Koreyaga ishlashga faqat professorlar boradimi?

мигрантлар Image copyright Sputnik

Janubiy Koreyada ishlashni istovchi o'zbekistonliklar koreys tilidagi bilimlarini tekshirish uchun test topshirgan. 1 aprel kuni onlayn tarzda bo'lib o'tgan test savollari va javoblari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining istehzoli kulgusiga sabab bo'ldi. Savollarga javob berganlar Janubiy Koreyaga oddiy ishchi emas, professorlar olib ketiladi, degan xulosa kelishgan.

O'zbekiston Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Janubiy Koreyaga ishlash uchun bormoqchi bo'lgan o'zbekistonliklarni til sinovidan o'tkazgan.

Uni yaqindan kuzatgan jurnalistlar testni tashkil qilishdan tortib, o'tkazish jarayonlari xato va muammolar bilan to'la bo'lganini aytishmoqda. Tuzilgan savollarning murakkabligi va savodsizligi esa kulgularga sabab bo'lgan.

Kun.uz saytining imtihonda ishtirok etgan yuzlab manbalarning guvohligiga tayanib yozishicha, test jarayoni har qanday mantiqqa zid kechgan.

"Qoidaga ko'ra, koreys tilidan bilim darajani aniqlash uchun koreys tilidan savol-javob bo'lishi kerak bo'lgan o'rinda, o'zbek tilida tarix, adabiyot, ona tili, kimyo, fizika, huquq, geografiya, biologiya kabi fanlardan bir-biridan murakkab, bir-biridan mantiqsiz va kulgili, chala-yarim savollar berila boshlangan", - deyiladi maqolada.

"Sirdaryo viloyati aholisining qancha qismi chuchuk suv ichishi", "Mo'g'ul xoni Xitoyda qachon qaysi sulolaga asos solgani", "Mitti yulduz" kitobi kimniki ekani, "Halima enam allalari" she'riy to'plami muallifi kimligi, "Chustda qachon qo'zg'alon bo'lgani", qaysidir Ahmad qachon vafot etgani kabi savollar so'ralgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari test bo'lib o'tishi bilan antiqa savollarning suratini olib tarqatishgan va ular qizg'in muhokamaga sabab bo'lgan. Ayrim hollarda test savollari turli kulgili memlarning paydo bo'lishiga sabab bo'lgan.

Image copyright Twitter
Image caption Test savollar terli memlarning paydo bo'lishiga sabab bo'lgan

"Unaqa savollarga javob topa oladigan odam, agar bo'lsa albatta, Koreyaga ishlashga keladimi?", - deydi bir foydalanuvchi/

"Manimcha Koreyaga oddiy ishchi emas, bo'lajak senatorlar kerak", - deya istehzo qiladi yana bir fikr qoldiruvchi.

Blogger Sanjar Said kun.uz saytida e'lon qilgan maqolasida testga mas'ul Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rasmiy sayti tomonidan yo'l qo'yilgan xatolarni nommma-nom sanab o'tgan.

Bloggerga ko'ra, onlayn ro'yxatga olish jarayonida ishtirok etishni istovchilarning soni ko'p bo'lishi oldindan ma'lum bo'lgan. Biroq shunga qaramasdan rasmiylar onlayn jarayonni uzluksiz va samarali ishlashini ta'minlay olmagan. Natijada test kuni yaqinlashgan sayin rasmiy sayt qotib, ochilmay qolgan.

Koreys tili bo'yicha mutaxassis bo'lgan Sanjar Saidning ta'kidlashicha, rasmiy sayt savodsizlarcha yuritilmoqda.

"Migratsiya agentligining migration.uz, info.migration.uz, test-migration.uz saytlari shu qadar savodsizlik bilan yuritilmoqdaki, undagi imloviy, grammatik xatolar, pala partish, o'lda-jo'lda jumlalar, shevaga xos so'z va ifodalarni o'zbek tiliga nisbatan ochiqcha hurmatsizlik, deb qabul qilish mumkin", - deb yozadi u.

Blogger ham antiqa savollarga e'tibor qaratgan va ularni ahmoqona deb atagan.

"Qoidaga ko'ra, koreys tilidan bilim darajani aniqlash uchun koreys tilidan savol-javob bo'lishi kerak bo'lgan o'rinda, o'zbek tilida tarix, adabiyot, ona tili, kimyo, fizika, huquq, geografiya, biologiya kabi fanlardan bir-biridan murakkab, bir-biridan mantiqsiz va kulgili, chala-yarim savollar berila boshlandi", - deydi Sanjar Said.

Blogger imtihon topshiruvchilarning hissiyotlari junbushga kelganini yozdi. Unga ko'ra, huquqlar oyoqosti qilingan va "katta bir tashkilot o'zini o'zi sharmanda qilib, xalq kulgisiga qoldi".

Janubiy Koreyaga ishlash uchun 100 minglab o'zbekistonlik imtihon topshirgani aytiladi.

Bu mavzuda batafsilroq