Sankt-Peterburg metrosida portlash, qurbonlar bor

portlash Image copyright youtube/amsheegar sd

Rossiyaning Sank-Peterburg metro bekatida portlash roʻy bergan. Ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgan suratlarda pachoqlangan vagon va yerda yotgan odam tanalari koʻringan. Sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻra, 10 kishi halok boʻlgan, 47 odam jarohatlangan. Ularning oltitasi ogʻir ahvolda shifoxonada qolmoqda.

Portlash "Texnologicheskiy institut"ida boʻlgan.

Peterburg metropoliteni matbuot xizmati metro vagonida portlash boʻlganligini tasdiqladi. Daslabki maʼlumotlarga koʻra, "nomaʼlum predmet" portlagan.

Halok boʻlgan borasida rasmiy maʼlumot yoʻq. TASS agentligi oʻz manbasiga tayanib 10 kishi nobud boʻlganini yozmoqda. RIA Novosti ham oʻz manbasiga tayanib shuncha odam halok boʻlganini aytmoqda.

Portlash natijasida 30 odamning jarohatlangani aytilmoqda. Ayrim xabar nashrlariga koʻra, jarohatlanganlarning ichida yosh bolalar ham bor.

Interfaks agentligi manbasining aytishicha, portlagan narsa qoʻlbola portlovchi qurilma va u sanchiluvchi elementlarlar bilan toʻldirilgan boʻlishi mumkin.

Ayrim xabarlarda "Sennaya ploshchad" bekatida ikkinchi portlash ham boʻlgani aytilmoqda

Sankt-Peterburgdagi barcha metro stantsiyalari yopib qoʻyilgan.

Shaharda yarim million atrofida oʻzbekistonlik mehnat qiladi. Oʻzbekistonlik migrantlarning soni koʻpligi boʻyicha Peterburg Moskvadan soʻng ikkinchi oʻrinda turadi.

Soʻnggi marotaba Moskva shahridagi metroda 2010 yili portlash sodir boʻlgan edi. Oʻshanda 45 daqiqalik farq bilan "Lubyanka" va "Park kultury" bekatlarida portlovchi qurilma ishga tushgan.

Ikki portlash natijasida 41 odam halok boʻlgan va 88 kishi jarohatlangandi.

Xabar toʻldirilib boriladi.

Agar siz voqea joyida boʻlsangiz bizga Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishingiz mumkin. Telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bundan tashqari Facebook va Odnoklasniki orqali BBC Uzbek ni topib bizga guvoh boʻlganlaringizni bildiring.