Mirziyoyev dehqon bozorlarini buzib, qayta qurmoqchi

Қарордан англашилишича, икки йил олдин реконструкция қилинган Фарғона марказий деҳқон бозори яна бузилиши мумкин. Image copyright farbozor.uz
Image caption Qarordan anglashilishicha, ikki yil oldin rekonstruksiya qilingan Farg'ona markaziy dehqon bozori yana buzilishi mumkin.

O'zbekistonda mavjud barcha dehqon bozorlari ikki yilning ichida buziladi. Ularning o'rniga zamonaviy savdo majmualari - gipermarket, supermarket va minimarket hamda ularga tutash joylarda yig'iladigan temir pavilonlar quriladi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni "2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to'g'risida" qarorini imzolagan.

Qarordan anglashilishicha, keyingi besh yilda O'zbekistonda 17 ta dehqon bozori mukammal rekonstruksiya qilingan. Biroq mamlakat bo'ylab faoliyat yuritayotgan 328 ta dehqon bozorining aksar qismi talablarga javob bermaydi.

"Olib borilgan ishlarga qaramasdan, aksariyat dehqon bozorlarida xavfsizlik choralari, xususan, bino va inshootlarda yong'in xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari to'liq inobatga olinmaganligi, shuningdek, avtomobil to'xtash joylarining yetishmasligi kabi holatlar sotuvchi va xaridorlar uchun bir qator noqulayliklar tug'dirmoqda", - deyiladi qaror sharhida.

Image caption Qarorda aksar bozorlar ta'mirtalab ekanligi aytilgan

Qaror sharhidan ma'lum bo'lishicha, O'zbekistondagi 90 foiz bozor ta'mirga muhtoj.

"Bozorlarning 90 foizidan ortig'i (301) zamonaviy qurilish normalari talablari va savdo xizmati ko'rsatish shartlari hisobga olingan holda mukammal ta'mirlashni talab etadi", - deyiladi unda.

Qarorda va uning sharhida O'zbekistonda 25 yildan beri buzilib qayta qurilayotgan dehqon bozorlari nima sababdan talablarga javob bermasa ham qabul qilingani borasida hech narsa deyilmagan.

Image caption Qarorda mavjud savdogarlarning holati borasida hech narsa deyilmagan

Shuningdek, shu vaqtgacha qayta qurilgan bozorlardagi rastalarni har safar yangidan sotib olishga majbur bo'luvchi tujjorlarning huquqlari va taqdirlari borasida ham hech narsa aytilmagan.

Qarordan anglashilishicha, mavjud dehqon bozolarining hududi ixchamlashtiriladi va u yerda bir necha qavatli giper, super va minimarketlar qad rostlaydi.

Image caption Tujjorlar temirdan yasalgan yangi yig'ma pavilonlarga o'tkazilishi mumkin

Ikki yilning ichida O'zbekistonda 9 ta 3 qavatli gipermarket, 28 ta 2 qavatli va 126 ta bir qavatli supermarketlarlar quriladi. Qishloq xo'jalik mahsulotlarini sotishga ixtisoslashgan savdogarlar esa sendvich-panellardan keng foydalangan holda yengil konstruksiyali yig'ib-teriladigan qishloq xo'jaligi mahsulotlari sotishga ixtisoslashgan savdo pavilonlariga o'tkaziladi.

Shu vaqtgacha temirdan yasalgan yig'ma pavilonlarda savdogarlar xizmat qilishgan. Biroq joylarda olib borilgan qurilishda ushbu pavilonlar talabga javob bermasligi sabab qilib keltirilib ularning o'rnini kichik va yopiq do'kon shaklidagi savdo rastalari qurilgandi.

Endi ushbu kichik do'konlar o'rnini yaxlit supermarket egallashi kutilmoqda.

Mamlakatdagi zarar ko'rib ishlayotgan 59 bozor yopiladi va ularning o'rniga keyinchalik zamonaviy savdo va oziq-ovqat ob'ektlari quriladi.

Image caption Yangi bozorlarda bu kabi sotuvchilarga joy topiladimi?

Qishloq tumanlaridagi dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan savdo majmualari qurilishi, ular hududini obodonlashtirish va avtoturargohlar tashkil qilishga - "O'zmilliybank" mablag'lari jalb qilinad

Yirik shaharlardagi yirik dehqon bozorlari hududida quriladigani savdo majmualariga birinchi navbatda tadbirkorlar mablag'lari jalb qilinadi. Shuningdek, tijorat banklarining kamida 5 yil muddatga beriladigan, O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshirilmaydigan stavka bo'yicha kredit mablag'lari ishlatiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, dasturni amalga oshirishga jami 746 milliard so'm (Markaziy bank kursi bo'yicha 207 million 510 ming AQSh dollari) mablag' sarflanishi taxmin qilinmoqda.