Rossiyadagi portlashda oʻzbekistonlik ham jarohatlangan

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Tasvirlarda portlashdan soʻnggi ilk daqiqalardan yoʻlovchilarning vagonlarni tark etayotgani aks etgan

(Tasvirlarda portlashdan soʻnggi ilk daqiqalardan yoʻlovchilarning vagonlarni tark etayotgani aks etgan)

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashda 70 ga yaqin jarohat olganlarning orasida Oʻzbekiston fuqarosi ham bor. Uning holati borasida toʻliq maʼlumot yoʻq, lekin hozir shifoxonada qolmoqda. Qurbon boʻlgan 14 kishining ichida Qozogʻiston fuqarosining shaxsi aniqlangan.

Sankt-Peterburg meri jarohatlangan orasida Oʻzbekiston, Tojikiston va Belarus fuqarolari ham borligini maʼlum qilgan.

Rossiya Favqulotda holatlar vazirligi jarohatlanganlarning roʻyxatini chop qilgan. Unda 1973 yilda tugʻilgan Xojiakbarov Shurikjon Muhammatovich, 20 yashar Tursunov Umar Ilxanovich va 24 yoshli Nuriddin Meliboyevlarning ismlarini koʻrish mumkin.

Halok boʻlganlar orasida qozogʻistonlik Maksim Arishevning shaxsi aniqlangan. Oldinroq u bedarak yoʻqolganlar sirasida edi.

14 kishining hayotiga zomin boʻlgan Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni asli qirgʻizistonlik va keyinchalik Rossiya fuqarosini olgan Akbarjon Jalilov amalga oshirgan boʻlishi mumkin. Bu haqda Qirgʻiziston Davlat milliy xavfzsizlik qoʻmitasi maʼlum qilgan. Qoʻmita portlashlarni aynan Jalilov uyushtirgani borasida biror dalil bermagan.

Qirgʻiz xavfsizlik xizmatining maʼlum qilishicha, bombani 1995 yili Oʻshda tugʻilgan Akbarjon Akramjonovich Jalilov portlatgan boʻlishi mumkin. BBC qoʻmitadan bu borada dalillar haqida soʻraganda, savolga javob berishdan bosh tortdi.

"Biz barcha maʼlumotni oshkor qildik. Undan boshqa hech narsa deyolmayman", - degan Qirgʻiziston Davlat xavafsizlik qoʻmitasi matbuot xizmati vakili.

Image copyright Reuters
Image caption Prezident Putin hodisa yaqinidagi xotira burchagiga qoʻl qoʻygan

Oldinroq Sankt-Peterburgning "Pyaty kanal" telekanali metroda portlash uyushtirgan deya Akbarjonning suratini eʼlon qilgandi.

"Izquvarlarning fikricha, aynan u 2017 yilning 3 aprel kuni "Sennaya ploshchad" metro bekatidan "Texnologicheskiy institut" bekatiga yoʻnalgan poyezd vagonida qoʻlbola portlovchi qurilmani ishga tushirgan. Politsiyaga koʻra, u bundan oldinroq "Ploshchad vosstaniya bekatida qoʻlbola bombani qoʻyib ketgan", - deb yoziladi xabarda.

Rasmiylar Akbarjon Jalilovning xudkushchi boʻlgani borasidagi xabarlarni tasdiqlamagan. Qirgʻiz xavfsizlik xizmati surishtiruv ishlari uchun rossiyalik hamkasblari bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirgan.

Image copyright AFP/Getty Images
Image caption Pachogʻi chiqqan poyezd "Texnologicheskiy institut" metro bekatida toʻxtagan

Sankt-Peterburg meri shaharda uch kunlik motam eʼlon qilgan.

Portlash vaqti Sankt-Peterburgda boʻlgan Prezident Vladimir Putin kechga yaqin portlash joyiga borgan va gul qoʻygan.

Rossiya tergovchilari portlashga doir koʻp maʼlumot berishmagan. Portlashlarni hozircha biror guruh oʻz zimmasiga olgani yoʻq.

Portlash ortidan AQSh Prezidenti Donald Tramp Putinga qoʻngʻiroq qilib hamdardlik bildirgan. U adolatning qaror topishi uchun "barcha dastakni" berishini aytgan.

"Ikki prezident Tramp va Putin terrorizm qatʼiyat bilan va tezlikda bartaraf etilishi kerakligini taʼkidlagan", - deyiladi Oq uy maʼmuriyati chiqargan bayonotda.

Germaniya kantsleri Angele Merkel portlashni "varvarlarcha harakat" degan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Tibbiy yordam xodimlari metro bekati tepasida jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordamni koʻrsatgan

(Tibbiy yordam xodimlari metro bekati tepasida jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordamni koʻrsatgan)

Ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgan suratlarda pachoqlangan vagon va yerda yotgan odam tanalari koʻringan.

Dastlabki xabarlarda har ikki "Sennaya ploshchad" va "Texnologicheskiy institut" metro bekatlarida portlash boʻlganligi aytildi.

Biroq keyinchalik Rossiya Aksil-terror qoʻmitasi ikki stantsiya oʻrtasida ketayotgan poyezdda, mahalliy vaqt bilan soat 14:30 da bir marta portlash boʻlganligini tasdiqladi.

4 aprelga kelib Sankt-Peterburgdagi metro faoliyati qayta yoʻlga qoʻyilgan.

Shaharda yarim million atrofida oʻzbekistonlik mehnat qiladi. Oʻzbekistonlik migrantlarning soni koʻpligi boʻyicha Peterburg Moskvadan soʻng ikkinchi oʻrinda turadi.

Soʻnggi marotaba Moskva shahridagi metroda 2010 yili portlash sodir boʻlgan edi. Oʻshanda 45 daqiqalik farq bilan "Lubyanka" va "Park kultury" bekatlarida portlovchi qurilma ishga tushgan.

Ikki portlash natijasida 41 odam halok boʻlgan va 88 kishi jarohatlangandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring