Mirziyoyev dehqon bozorlarini buzib, qayta qurmoqchi

Qarordan anglashilishicha, ikki yil oldin rekonstruktsiya qilingan Fargʻona markaziy dehqon bozori yana buzilishi mumkin Image copyright farbozor.uz
Image caption Qarordan anglashilishicha, ikki yil oldin rekonstruktsiya qilingan Fargʻona markaziy dehqon bozori yana buzilishi mumkin

Oʻzbekistonda mavjud barcha dehqon bozorlari ikki yilning ichida buziladi. Ularning oʻrniga zamonaviy savdo majmualari - gipermarket, supermarket va minimarket hamda ularga tutash joylarda yigʻiladigan temir pavilonlar quriladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni "2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruktsiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida" qarorini imzolagan.

Qarordan anglashilishicha, keyingi besh yilda Oʻzbekistonda 17 ta dehqon bozori mukammal rekonstruktsiya qilingan. Biroq mamlakat boʻylab faoliyat yuritayotgan 328 ta dehqon bozorining aksar qismi talablarga javob bermaydi.

"Olib borilgan ishlarga qaramasdan, aksariyat dehqon bozorlarida xavfsizlik choralari, xususan, bino va inshootlarda yongʻin xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari toʻliq inobatga olinmaganligi, shuningdek, avtomobil toʻxtash joylarining yetishmasligi kabi holatlar sotuvchi va xaridorlar uchun bir qator noqulayliklar tugʻdirmoqda", - deyiladi qaror sharhida.

Image caption Qarorda aksar bozorlar taʼmirtalab ekanligi aytilgan

Qaror sharhidan maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekistondagi 90 foiz bozor taʼmirga muhtoj.

"Bozorlarning 90 foizidan ortigʻi (301) zamonaviy qurilish normalari talablari va savdo xizmati koʻrsatish shartlari hisobga olingan holda mukammal taʼmirlashni talab etadi", - deyiladi unda.

Qarorda va uning sharhida Oʻzbekistonda 25 yildan beri buzilib qayta qurilayotgan dehqon bozorlari nima sababdan talablarga javob bermasa ham qabul qilingani borasida hech narsa deyilmagan.

Image caption Qarorda mavjud savdogarlarning holati borasida hech narsa deyilmagan

Shuningdek, shu vaqtgacha qayta qurilgan bozorlardagi rastalarni har safar yangidan sotib olishga majbur boʻluvchi tujjorlarning huquqlari va taqdirlari borasida ham hech narsa aytilmagan.

Qarordan anglashilishicha, mavjud dehqon bozolarining hududi ixchamlashtiriladi va u yerda bir necha qavatli giper, super va minimarketlar qad rostlaydi.

Image caption Tujjorlar temirdan yasalgan yangi yigʻma pavilonlarga oʻtkazilishi mumkin

Ikki yilning ichida Oʻzbekistonda 9 ta 3 qavatli gipermarket, 28 ta 2 qavatli va 126 ta bir qavatli supermarketlarlar quriladi. Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini sotishga ixtisoslashgan savdogarlar esa sendvich-panellardan keng foydalangan holda yengil konstruktsiyali yigʻib-teriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotishga ixtisoslashgan savdo pavilonlariga oʻtkaziladi.

Shu vaqtgacha temirdan yasalgan yigʻma pavilonlarda savdogarlar xizmat qilishgan. Biroq joylarda olib borilgan qurilishda ushbu pavilonlar talabga javob bermasligi sabab qilib keltirilib ularning oʻrnini kichik va yopiq doʻkon shaklidagi savdo rastalari qurilgandi.

Endi ushbu kichik doʻkonlar oʻrnini yaxlit supermarket egallashi kutilmoqda.

Mamlakatdagi zarar koʻrib ishlayotgan 59 bozor yopiladi va ularning oʻrniga keyinchalik zamonaviy savdo va oziq-ovqat obʼektlari quriladi.

Image caption Yangi bozorlarda bu kabi sotuvchilarga joy topiladimi?

Qishloq tumanlaridagi dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan savdo majmualari qurilishi, ular hududini obodonlashtirish va avtoturargohlar tashkil qilishga - "Oʻzmilliybank" mablagʻlari jalb qilinadi.

Yirik shaharlardagi yirik dehqon bozorlari hududida quriladigani savdo majmualariga birinchi navbatda tadbirkorlar mablagʻlari jalb qilinadi. Shuningdek, tijorat banklarining kamida 5 yil muddatga beriladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshirilmaydigan stavka boʻyicha kredit mablagʻlari ishlatiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, dasturni amalga oshirishga jami 746 milliard soʻm (Markaziy bank kursi boʻyicha 207 million 510 ming AQSh dollari) mablagʻ sarflanishi taxmin qilinmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring