O'zbekiston Rossiya bilan harbiy shartnomani ma'qulladi

Image copyright Defence ministry
Image caption O'zbekiston mudofaa vaziri Qobil Berdiev Rossiya bilan "doim birga" ekanliklarini aytgan.

O'zbekiston parlamentining yuqori palatasi - Senat Rossiya bilan harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to'g'risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilgan.

Senatning seshanba kuni o'tgan yalpi majlisida shartnoma loyihasi bir ovozdan ma'qullangan.

Shartnoma tomonlarning o'zaro harbiy maqsaddagi texnika va xizmatlarni etkazib berishini tartibga soladi.

Unda shuningdek, harbiy-texnikaviy yordam ko'rsatish ham nazarda tutilgan.

O'tgan yil noyabrida Prezident Putin Rossiya harbiy-texnikaviy hamkorlik bo'yicha agentligiga O'zbekiston bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'ychia shartnoma imzolashni topshirgandi.

Bir vaqtning o'zida Moskvaga safar qilgan O'zbekiston mudofaa vaziri Qobil Berdiev Rossiya bilan "doim birga" ekanliklarini aytgan.

"Balki bizning munosabatlarimiz uncha faol bo'lmagan davr ham bo'lgandir, biroq biz doim Rossiya bilan birgamiz va Rossiya bizning asosiy strategik hamkorimiz", - deya O'zbekiston mudofaa vazirining so'zlaridan iqtibos keltirgan RIA Novosti agentligi.

Rasmiy Toshkent siyosiy va iqtisodiy sohada bo'lgani kabi harbiy sohada ham Moskva bilan asosan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida hamkorlik qilib keladi.

Karimovning vafoti ortidan O'zbekiston Rossiya etakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi a'zoligini qayta tiklash rejasi yo'qligini aytgan.

Harbiy ekspertlarga ko'ra, kelayotgan 10 yilda O'zbekiston Qurolli Kuchlarining asosiy ta'minotchisi Rossiya bo'lib qoladi.

So'nggi paytlarda harbiy ta'lim sohasidagi hamkorlik ham kuchaygan.

1990-yillar oxirida marhum prezident Islom Karimov NATO andozasidagi armiya yaratish rejalarini ilgari surgan, ammo keyinroq Rossiya bilan qaytadan yaqinlashgandi.

Afg'oniston tahdidi

Harbiy-texnikaviy hamkorlik masalasi kelasi oy Rossiyaga tashrif buyurishi e'lon qilingan Prezident Mirziyoevning Putin bilan muzokaralari kun tartibida ham bo'lishi kutilmoqda.

Dushanba kuni Afg'oniston bilan chegarada Rossiya va Tojikiston harbiylarining qo'shma o'quv mashg'ulotlari boshlangan.

Putinning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zamir Qobulov O'zbekistonga qo'shni Afg'onistonda "katta miqyosdagi qonli to'qnashuvlar yuz berishi ehtimoli"dan ogohlantirgan.

O'tgan hafta Tojikistonga safari chog'ida gapirgan Rossiya diplomatiga ko'ra, Afg'onistondagi jangari guruhlarning asosiy nishoni Markaziy Osiyo davlatlaridir.

U mintaqa davlatlarini Afg'onistondan kelayotgan tahdidga qarshi birgalikda kurashishga chaqirgan.

Prezident Mirziyoev o'tgan hafta Qozog'istonga tashrifi chog'ida Afg'onistondagi vaziyatning mintaqaga tahdid ekanini e'tirof etgan, ayni paytda ekstremizm tahdidini faqat xavfsizlik choralari bilangina bartaraf etib bo'lmasligini aytgan.

Unga ko'ra, iqtisodiy integratsiya loyihalari mintaqaning ko'pgina muammolariga echim bo'lishi mumkin.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.