Toshkent-Dushanbe parvozi yana qoldirildi

uchoq

4 aprel kuni parvoz qilishi kerak boʻlgan Toshkent-Dushanbe uchogʻi yoʻlovchi kamligi sabab bekor qilindi. Bu haqda BBCga "Oʻzbekiston havo yoʻllari" avia shirkati matbuot kotibi maʼlum qildi.

Chorak asrda ilk bor Toshkentdan Dushanbega uchishi kerak boʻlgan uchoq parvozi nomaʼlum muddatga qoldirildi. Chipta olganlarning puli qaytariladi.

"Etarli yoʻlovchi yigʻilmadi. Qancha odam chipta olgani haqida maʼlumot yoʻq, lekin kerakli yoʻlovchi yuklanmadi. Chiptalar yaxshi sotilmadi. Chipta olganlarning puli aviakassalarimiz orqali qaytarib beriladi", - deydi "Oʻzbekiston havo yoʻllari" matbuot kotibi Feruza Qurbonova.

Uning bildirishicha, keyingi parvozning ham amalga oshishi savol ostida.

"Qatnovga oʻrta magistralda uchadigan Airbus samolyotlari qoʻyilgan. Unda kamida 100 dan toshiq pasajir boʻlishi kerak. Bu eng kichkina samolyotimiz. Il u yerga ucholmaydi. Dushanbe oʻrta magistralь hisoblanadi", deydi Feruza Qurbonova.

Shirkat haftada ikki marta - seshanba va shanba kunlari Toshkent-Dushanbe-Toshkent parvozlarini amalga oshirishni rejalashtirgan.

Reys amalga oshmaganiga qaramasdan Dushanbe shahrida "Oʻzbekiston havo yoʻllari" shirkatining rasmiy vakolatxonasi ochilish marosimi boʻlib oʻtgan.

Avesta xabar agentliging maʼlum qilishicha ochilish marosimida Oʻzbekistonning Tojikistondagi elchisi Shoqosim Shoislomov ham ishtirok etgan. U ikki poytaxt oʻrtasida parvozlarning amalga oshmayotganini siyosiylashtirmaslik kerak degan.

"Qorongʻu xonada qora mushukni izlash kerak emas. Bu masalani siyosishlashtirmang", - degan u.

Oʻzbek elchisi bir tomonga uchish chipta narxlari - 145 dollar qimmat ekanligini ham aytgan. Unga koʻra, Toshkent-Dushanbe-Toshkent reysi nafaqat biznesmen va amaldorlarga, yualki oddiy odamlar uchun ham boʻlishi kerak.

"Oʻzbekiston havo yoʻllari" avia kompaniyasi matbuot kotibi Feruza Qurbonova BBC bilan suhbatda narxlar havodan olinmasligini aytdi.

"Bizda taʼriflarni belgilaydigan departament bor. Ular hamma narsani hisobga olib chiptalarning narxini qoʻyadi. Bunaqa baland narx oʻz-oʻzidan qoʻyilmaydi", - dedi u.

Shu yilning 20 fevral kuni Tojikistonning "Somon Eyr" (Samon Air) aviashirkatining ilk uchogʻi Oʻzbekiston poytaxtiga parvoz qilishi eʼlon qilingan, yoʻlovchilarga chiptalar sotilgan, biroq parvoz amalga oshmagan edi.

Buning sababi Oʻzbekiston va Tojikiston tarafi parvozga bogʻliq texnik jihatlar puxta yoʻlga qoʻyilmagani, bunga masʼul boʻlgan "Somon Eyr"ning masʼul rahbari ishdan boʻshatilgani xabar qilindi.

Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi aviaparvozlar 1992 yili Tojikistondagi fuqarolar urushi bois toʻxtatib qoʻyilgan edi.

Ikki mamlakat poytaxtlari yoki yirik shaharlari oʻrtasida aviaqatnov yoʻlga qoʻyilishini ham Oʻzbekiston va ham Tojikistonda koʻpdan buyon orzu qilishadi.

Toshkent va Dushanbe parvozlari qayta yoʻlga qoʻyilishi mumkinligi haqidagi xabarlar 2015 yil ham tarqalgan edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq