"Televideniyeda tanqid kerakmi? Unda jurnalistlar himoya qilinsin"

Prezident tanqidiy xabarlarni talab qilmoqda
Image caption Prezident tanqidiy xabarlarni talab qilmoqda

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbatdagi majlisida Oʻzbekiston televideniyesini tanqid qildi va tizimni oʻzgartirish kerakligini taʼkidladi. Majlisda ishtirok etgan "Kun.uz" manbasining maʼlumot berishicha, Mirziyoyev bu sohada ahvol "eski hammom, eski tos" boʻlib qolayotgani aytilgan. U, shuningdek, "Oʻzbekiston" va "Yoshlar" telekanali nomlarini tilga olgan va faqat yutuqlar olqishlanishi toʻxtatilishi kerakligiga ishora qilgan.

"Ura-urachilik zamoni oʻtdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam koʻrsatuvlarni sogʻinib kutishi kerak. "Axborot" koʻrsatuvini oʻzgartirishimiz kerak", - degan prezident.

Ammo, televideniyeda bunday oʻzgartirishlar qilinishi hozirda qanchalar imkonli? BBC bu savol bilan oʻzbekistonlik mustaqil jurnalistga murojaat qildi. Jurnalistning ismi-sharifi uning oʻz xavfsizligi borasidagi xavotirlari tufayli ochiqlanmaydi.

Mustaqil jurnalist: Prezidentning aytgan gapi toʻgʻri, televideniyeda tanqidiy materiallar boʻlishi kerak, albatta. Chunki, biz bilamiz, hozirgi Oʻzbekiston televideniyesida asosan ijobiy xabarlar beriladi. Hatto "Axborotni" xalq "Jannatdan xabarlar" deb ataydi. Lekin, holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi. Televideniye yaxshi boʻlishi uchun soʻz erkinligi boʻlishi kerak. Buni nafaqat konstitutsiyamizda, balki hayotda ham koʻrishimiz kerak. Fidoyi odamlar bor, albatta. Televideniyeni haqiqatdan ham rivojlantirish uchun bunga kimdir qattiq bel bogʻlagan boʻlishi kerak, qoʻrqmasligi kerak. Agar bularga erishilsa, televideniyemiz ham rivojlanadi.

BBC: Tanqid haqida gap ketganda, aynan qaysi sohalarni tanqid qilsa boʻladi? Tanqid qilib boʻlmaydigan ham sohalar bor, shunday emasmi?

Mustaqil jurnalist: Toʻgʻri, va buni rahbariyat ham bilishi kerak. Balki oʻz majlislarida ular oʻzaro turli mavzularni bahslashib, aynan qaysi mavzularga hozirda asosiy eʼtiborni qaratishimiz mumkin deb, shu mavzularni ustivor qilishsa boʻlar. Qolgan mavzularga keyinroq eʼtibor berish mumkin. Sharoitlarga ham qarash kerak-da, chunki har doim "demokratiya kerak, soʻz erkinligi kerak" deymiz, lekin biron bir odam yoki jurnalist qaysidir mavzu boʻyicha gapirsa, ertaga kimdir qoʻngʻiroq qiladi va bu odam ishidan ketadi. Albatta, odam qoʻrqadi. Shuning uchun, ehtiyotkorlik bilan, bosqichma-bosqich buni amalga oshirish kerak deb oʻylayman.

BBC: Oxirgi oylarda virtual qabulxona ochilishi bilan Oʻzbekiston xalqi orasida tanqid madaniyati uygʻongandek boʻldi, garchi bora-bora shikoyatlar mahalliy hokimiyatlarga qaytarilib, odamlarning hafsalasi pir boʻlgan boʻlsa-da. Oʻzbekistonda televideniye mana shu tanqid madaniyatini rivojlantirishda ilgʻor rol oʻynay oladimi?

