga intilgan.

Muhojirlar borasida ikki taraflama kelishuvlar esa Toshkentning "boshini egishi" va Rossiya shartlariga qo'nib, muayyan murosaga borishini anglatishi mumkin.

Islom Karimov bunga hech qachon yo'l qo'ymagandi.

Shavkat Mirziyoyev ham prezident sifatida ilk safarlari uchun Rossiyani emas, balki Turkmaniston va Qozog'istonni tanlab, Moskvaga muayyan mujda yuborgandek.

Biroq O'zbekiston rahbariyati qanday siyosat tanlamasin, Rossiyaning sobiq Sovet davlatlari bilan munosabatlaridagi so'nggi harakatlarini nazardan qochira olmaydi.

Ayniqsa, millionloab o'zbeklar hali-hamon Rossiyada ishlab, non topishga majburlar.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq