O'zbekiston: Chegara bilmas josuslikmi?

Image copyright Alamy
Image caption Амнести Интернейшнл

Amnesty International ( Amnesti Interneyshnl) inson haqlari tashkilotiga ko'ra, O'zbekiston hukumati o'z fuqarolarini hatto Evropa davlatlarida ham tinch qo'ymayap

Yangi hisobotda aytilishicha, hukumat muhojirlikdagi o'zbekistonliklarni qo'rquv va noaniqlik fazosida tutib turmoqda.

'Biz sizni qaerda bo'lsangiz ham topamiz", deb nomlangan hisobotda josuslarning muhojirotda yashayotgan etti nafar o'zbekistonlik hayotiga ta'siri haqida so'z boradi.

Shvetsiyada yashayotgan o'zbekistonlik jurnalist o'z hayoti va vatanda qolgan oilasi bilan yozishmalari qanday qilib josuslar tomonidan kuzatalishi haqida hikoya qiladi.

Amnestiga ko'ra, yana bir jurnalist Frantsiyaga O'zbekistonni aynan xavfsizlik xizmati ta'qibidan keyin tark etgan.

AI tashkilotining Texnologiya va Inson huquqlari bo'limi tadqiqotchisi Joshua Frankoga ko'ra, "hisobot Evropadagi o'zbekistonliklar ommaviy tarzda josuslikdan qanday aziyat chekayotgani" haqida hikoya qiladi.

"O'zbekiston ichkarisidagi jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari va siyosiy faollar uchun hukumat mulozimlari shubha-gumonlarga to'la bir fazoni yaratishgan..."

Joshua Frankoning ishonishicha, hatto mamlakat tashqarisida ham josuslik xavfining ta'sirlari aniq seziladi.

"Qo'rquv oilalar o'rtasida jarlik yaratmoqda. Qochqinlar o'z oilalari bilan suhbatlashishdan cho'chishadi, chunki josuslik xizmatlariga o'zaro muloqotlar ma'lum bo'lishi mumkin".

Ayni hisobotda Dilshod (ismi o'zgartirilgan) ismli qochqin O'zbekistondagi oilasi bilan aloqa qilolmayotgani haqida hikoya qilinadi.

Dilshodning aytishicha, u o'z oila a'zolari bilan telefonda so'zlashganidan keyin uylariga militsiya xodimlari kelishgan.

Amnesty International hisobotida Dilshod o'zining o'lim to'shagida bo'lgan xolasi bilan suhbatlashgani va shundan keyin bu ayolning uyiga militsiya kelganini aytadi.

"Agar oila a'zolarimizga, do'slarimizga telefon qilsak, ular hamma narsani eshitishadi. Biz ( Shvetsiyadagilar) bundan ozor chekmaymiz, ammo telefonda so'zlashsak, bizning yaqinlarimiz jabr ko'rishadi", deydi Dilshod.

Jurnalistlar va O'zbekiston hukumati

O'zbekiston hukumatining mustaqil jurnalistlarga nisbatan munosabati hech qachon adolatli va yo do'stona bo'lmagan.

O'tgan yigirma besh yil ichida hukumatni tanqid qilgan har qanday jurnalist turli ta'qib va tazyiqlarga duch kelgan.

2014 yilda Berlinda yashayotgan o'zbekistonlik jurnalist Galima Buxarboevaning elektron pochtasi buzilgan.

Uning elektron maktublari internetga sizdirilganidan keyin, Galima bilan hamkorlik qilgan mahalliy jurnalistlar hayoti xavf ostida qolgan.

Bu kabi xavf ostida qolgan jurnalistlardan biri Gulasal Kamolova bir necha tahdidlardan keyin O'zbekistonni tark etishga majbur bo'lgan.

U Frantsiyada 11 oydan beri yashaydi va bu muddat orasida biror marta O'zbekistondagi oilasi bilan aloqa qilmagan.

O'zbekistondan qochar ekan, xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri unga "qaerda bo'lma, biz baribir seni topib olamiz", deb tahdid qilgan.

Gulasal Kamolova Amnesty International bilan suhbatda, "mening qo'rqadigan joyim yo'q. Yo'qotadigan narsam -ish, ish esa bu erda. Bu mening tahdidlar va tazyiqlarga zo'r beradigan xavfsizlik xizmatiga javobim. Men bundan qo'rqmayman. Bilaman, josuslar bu erda ham bor, o'zimni xavfsiz his qilmayman. Ammo qo'rqmayman", deydi.

Amnesti hisobotida yana bir o'zbekistonlik jurnalist Dmitriy Tixonovning hikoyasi keltiriladi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov o'z davrida butun mamlakatda qo'rquv fazosini shakllantirgan.

O'zbekiston hukumati, xavfsizlik xizmati va Ichki Ishlar vazirligi "tinchlikni saqlash" bahonasida mustaqil va muxolif fikrdagilarga qarshi kurashgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.