Mustaqil jurnalist: Bunga vaqt kerak deb oʻylayman, chunki mana shu virtual qabulxona degan narsa oʻtgan yilgacha hech boʻlmagan. Hozir endi bunga oʻrganib qolishdi, oramizda ham kulgu bilan "virtual qabulxonaga yozaman" deb tahdidlar qilyapmiz. Lekin, bu oson vazifa emas. Chunki 25 yildan ortiq davr mobaynida odamlar oʻz fikrlarini erkin izhor qila olmaganlar va bunga bogʻliq tuygʻular hali ham mavjud. Televideniyedagi odamlar ham shu odamlar, shu xalq vakillari. Lekin, ularning xavfsizligiga kafolat bormi? Mana bugun Mirziyoyev televideniyeni tanqid qildi. Lekin, agar u yana bir farmon bilan bugundan televideniyega yangicha qudrat va vakolatlarni bersa, balki shunda boshqacha qarashlar shakllanar?

BBC: Tanqid talab qilinyapti ekan, lekin tanqidning oʻzi prezidentning oʻziga yo maʼmuriyatiga borib taqaladi. Aytaylik, bugunda eng dolzarb mavzulardan biri milliy valyutaning erkin konvertatsiya qilinishi mavzusi. Shu mavzuni tadbirkorlar televideniyega chiqib ochiqcha gapirishni boshlashsa, ular juda katta davlat siyosatini tanqid qilgan boʻladilar. Buni qanday hal qilish mumkin?

Mustaqil jurnalist: Hali aytganimdek, baʼzi mavzular - xavfli mavzular. Hukumat bir yaxlit, bir odam emas. Hukumatda ham har xil odamlar bor. Mirziyoyev liberallashuv haqida gapirar ekan, hukumatdagi boshqa shaxslar bunga yoʻl qoʻyib berarmikan? Shuni ham oʻylash kerak. Mirziyoyevning oʻzi ham shu paytlarda ehtiyot boʻlishi kerak, chunki uning demokratiya va liberallashuv borasidagi daʼvatlari ayrim kuchlarga yoqmasligi mumkin.

BBC: Prezident "Axborot" koʻrsatuvini oʻzgartirishni taklif qilibdi. "Axborot" sovet davridagi "Vremya"dan farq qilmaydi aslida. Uni qanday oʻzgartirish mumkin? Yoki butunlay yopib, boshqa narsa kashf etish kerakmi?

Mustaqil jurnalist: Yoʻq, menimcha, uni yopish kerak emas, faqat undagi mavzularni oʻzgartirsa boʻladi. Ijobiy lavhalar qilavermasdan, dolzarb mavzularni ham tahlil qilish kerak. Biz hozircha CNN yo BBCchalik dasturlar tayyorlay olmasak kerak, lekin hech boʻlmasa texnik darajasi yuksak boʻlgan Rossiya kanallaridan oʻrgansak boʻladi. Lekin, muammo dasturning texnik tomonida emas. Eng asosiy muammo uning tarkibi va mazmunida. Agar mazmunini oʻzgartirsak, agar "Axborot" jannatdan xabarlar uzatmay, Oʻzbekistondagi xabarlarni uzatsa, oʻshanda odamlarda haqiqatdan ham "Axborotni koʻraylik, nima boʻlyapti, qanday muammolarimiz bor ekan, hukumat nimalarni hal qilyapti?" degan qiziqish paydo boʻladi.

BBC: Islom Karimov ham oʻz prezidentligi davrida bir necha bor tanqidiy lavhalar qilinishiga chaqirgan, ammo eski hammom, eski tos saqlanib qolgandi. Bu safar ham shunday boʻladimi yoki oʻzgaradi deb oʻylaysizmi?

Mustaqil jurnalist: Shunday boʻlib qolishi mumkin, lekin hozircha aniq bilmaymiz. Yangi prezident hukumat tepasiga kelganiga hali 100 kundan sal oshdi. Umidimiz hali bor. Oldimizdagi 2-3 yil davomida biron bir oʻzgarishlar boʻlmasa, balki yana oʻsha turgʻun ahvolga qaytamiz. Lekin, hozirda qandaydir oʻzgarishlar shabadasi bor hamma joyda. Facebookdami, yoki Oʻzbekistondagi bozorlardami, odamlar baribir ijobiy oʻzgarishlarga ishonyaptilar. Yaxshilikka ishonish bu inson tabiatida bor narsa. Hozircha bu bor, lekin 2-3 yil davomida sharoit oʻzgarmasa, menimcha, yana quruq gapga qaytgan boʻlamiz.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring