Oʻzbek imomi: Erkaklar doyalik qilmasin

Yunusobod tuman imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov Image copyright qalampir.uz
Image caption Yunusobod tuman imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov

Oʻzbekistonda doyalikni faqat ayollar qilishi kerak degan taklif yana bir bor yangradi. Yunusobod tuman imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov erkaklarning doyalik qilishi "sharmandalik" ekanligini aytgan. Biroq soha mutaxassislari farzandni dunyoga keltirish oʻta ogʻir kasb ekanligini, uni faqat ayol zimmasiga yuklab boʻlmasligini aytishadi.

"Bugungi kunga kelib toʻgʻirlashimiz kerak boʻladigan masalalardan bittasi, oʻgʻil bolalarimizni doyalikka oʻqitishni bas qilaylik, birodarlar endi. Bu sharmandachilikni toʻxtataylik endi. Mayli sobiq Ittifoq davrida shunga mubtalo boʻldik. Erkak odamlar doya boʻlishi oddiy narsa deb bilindi. Ayollar orasida erkakning qoʻli yengil boʻladi, deb erkak doyaga muxlislik koʻpayildi. Lekin endi bu uyat boʻladi. Endi toʻxtash kerak", - degan Rahmatulloh Sayfutdinov.

Oʻzbekistonda tugʻiriqxonalarda faqat ayollar ishlasin degan taklif bundan oldin ham berilgandi.

1990 - 1995 yillar Oʻzbekiston Oliy Kengashi deputati boʻlgan mashhur hofiz Sherali Joʻrayev parlamentda ushbu masalani koʻtargan.

Biroq ushbu masala eʼtiborsiz qolgan.

"Eslaganim qadar bu masala doyalar sifatida emas, umuman roddomlarda faqat ayollar ishlasin tarzida edi va eʼtiborsiz qolgandi", - deydi oʻsha vaqti Oliy Kengash deputati boʻlgan jurnalist Jahongir Muhammad.

Toshkentdagi xususiy klinikalarning birida ishlovchi, bir necha yil ginekolog-akusher boʻlib xizmat qilgan erkak shifokorning BBC Oʻzbek xizmatiga aytishicha, doyalik aslida juda ogʻir kasblardan.

"Doyalik qilish aslida ogʻir mehnat. Ayolda qon ketib qolishi mumkin. Ayol tugʻayotganda narigi dunyoga bir borib keladi, deyishadi. Xuddi shunday doyalik qilayotgan odam ham u bilan birga bir borib kelgandek boʻladi. Bunday stressli holatda hech qanday erkak doyaning xayoliga fahsh narsalar kelmaydi. Undan tashqari akusher-ginekolog tunu-kun ishxonada boʻlishiga toʻgʻri keladi. Lekin ayollarining kechasi ham ishlashiga koʻp erkaklar ruxsat berishmaydi", - deydi ismini oshkor qilishni istamagan ginekolog erkak.

Biroq Yunusobod tumani imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov ayol kishi doyalik qilishi kerak boʻlsa, eri uni ishdan qaytarishga haqqi yoʻqligini aytadi. Islomda eri qaytarishi mumkin boʻlmagan xizmatlar bor. Shulardan bittasi doyalik.

"Chunki farzi kifoya u. Ayollarga bu xizmat kerak boʻladi. Qishloqda doya yoʻq, ayol doyalik qilaman, desa eri uni qaytara olmaydi. Farzi kifoya boʻlib turibdi. Mana shu narsa ayollarga xos boʻlgan narsa. Har qayerdan izlasa ayollardan doya topiladi. Shuning uchun erkak kishining doya boʻlishi musulmonchilikka koʻp ham toʻgʻri kelavermaydi. Uyat boʻladi, bu sharmandagarchilik masalasi hisoblanadi. Shuning uchun bundan buyogʻiga bolalarni oʻziga xos oʻqishlarda oʻqitaylik, doyalikni ayollarga qoʻyib beraylik", - deydi u.

Erkak ginekologning aytishicha, ayollarning diniy va milliy qarashlaridan kelib chiqib ularning tanlovini ham hurmat qilish kerak.

"Turmush oʻrtogʻimga faqat ayol kishi doyalik qilsin yoki ayol kishining qoʻl ostida tugʻaman deydiganlar boʻladi. Oʻzim statsionarda ishlagan kezlarimda bu kabi hollatlarga duch kelardim. Bu tanlovga hurmat bilan qarayman. Agar biror ayol tugʻiriq jarayonida erkak kishi qarashini istamasa unga ayol shifokor qaraydi. Viloyatlardagi tumanlarda bu borada ahvol qandayligini bilmayman, ammo Toshkent shahrida bu talab bajariladi", - deydi ginekolog.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring